Rossiya Federatsiyasida inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakil Tatyana Moskalkova Bosh prokuraturadan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan mahbuslar saqlanadigan Orenburg viloyatidagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasida mahkumlarning qiynoqlarga solingani haqidagi xabarlarni tekshirishni so‘radi. 22 aprel, dushanba kuni u «vaziyatni alohida nazoratga olganini» aytdi.
«Men Orenburg viloyatidagi «Qora delfin» nomi bilan mashhur bo‘lgan 6-sonli jazoni ijro etish koloniyasi mahkumlari huquqlarini himoya qilish maqsadida axloq tuzatish muassasasi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida murojaat oldim», — deb yozadi u Telegram’da.
Orenburg koloniyasida mahbuslarni qiynoqqa solish
Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash (IHK) a’zosi Yeva Merkacheva «Qora delfin» koloniyasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar bilan bog‘liq vaziyat haqida to‘xtalib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular «kichik xatolik, jumladan ishlab chiqarish rejasi me’yorlariga rioya qilmagani uchun muntazam ravishda jismoniy jazoga tortiladi».
«Qiynoq shakllaridan biri bu - «qaldirg‘och» holatida (odam orqasiga kishan bog‘langan holda osilib turishi) bir necha soat turish talabi. Shikoyat qilganlar battar kaltaklanadi yoki elektr toki turli a’zolariga ulab qo‘yiladi», deb yozadi u «Moskovskiy komsomolets» uchun maqolasida.
Merkachevaning so‘zlariga ko‘ra, u bu ma’lumotni 2024 yilda kaltaklangan mahkumlar haqidagi murojaatida olgan. Huquq himoyachisi tegishli so‘rovlarni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi va prokuraturasiga, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha vakilga yuborgan.