Markaziy Osiyodan kelgan 7 nafar fuqaro hibsga olinganidan to‘qqiz oy o‘tib, ularga ayblov e’lon qilindi. Ular Germaniyada terrorchilik guruhi tuzgan va teraktlar rejalashtirgan, deya ma’lum qildi Karlsrue federal prokuraturasi 24 aprel, chorshanba kuni Dyusseldorfdagi oliy mintaqaviy sudda ularga ayblov qo‘yib. Katta ehtimol bilan, ayblanuvchilar yaqin orada sudga olib kelinadi.
Markaziy Osiyodan kelganlar xorijdagilar uchun pul yig‘gan
Yetti kishidan olti nafari Germaniya ichida terrorchilik guruhini tuzish, shuningdek, IShID terrorchilik tashkilotini qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda. Bundan tashqari, hibsga olingan besh kishi Germaniya tashqi savdo qonunini buzgani bo‘yicha gumon qilinmoqda. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ular IShID uchun pul yig‘ib, xorijdagilarga bir necha ming yevro o‘tkazgan.
2023 yil iyul oyida Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal shtatida besh nafar Tojikiston, bir nafar Qirg‘iziston va bir nafar Turkmaniston fuqarosi qo‘lga olingan va o‘shandan beri hibsda saqlanmoqda. Hibsga olingan paytda ular 20 yoshdan 46 yoshgacha bo‘lgan.
Markaziy osiyolik muhojirlar Germaniyaga Ukrainadan kelgan
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar bir-birini uzoq vaqtdan beri tanigan va radikal qarashlarga ega bo‘lgan. 2022 yil bahorida Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, ular «deyarli bir vaqtning o‘zida» bu mamlakatdan Germaniyaga jo‘nab ketgan va u yerda hozirda Niderlandiyada sud qilinayotgan boshqa gumondorga qo‘shilgan. Ular Germaniya va boshqa G‘arbiy Yevropa davlatlarida teraktlar sodir etilishi mumkin bo‘lgan joylarni o‘rgangan, deya ta’kidlaydi departament.
Bu guruh a’zolari IShIDning Afg‘oniston bo‘limi vakillari bilan aloqada bo‘lgan. Shuningdek, ular hujumlarni amalga oshirish uchun pul va qurol topishga harakat qilgan. Shu bilan birga, hibsga olingan paytda ular hali «hujumning aniq rejasi»ga ega emas edi, deya ma’lum qildi Karlsruedagi mahkama.
IShIDning Afg‘oniston bo‘limi, jumladan, Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zaliga uyushtirilgan va 130 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Germaniya xavfsizlik idoralariga ko‘ra, hozirda bu guruh hujumlar uchun eng katta xavf tug‘dirmoqda. Kyoln va Venada teraktlarni rejalashtirishda gumon qilingan va shu yil boshida ushlangan bir qancha gumonlanuvchilar ham ushbu guruhga aloqador bo‘lgan.