Bir qator hokimliklar yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan «Mehr daftari» jamg‘armasi mablag‘larini yangi avtomashinalar sotib olishga sarflayotgani haqida xabar berilgandi. Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hokimliklari holatga izoh berdi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqovga ko‘ra, davlat xaridlari portalida ma’lumotlarni ko‘rsatishda texnik xatolik yuz bergan bo‘lishi mumkin.
«Ushbu holatda texnik xatolik yuz bergan bo‘lishi mumkin. Viloyat hokimligi xarid qilgan gibrid transport vositalari prezidentning 2022 yil 19 dekabrdagi (PQ-443) qarori asosida xalq deputatlari viloyat kengashining 2024 yil 16 fevraldagi K/24-sonli qarori qabul qilinib, unga asosan mahalliy budjetning 2024 yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan xarid qilingan. Ya’ni avtomobillar xaridi uchun «Mehr daftari» jamg‘armasidan mablag‘ o‘tkazilmagan.
Ushbu avtomobillar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-sonli «Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan me’yorlar amal qilgan holda xarid qilingan», deyiladi hokimlik izohida.
Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan ham munosabat e’lon qilindi. Unda ham «Mehr daftari» jamg‘armasi mablag‘lari elektromobil sotib olish uchun ishlatilgani rad etiladi.
«Ular davlat xaridlari portalida ma’lumotlarning noto‘g‘ri ko‘rsatilishini saytdagi kamchilik bilan bog‘ladi va tez orada kamchilik to‘g‘rilanishiga umid bildirdi.
Buxoro viloyati hokimining 2023 yil 14 dekabrdagi farmoyishiga asosan, viloyat mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 (bir) dona BYD Song Plus Champion rusumli elektromobil xarid qilish bo‘yicha davlat xaridlari elekron portali orqali g‘olib «CHINA GROUP» MChJ bilan 412 mln so‘mga shartnoma imzolanib, avtomashina xarid qilingan. Ya’ni ushbu xarid belgilangan tartibda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida amalga oshirilgan va bunda «Mehr daftari» jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanilmagan», deyiladi Buxoro viloyati hokimligi izohida.