Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Tokiodagi kvalifikatsion Osiyo chempionatida Nilufar Zokirova (C1), Yekaterina Shubina (K1) va Shahriyor Mahkamov (K1); akademik eshkak eshish bo‘yicha Chxunju shahridagi (J.Koreya) Olimpiya va Paralimpiya regatasi Osiyo kubogida Anna Prakaten (W1X), Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev (LM2x) Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishdi.
Shuningdek, Shahrizoda Mavlonova va Ozodjon Amriddinov (K-2 miks) juftligi oltin, Vladlen Denisov va Xonzoda Erkinova (C-2 miks) juftligi hamda Yevgeniy Agafonov (LM1x) kumush, Artur Guliyev va Vladlen Denisov (C-2) juftligi hamda Elyorjon Mamadaliyev (C-1) bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
O‘zbekiston jamoalari 23 aprel, seshanba kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Kun.uz lisenzion musobaqadan qaytgan sportchilardan intervyular oldi.
«Janubiy Koreyada juda ham qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tdi. 2-o‘rin bilan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Nasib bo‘lsa, yanada yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz va Parijda vatanimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarib, medal bilan qaytishga va’da beramiz», — deydi Shahzod Nurmatov.
«Men uchun Tokiodagi kanal begona emasdi. «Bugun yoki hech qachon» shiori bilan litsenziya olish uchun kurashdim va buni uddaladim. May oyida jahon kubogi bor. Keyin Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘ramiz», — deydi Tokio-2020 ishtirokchisi Nilufar Zokirova.