Ehtiyot bo‘ling, magistral gaz quvurlari!

Jamiyat 17:58 / 22.04.2024 8658

Quyidagi fotosuratda aholi xonadonining tashqi ko‘rinishi. Unda hayot qaynaydi.

Mana bu xonadonda tinch va osoyishta turmush tarzi davom etadi. Tabiiyki, bu uylarda ertamiz egalari bo‘lgan bolajonlar ham o‘sib ulg‘aymoqda.

Navbatdagi tasvirda bir oila hovlisini o‘rab turgan devor va orqa darvozasi. Bu mulk ham bir yurtdoshimiz uchun qadrdon aslida..

Tasvirlardagi bu imoratlarni umumlashtiruvchi bitta jihat bor - ularni yuqori bosimli magistral gaz quvurlaridan bir necha metrgina masofa ajratib turadi. Bu esa potensial xavf degani! Respublikamizdagi 13 400 kilometrga yaqin magistral gaz quvurlarning muhofaza maydonlarida shu kabi yana 3526 ta qurilma bor.

Ayni paytda “O‘ztransgaz” AJ xodimlari tomonidan quvurlar atrofidagi obektlarning egalariga quvurlarni ishlatishga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslik va qurilmalarni xavfsiz joylarga ko‘chirish bo‘yicha ogohlantirish xatlari tarqatilyapti. Joriy yil birinchi choragida mana shunday xatlardan 6200 tasi tarqatildi.

Magistral gaz quvurlari himoya maydonlaridan foydalanishning mezonlari mavjud. Tartiblarga to‘liq amal qilinmagani sababli bugungi kunda gaz transport tizimi atrofida noqonuniy qurilmalar soni ortgan. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 9 dekabrdagi qarori mavjud muammolar yechimi uchun zarur huquqiy asos bo‘ldi. “Gaz transporti tizimi obektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror bu borada hukumat darajasida qabul qilingan dastlabki hujjat bo‘lib, 2024 yil 9 martdan kuchga kirdi.

Hujjatda magistral gaz quvurlarini muhofaza qilish va gaz transporti tizimining muhofaza hududlari o‘lchamlarini aniqlash tartiblari, bu maydonlarda ishlab chiqarish ishlarini tashkil etish va amalga oshirishga oid talablar belgilandi. Tizim obektlari joylashgan hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning qoidalarga rioya etish majburiyligi qat’iylashtirildi. Magistral gaz quvurlari bo‘ylab har ikki tomonidan quvur o‘qiga nisbatan yer uchastkasi muhofaza maydoni chegaralari belgilab qo‘yildi.

Muhofaza maydonlaridagi qurilmalarning 23 foizida kadastr hujjatlari bor. Bu esa mavjud vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Qurilmalarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha sudlar chiqargan qarorlar ijrosini ta’minlash uchun mahalliy hokimiyatlarga topshiriqlar chiqqan. Hozirda ular himoya hududlaridagi qurilmalarni narxlash va boshqa tadbirlarni rejalashtirish ustida ish olib bormoqda.

Magistral quvurlariga kun sayin yaqinlashib borayotgan aholi orasida gazoprovoding shuncha yildan beri turibdimi, bu yog‘iga ham turaveradi, degan qarash bor, afsuski. Yuqori bosimli gaz quvurlari tarmog‘ining 64 foizidan 30 yil davomida foydalanilayotgani esa har birimizni ehtiyotkorlikka undashi darkor. Zero, asranganni – asraydi.

Ko‘proq yangiliklar: