Mamarizo Nurmurodov: Budjet xarajatlarining yuqori darajada oshishi inflatsiyaga ham ta’sir qiladi

Iqtisodiyot 18:10 / 25.04.2024 11180

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov davlat budjeti taqchilligi oshib borayotganiga munosabat bildirdi.

Avvalroq xabar berilganidek, davlat budjeti defitsiti 2024 yilning I choragida salkam 20 trln so‘mga yetgan.

Mamarizo Nurmurodov 25 aprel kungi matbuot anjumanida jurnalistlarning bu yil ham taqchillik belgilangan 4 foizlik chegaradan oshib ketsa, Markaziy bankning qanday instrumentlari borligi haqidagi savoliga javob berdi.

Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, budjet xarajatlarining yuqori darajada oshishi monetar ko‘rsatkichlarga, makroiqtisodiy barqarorlik va inflatsiyaga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

“Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak, inflatsiyani pasaytirish – hamma iqtisodiy idoralarning oldidagi birinchi vazifa. O‘z-o‘zidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomondan hamma harakatlar qilinyapti. Har haftada kamida bir marta bu masalalarni muhokama qilamiz. Xavotirlar o‘rinli. Birinchi chorakda shakllangan defitsit yana davom etishi mumkinmi? Birinchi chorakda asosan daromadlar tushishi va xarajatlar oshishi biroz yuqori bo‘ladi. Bu yil ham shu tarzda shakllandi. Hukumatning hamma harakati defitsitni bu yil 4 foiz darajada ushlab qolishga qaratilgan.

Markaziy bankda defitsitni va ma’lum xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha hech qanday instrument yo‘q”, – dedi Mamarizo Nurmurodov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank bu masala yuzasidan xavotirlarini hukumatga kiritib boradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati oxirgi 4 yildan buyon yil boshida ruxsat berilganidan ko‘ra ko‘proq xarajat qilyapti.

Xususan, o‘tgan yili konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari daromadlardan 59 trln so‘m yoki 5 mlrd dollardan ko‘proqqa oshib ketdi. Davlat xarajatlarining keskin oshishi va daromadlarning mutanosib tarzda o‘smagani oqibatida budjet taqchilligi rejadagidan salkam 2 barobarga oshib ketib, YaIMga nisbatan 5,5 foizni tashkil etdi.

2024 yil uchun davlat budjeti haqidagi qonun bilan, joriy yilda konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti 52,6 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4 foiz darajasida chegaralangan.

Osiyo taraqqiyot banki ekspertlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024 yilga reja qilingan tarkibiy islohotlar va ijtimoiy xarajatlarning ko‘payishi fiskal konsolidatsiya va budjet taqchilligini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni cheklashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: