Ukrainada urushning 791-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga harbiy yordam to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Reuters xabariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga katta masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalarini maxfiy ravishda yetkazib bergan. Ukraina qurolli kuchlari allaqachon ularni Qrimdagi aerodromga zarba berishda qo‘llagan.
«Vajniye istorii» jurnalistlariga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov davlatga xiyonatda gumonlanmoqda.
Davlat dumasida diversiya to‘g‘risidagi modda bo‘yicha qamoq muddatini 35 yilgacha oshirish taklif etildi. Hukumat buni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Konstantin Kochanov Moskva ko‘chalarida bir necha xoch suratlarini chizgan. Tergov izolyatorida unga davlatga xiyonatda ayblash bilan tahdid qilingan. Ammo tergovchining xatosi tufayli u Rossiyani tark etishga muvaffaq bo‘lgan.
Ukraina QK zarbdor dronlar rotasi
Qo‘sh ataman Ivan Sirko nomidagi 92-alohida shturm brigadasi tarkibida CODE 9.2. nomli pilotsiz uchar qurilmalar rotasi harakatlanadi. U RF qo‘shinlarining Ukrainaga bosqini boshlanishidan ko‘p o‘tmay tashkil etilgandi. Hozirda rota jangchilari Rossiya qo‘shini oldinga yurishga harakat qilayotgan Donetsk oblastida xizmat qilmoqda. CODE 9.2. ishi tasvirlangan fotosuratlar 24 aprel kuni olingan.
Kupyansk atrofidagi ukrain artilleriyachilari
Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahri atrofida ham ukrainalik harbiylar Rossiya armiyasi hujumlarini qaytarmoqda. Ular orasida knyaz Roman Velikiy nomidagi 14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi ham bor. Ukraina QKning bu bo‘linmasi 2015 yilda tashkil etilgan va Donetsk oblastidagi jangovar topshiriqlarni bajarib, janglarda kamida 76 jangchisidan ayrilgan. 2024 yil fevralida 14-alohida mexanizatsiyalashgan brigadaning qo‘mondonlik punktiga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tashrif buyurgandi. «Barcha ukrainlar, butun Ukraina nomidan siz har kuni shunday hajmdagi ishlarni amalga oshirayotganingiz, davlatni, oilalarimizni, mustaqilligimizni, suverenitetimizni himoya qilayotganingiz uchun rahmat», — degandi u jangchilarni mukofotlar bilan taqdirlar ekan.
Ukrain artilleriyachilarining Chasiv Yar atrofidagi pozitsiyasi
Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahrini ham egallashga harakat qilmoqda — bu frontning mazkur uchastkasidagi strategik muhim nuqta sanaladi. The Wall Street Journal nashri 24 aprel kuni shahardagi ukrain mudofaachilari nimalar bilan to‘qnashishiga to‘g‘ri kelayotgani haqida material e’lon qilgan. Nashrning yozishicha, ukrainalik harbiylar ittifoqchilardan, birinchi navbatda AQShdan umid qilmoqda, ushbu mamlakat kongressi yarim yil o‘tib baribir Ukraina uchun harbiy yordam paketini ma’qulladi. Ammo, nashrga intervyu bergan harbiy ekspert, iste’fodagi avstraliyalik general-mayor Mik Rayanning aytishicha, shahar uchun olib borilgan ko‘p oylik janglar, xuddi Baxmut bilan bo‘lgani kabi, Ukraina uchun Rossiyaga qaraganda qimmatroqqa tushadi. Uning hisoblashicha, Ukraina hukumati «ayrim murakkab siyosiy qarorlar»ni qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. «Siz hududni ushlab turasiz va ko‘plab hayotlarni qurbonlik qilasizmi? Yoki hududdan voz kechib, armiyani saqlab qolasizmi? Ular shunday pozitsiyada turibdi», — deb hisoblaydi u.
Okkupatsiya ostidagi Mariupolda qurilish ishlari
Rossiya qo‘shini Mariupolni 2022 yil bahorida egallagandi. Shahar uchun janglar vaqtida binolarning 90 foizi vayron bo‘lgan, minglab mariupolliklar halok bo‘lishgan. RF hukumati Mariupolda keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlagan. Huquq faollari hisoblashicha, qurilish ishlari davomida harbiy jinoyat izlari yo‘q qilinmoqda.
Sankt-Peterburgda qurollar ko‘rgazmasi
Sankt-Peterburgda 23-25 aprel kunlari «Ekspoforum» markazida xavfsizlik masalalari bo‘yicha XII xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. RF Xavfsizlik kengashi ma’lumotiga ko‘ra, unda 106 mamlakat vakillari ishtirok etmoqda.