Bayden Ukrainaga harbiy yordam to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Jahon 21:01 / 24.04.2024 5661

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 61 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ajratishni nazarda tutuvchi milliy xavfsizlik qonunini imzoladi. 

«Bu Amerika uchun yaxshi kun, yevropaliklar uchun yaxshi kun, butun dunyo uchun yaxshi kun – va bu muhim», dedi Bayden brifingda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunni imzolash nafaqat Amerika, balki butun dunyo xavfsizligini yaxshilaydi va AQSh ittifoqchilariga hayotiy yordam va o‘zini himoya qilish imkoniyatini beradi. 

AQSh prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Vashington «yaqin soatlarda» Kiyevga harbiy yordam yetkazishni boshlaydi.  

«Biz Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar, artilleriya uskunalari, raketa tizimlari va armiya jihozlarini jo‘natishni boshlaymiz», dedi Bayden. 

AQSh Kongressi ichki kelishmovchiliklar tufayli 2023 yil kuzidan beri milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qila olmayotgan edi. Amerika chegarasini himoya qilish choralari ko‘rilmagani uchun respublikachilar qonun loyihasini tasdiqlashdan bosh tortib kelayotgandi. 

Qonun Ukrainaga qariyb 61 milliard dollarlik harbiy yordam, shuningdek, Isroilga va Tayvanga 26 milliard dollarlik yordam ko‘rsatishni ham nazarda tutadi. 

2024 yil 20 aprelda qonun loyihasi AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullandi. To‘rt kundan keyin Senat uni ma’qulladi. Baydenning imzosi qonunni qabul qilish uchun oxirgi qadam edi.

Ko‘proq yangiliklar: