APLda chempionlik poygasi. «Liverpul» kurashdan chiqmoqda

Sport 10:58 / 25.04.2024 11532

Klopp jamoasi derbida «Everton»ga yutqazdi

«Everton»  «Liverpul» 2:0
Gollar: Brentueyt (27), Kelvert-Lyuin (58). 
«Everton» – Pikford, Godfri, Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko (Yang, 46), Harrison, Guyye (Onana, 75), Dukure, Garner, Kelvert-Lyuin (Shermiti, 90+4), Maknil.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold (Gomes, 84), van Deyk, Konate (Kuansa, 63), Roberson (Tsimikas, 84), Soboslai (Endo, 63), Mak Allister, Jons (Elliott, 63), Saloh, Dias, Nunes.
Ogohlantirishlar: van Deyk (37), Dias (90+3). 

«Everton» Chempionshipga tushib ketish xavfi ostida qolgandi. U holda APL Liverpul derbisidan mahrum bo‘lib, ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lardi. Shon Daych jamoasi navbatdagi og‘ir mavsumni o‘tkazdi – o‘yinlardan tashqari FA qaroriga ko‘ra ham muntazam ochko yo‘qotdi, ammo «Liverpul»ga qarshi kechgan o‘yin «Everton» muxlislarining kayfiyatini ko‘tardi.

Birinchi bo‘limning 30 daqiqasi davomida maydonda «Liverpul»ning borligi sezilmadi. Va bu o‘tgan turdagidan farqli o‘laroq, Muhammad Saloh ham, Darvin Nunes ham, Aleksis Mak Allister va Dominik Soboslai ham boshlang‘ich tarkibda tushganida ro‘y berdi. Oltinchi daqiqadayoq hakam «Everton» foydasiga penalti belgiladi, ammo vaziyatga VAR aralashib, ofsayd qayd etdi. Ko‘p o‘tmay Dominik Kalvert-Lyuin qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, bu esa ajablanarli emas (u APLda bu mavsumda xG bo‘yicha vaziyatlardan foydalanishda eng yomon futbolchi).

Va 27-daqiqada «Everton» «Liverpul» jarima maydoni ichida yuzaga kelgan talato‘p va rikoshetlardan foydalanib baribir hisobni ochdi. Jarima zarbasi ijro etilishi davomida Ben Godfri zarba berdi – to‘pni Endryu Roberson to‘sdi, ammo jarima maydoni ichidan qaytib chiqayotganida to‘p Kertis Jonsga tegib Aleksis Mak Allister tomonga bordi, u esa to‘pni uzoqlashtira olmay, uni Jyerred Brentueytning oyoqlari ostiga tashlab berdi, himoyachining zarbasi qadar kuchli chiqmagan bo‘lsa-da, Alisson uni to‘xtata olmadi.

Faqat shundan keyingina «Liverpul» uyg‘ondi. Amalda bu o‘yin Yurgen Kloppning bu mavsumidagi boshqa o‘yinlaridan u qadar farq qilmaydigan tarzda boshlangandi. Jamoa bu mavsumda hisobda ortda bora turib qo‘lga kiritilgan ochkolar soni bo‘yicha yaqqol yetakchi bo‘lib turibdi. Bo‘limning ikkinchi qismida Salohda yaxshi, Nunesda esa juda qulay vaziyat yuzaga keldi. Ammo uning zarbasi Jordan Pikfordning o‘ziga bordi.

Bo‘lim oxirida esa Luis Dias ham qulay pozitsiyada turib to‘pni Pikfordga qarata tepdi. 

Umuman olganda, ushbu darvozabon birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham bir necha bor qutqardi. Angliya milliy jamoasi darvozaboni –  «Arsenal» vakili David Rayyaga «oltin qo‘lqop» (u Angliya chempionatida eng ko‘p quruq o‘yinlar o‘tkazgan darvozabonga beriladi) uchun kurashdagi yagona raqobatchi.

«Liverpul» vaziyat ortidan vaziyatlarni yo‘qqa chiqararkan (Salohning o‘zi o‘yin davomida yetti bor zarba berdi), mezbonlar vaqt cho‘zishga o‘tishdi va to‘pni jarima maydoni atrofidan uzoqlashtirish bilan shug‘ullanishdi. 58-daqiqada esa «Everton» ikkinchi bor darvozani ishg‘ol etdi. Va buni mavsum omadsizidek ko‘rinayotgan Kalvert-Lyuin amalga oshirdi. Hujumchi bosh bilan olis burchakni aniq nishonga oldi. Hatto u ham gol urar ekan, raqib bunday o‘yinni yutishi qiyin edi.

«Liverpul» javob qaytarishga harakat qildi, Diasning zarbasi ustunni titratdi, Klopp futbolchilarni almashtirish orqali o‘yinda burilish yasashga urinib ko‘rdi, ammo hisob o‘zgarmay qoldi –  0:2. Bu chempionlik ambitsiyalari uchun katta zarba.

  • «Everton» «Liverpul»ni uyda so‘nggi bor uzoq 2010 yilda mag‘lub etgandi – o‘shanda ham 2:0 hisobida. Tim Keyhill hisobni ochgan, «Arsenal»ning bo‘lajak bosh murabbiyi Mikel Arteta hisobdagi farqni oshirgan. 
  • Shundan keyin «Everton» APL doirasidagi 12 ta uy o‘yinida qo‘shnilarni mag‘lub eta olmadi (9 durang va 3 mag‘lubiyat). 
  • «Everton» «Liverpul»ga 2021 yildan buyon ilk bor gol urdi. Bunga qadar to‘rtta o‘yinda ikki jamoa ham darvozaga yo‘l topa olmagan – 0:0 va uchta o‘yinda 0:2 hisobida yutqazgan. Uzoq kutilgan uy g‘alabasi 2021 yil fevralidan buyon ilk g‘alaba bo‘ldi – «Everton» o‘shanda «Enfild»da 2:0 hisobida ustun kelgandi.

«Liverpul»da sovrin uchun imkoniyat qoldimi?

«Everton» esa jonbozlik ko‘rsatib, o‘zining mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etdi va katta ehtimol bilan APLda qoladigan bo‘ldi. Daych jamoasi qolgan to‘rt turda sakkiz ochkolik farqni boy berishi dargumon. Turnir jadvalining quyidagi jamoalar qolgan barcha o‘yinlarda ijobiy natijaga erisha olmasligi tayin, shunday ekan, «Everton» qolgan barcha o‘yinlarda yutqazsa ham, APLda qoladi.

«Liverpul»da mavsum yakuniga qadar to‘rt o‘yin qoldi. Amalda jamoa uchun mavsum tugadi deyish ham mumkin. Klopp shogirdlari Liga Kubogi, Angliya Kubogi va Yevropa Ligasini tark etgan. APLda esa o‘yinlar soni teng holatda «Arsenal»dan uch ochko ortda (ochkolar soni teng kelib qolsa ham to‘plar nisbatiga ko‘ra ustunlik londonliklarda), ikkita zaxira o‘yini bor «Manchester Siti»dan esa atigi bir ochko oldinda. Chempionlik poygasidagi bu ikki raqobatchi ham qolgan o‘yinlarda ochko yo‘qotishi qiyin. Shunday ekan, Kloppning «Liverpul»dagi oxirgi mavsumi sovrinsiz yakunlanishi oydinlashmoqda.

APL finishida turnir jadvalidagi vaziyat:

«Liverpul»ni «Vest Hem» va «Aston Villa»ga qarshi qiyin safar o‘yinlari kutmoqda, uyda «Tottenhem» va «Vulverhempton» qarshiligini yengish ham oson kechmaydi.

«Arsenal» dastlab ashaddiy raqibi «Tottenhem»ga qarshi safar o‘yinida qiyin sinovdan o‘tishi kerak, jamoalarning birinchi davrada «Emireyts»da kechgan o‘yinida kuchlar teng kelgandi (2:2). Keyin esa «Bornmut» (uy), «MYu» (safar) va «Everton» (uy) bilan o‘yinlar belgilangan.

«Siti» payshanba kuni «Brayton»ga qarshi safar o‘yinini o‘tkazadi, yana bir zaxira o‘yini ham safarda «Tottenhem» bilan bo‘lib o‘tadi. Qolgan raqiblar: «Nottinghem Forest» (safar), «Vulverhempton» (uy), «Fulhem» (safar), «Vest Hem» (uy).

Ko‘proq yangiliklar: