Fuqaro aviatsiyasi tarixida eng ko‘p odam vafot etgan halokatlar ro‘yxatida Shveytsariyaning Swissair aviakompaniyasiga qarashli McDonnell Douglas samolyotining qulab tushish hodisasi 25-o‘rinda turadi.
Ushbu hodisa Swissair aviakompaniyasi tarixida, shuningdek, McDonnell Douglas samolyotlari bilan sodir bo‘lgan halokatlar orasida eng yirik hodisa hisoblanadi.
Kanada hududida sodir bo‘lgan eng yirik halokatlar orasida esa ikkinchi o‘rinda turadi (birinchisi 1985 yilda Nyufaundlend orolida sodir bo‘lgan halokat, unda 256 kishi vafot etgan).
Ushbu hodisa yana bir ish bilan ahamiyatli – hodisadan ko‘p o‘tmay Swissair aviakompaniyasi bankrot bo‘ladi va o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Swissair va McDonnell Douglas tarixi
Shveytsariyaning Swissair AG aviakompaniyasi 1931 yilda tashkil etilgan. Boshqa aviakompaniyalardan farqli o‘laroq Swissair har doim Shveytsariya hukumati tomonidan moliyaviy qo‘llab kelingan.
Aviakompaniya endi tashkil etilgan paytda uning 64 nafar xodimi bo‘lgan. Ulardan 10 nafar uchuvchi, 7 nafar aloqachi, 8 nafar mexanik, qolganlar bort kuzatuvchi bo‘lgan.
O‘sha paytda aviakompaniya yettita marshrut bo‘yicha parvozlarni amalga oshirgan. Fuqaro aviatsiyasi tarixida ilk bor styuardessalarni ishga olishni aynan Swissair boshlab bergan.
Aviakompaniya avvaliga Shveytsariyaning o‘zida, shuningdek, qo‘shni Germaniya va Avstriyaga parvozlarni amalga oshirgan bo‘lsa, keyinchalik yangi samolyotlar sotib olinishi ortidan Yevropaning turli shaharlariga, keyinchalik boshqa qit’alarga ucha boshlagan.
Aviakompaniya ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘plab yo‘nalishlarni yopishga majbur bo‘ladi. Urush tugagandan so‘ng Swissair yana oyoqqa turadi va yangi samolyotlar sotib olib, parvozlar sonini ko‘paytira boshlaydi.
1960 yillarga kelib Swissair ko‘plab McDonnell Douglas samolyotlarini sotib oladi va ular dunyoning barcha chekkalariga ucha boshlaydi. O‘sha paytlarda G‘arb davlatlari va sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar o‘rtasida aloqalar yaxshi emasdi. Shu sababli ular o‘rtasida o‘zaro aviaqatnovlar ham bo‘lmagan.
1970-yillar boshida vaziyat biroz o‘zgaradi. 1975 yilda Swissair Pekin hamda Shanxay shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi va Xitoyga ucha boshlagan ikkinchi aviakompaniya bo‘ladi.
Garchi 1970-yillardan keyin Boing kompaniyasi ishlab chiqargan zamonaviy samolyotlar eng xaridorgir hisoblansa ham, Swissair McDonnell Douglas samolyotlariga sodiq qoladi va uning yangi rusumda ishlab chiqarilganlarini xarid qilishda davom etadi. Kompaniya Boing va Airbus samolyotlarini 1990-yillarga kelib sotib olgan.
Shveytsariyaning neytralitet maqomida bo‘lishi Swissair aviakompaniyasiga dunyoning turli qutblarida joylashgan davlatlariga nafaqat yo‘lovchi tashish, balki tijoriy parvozlarni amalga oshirishga imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, turli davlatlarning Shveytsariya banklarida saqlanadigan oltinlari ham aynan Swissair samolyotlarida tashilgan. Shu sababli bu aviakompaniya samolyotlari «Uchar bank» deb atala boshlangan.
1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida Yevropadagi aksariyat aviakompaniyalar xalqaro alyansga birlashadi. 1992 yilda o‘tkazilgan referendumda Shveytsariya aholisi Yevropa iqtisodiy zonasiga qo‘shilishga qarshi chiqadi.
Referendumdan keyin Swissair’ning Yevropadagi alyanslarga qo‘shilishi imkonsiz bo‘lib qoladi va aviakompaniya o‘zaro raqobatda boshqa aviakompaniyalarga yutqaza boshlaydi. Alaloqibat, Swissair o‘z mavqeyini ham yo‘qotadi.
1993 yilda Swissair Niderlandiyaning KLM, Skandinaviya davlatlarining (Daniya, Norvegiya va Shvetsiya) SAS, Austrian Airlines aviakompaniyalari bilan «Alkazar» deb nomlangan alyansga birlashadi. Ammo bu ham aviakompaniyaga murakkab vaziyatdan chiqib ketishga yordam bermaydi.
1998 yilda Swissairʼga qarashli McDonnell Douglas samolyoti Nyu-York – Jyeneva yo‘nalishida havoga ko‘tarilganidan bir soat o‘tib, Kanadaning Yangi Shotlandiya provinsiyasi yaqinida, Avliyo Margaret qo‘ltig‘iga qulab tushadi. Oqibatda, samolyotda bo‘lgan barcha halok bo‘ladi.
Shundan so‘ng aviakompaniyaning ko‘rsatkichlari keskin tushib ketadi. Hatto shveysariyaliklar ham Swissair samolyotlarida uchishdan ko‘ra, qo‘shni davlatlarga o‘tib parvoz qila boshlaydi. Shu tariqa aviakompaniya bankrotlik holatiga kelib qoladi.
2001 yilda aviakompaniya bosh direktori ishdan haydaladi. Swissair Crossair aviakompaniyasi egaligiga o‘tadi. Oradan biroz o‘tib Crossair SAirlines guruhi tarkibiga o‘tib ketadi. O‘sha yili kuzga borib Swissair samolyotlari parvozlarni butunlay to‘xtatadi.
2002 yilda Crossair Swiss International Air Lines deb qayta nomlanadi. Shundan so‘ng Swissair barcha samolyotlari, xodimlar yangi aviakompaniya tarkibiga o‘tib ketadi. Shu tariqa 71 yil faoliyat ko‘rsatgan aviakompaniya yo‘qlikka yuz buradi.
Halokat
1998 yil 2 sentabr kuni Swissairʼga qarashli McDonnell Douglas samolyoti Nyu-York – Jyeneva yo‘nalishida parvozni amalga oshirish uchun mahalliy vaqt bilan soat 00:18 da Jon Kennedi nomidagi aeroportdan havoga ko‘tariladi.
Ushbu samolyot 1991 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, parvozgacha 6400 km uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va jami 36 041 soat parvoz qilgan edi. O‘sha kuni samolyotda ikki nafar uchuvchi va 11 nafar bort kuzatuvchilari, bir nafar aviamexanik va 215 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Havoga ko‘tarilgandan 50 minut o‘tib, ekipaj komandiri va uning yordamchisi uchuvchilar kabinasida qo‘lansa hid chiqayotganini sezib qolishadi. 10 minutdan keyin uchuvchilar kabinasi tutunga to‘ladi.
Shu paytda uchuvchilar o‘zlari uchib o‘tayotgan hududga eng yaqin bo‘lgan Kanadaning Nyu-Bransuik provinsiyasida joylashgan Monkton shahri aeroportining dispetcheri bilan bog‘lanib, vaziyat haqida haqida xabar berishadi.
Oradan bir daqiqa o‘tib, Monktondagi dispetcher ularga Kanadaning Yangi Shotlandiya provinsiyasida joylashgan Galifaks shahridagi aeroportga qo‘nishga ruxsat beradi.
Shundan so‘ng samolyot Galifaksga qo‘nish uchun yo‘nalishini o‘zgartiradi. Uchuvchilar har ehtimolga qarshi samolyotdagi aviakerosinni to‘kib tashlashga qaror qilishadi. O‘sha paytda samolyot Galifaks aeroportidan 46 kilometr uzoqlikda edi.
Soat 01:24 da eng avval samolyotdagi avtomatik boshqaruv uskunasi ishdan chiqadi. Oradan bir minut o‘tib boshqa uskunalar ham ishlamay qoladi.
Shundan so‘ng uchuvchilar dispetcherga javob berishmaydi. Ammo u uchuvchilarning nemis tilida baqirib gaplashayotganini va uchuvchilar kabinasida kelib chiqqan yong‘inni o‘chirishga urinayotganini eshitib turardi.
Oradan 5 minut o‘tib, samolyot Galifaksdan 56 kilometr uzoqlikda joylashgan Margaret ko‘rfaziga qulab tushadi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 229 kishining barchasi halok bo‘ladi.
Guvohlar samolyot qulab tushgach portlab ketganini va undan chiqqan olov to‘lqini hamma yoqni yoritib yuborganini ko‘rishgan.
Samolyot qulab tushgan joyga zudlik bilan 12 ta qidiruv-qutqaruv samolyotlari va vertolyotlar hamda ikkita kema jo‘natiladi. Ular hodisa yuz bergan joyga yetib borganda bo‘laklarga bo‘linib ketgan samolyot okean tubiga 55 metr chuqurlikka tushib ketgan, jasadlarning bir qismi suv yuzasida edi.
Hodisa yuzasidan surishtiruvlar
Halokat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlar 4 yil davom etdi va unga Kanada hukumati 40 million AQSh dollari sarflaydi. Halokat sabablarini o‘rganish uchun samolyot bo‘laklari to‘liq okean tubidan olib chiqiladi va bu ishlarda 4 ming odam qatnashdi.
2003 yil 27 mart kuni Kanada transportda xavfsizlik bo‘yicha kengashi yakuniy xulosalarni e’lon qildi. Unga ko‘ra halokatga yo‘lovchilar foydalanishi uchun o‘rnatilgan ko‘ngilochar videotizim uskunalarida sodir bo‘lgan qisqa tutashuvlar sabab bo‘lgan.
Uchuvchilar kabinasida tutun chiqa boshlagach ekipaj komandiri va uning yordamchisi instruksiya bo‘yicha ish tutishi va barcha uskunalarni, shuningdek, samolyotning dum qismida joylashgan havo haydagichni o‘chirishi lozim edi.
Ammo ular bunday qilmagan. Oqibatda samolyotning dum qismidagi qurilmadan haydalayotgan havo uchuvchilar xonasida yong‘inni battar kuchaytirgan.
Samolyot qulab tushishidan 6 minut avval barcha uskunalar ishdan chiqadi va hatto uchuvchilarning ovozlarini yozib olishi lozim bo‘lgan qora quti ham ishlamay qoladi. Hisobotda uchuvchilar olovni o‘chirishga uringani va buning uddasidan chiqolmagani keltiriladi.
Samolyotdagi olovning kuchayib ketishiga uning salonidagi temir konstruksiyalarni o‘rab turgan yelimli polipropilen o‘ramlar ham sabab bo‘ladi. Shu tufayli ushbu halokatdan so‘ng fuqaro aviatsiyasida xizmat qilayotgan samolyotlarning bunday o‘ramlarni ishlatishi taqiqlanadi.
Bankrot bo‘lgan Swissair
McDonnell Douglas samolyotining halokatga uchrashi shundoq ham og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazayotgan Swissair aviakompaniyasining bankrot bo‘lib, yopilib ketishini tezlashtiradi.
Halokatdan so‘ng aviakompaniya samolyotlarida parvoz qiluvchilar soni keskin kamayib ketadi. Oqibatda ko‘plab yo‘nalishlarda parvozlar to‘xtatiladi.
2001 yilga borib kompaniya bankrot deb e’lon qilinadi. 2002 yilda uning samolyotlari va xodimlari boshqa aviakompaniya ixtiyoriga o‘tib ketadi.
Shu tariqa 71 yil davomida faoliyat ko‘rsatgan, 1970-yillarda dunyoning yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lgan Swissair yo‘qlikka yuz tutadi.
Uning barcha aktivlari va samolyotlari Crossair aviakompaniyasiga sotib yuboriladi. Keyinchalik Crossair o‘z nomini Swiss International Air Lines deb o‘zgartiradi. Hozir ham shu nomda faoliyat olib bormoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.