Angliya: «Siti»ga taskin beruvchi final
«Manchester Siti» – «Chelsi» 1:0
Gol: 1:0 – 84 Bernardu Silva.
«Manchester Siti» – Ortega, Uoker, Ake, Akanji, Stounz (Ruben Diash, 46), de Bryuyne, Grilish (Doku, 66), Bernardu Silva, Rodri, Foden, Alvares (Bobb, 88).
«Chelsi» – Petrovich, Gyusto (Disasi, 79), Tiago Silva, Chaloba, Kukurelya (Chiluell, 88), Gallaher, Fernandes (Sterling, 88), Palmer, Kaysedo, Madueke (Mudrik, 79), Jyekson.
Ogohlantirishlar: Kaysedo (45), Alvares (58), Petrovich (83), Foden (83), de Bryuyne (86), Fernandes (86).
Chorshanba kuni «Siti» «Real»ga alamli tarzda mag‘lub bo‘lib, Chempionlar ligasini tark etgandi. Qolaversa, bu o‘yinda 120 daqiqa harakat qilishga to‘g‘ri kelgandi. «Chelsi»da esa Angliya Kubogi yarimfinaliga tayyorlanish uchun bir hafta vaqt bor edi. Katta ehtimol bilan shu tufayli dastlabki 10 daqiqalikda «Uembli»dagi o‘yinda raqibdan faolroq harakatlandi.
Keyin esa «Siti» ham vaziyatlar yarata boshladi. De Bryuyne jarima maydoniga a’lo darajadagi uzatma yetkazib berdi va Foden darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi. Petrovich to‘p tomon tashlandi va angliyalik futbolchini to‘pni chapga olib o‘tib, noqulay nuqtadan zarba berishga majbur qild – vaziyat boy berildi. Ehtimol bu epizodda Fodenning o‘rnida Holand bo‘lganida bir teginishda to‘pni darvoza to‘riga joylashi mumkin bo‘lardi. Ammo norvegiyalik to‘purar jarohat tufayli o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmagandi.
Qaysidir pallada «Siti» raqibni shu qadar bosim ostida qoldirdiki, Akanji boshqa bir himoyachi Akeni raqib jarima maydoni ichida pas bilan ta’minladi. Ko‘p o‘tmay noodatiy holat kuzatildi: Alvares qulay pozitsiyadan zarba berdi, ammo de Bryuyne to‘p yo‘lida paydo bo‘ldi.
Tanaffus arafasida «Chelsi»da ham golli vaziyatlar paydo bo‘la boshladi. Palmer raqib jarima maydoni ichida Rodrini aldab, kuchli zarba berdi, ammo Ortega qutqardi. Keyin esa u Jyeksonni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, ammo hujumchi sust harakat qildi va hatto zarba ham berolmadi. U tanaffusdan keyin ham deyarli shunday vaziyatni ko‘kka sovurdi.
Ikkinchi bo‘limda, Jyekson boy bergan vaziyatlardan tashqari (u bir necha metrdan turib ham bosh bilan yaxshi zarba bera olmadi), anchagina bahsli epizod ro‘y berdi. Palmer jarima zarbasini ijro etdi va to‘p jonli devorda turgan Grilishning qo‘liga tegib, maydonni tark etdi. Kadrlarda bu vaziyatda to‘p futbolchining qo‘liga tekkani aniq ko‘ringan, ammo hakam buni payqamadi va hatto burchak zarbasi bermadi. Palmer va jamoadoshlari penalti talab qilishdi, ammo VAR bosh arbitrning qaroriga qo‘shildi.
Bu o‘yinda ham ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Doku o‘yinga qo‘shilib, o‘z fintlari bilan raqib himoyachilarining ko‘zini ochirmadi. Va u bu ishni nafaqat chap qanotda, balki jarima maydonining chap qismida amalga oshirdi. Aynan ushbu belgiyalik vingerning yurishidan keyin «Siti» hisobni ochdi. «Chelsi» darvozaboni birinchi zarbani qaytardi, ammo to‘p Bernardu Silvaga kelib tushdi va u darhol to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi.
Bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi. U qadar kuchli o‘yin ko‘rsatmasdan ham Gvardiola jamoasi finalga yo‘l oldi. Yakshanba kuni «Siti» Angliya Kubogi uchun hal qiluvchi bahsdagi raqibini bilib oladi. Ikkinchi yarimfinal ham «Uembli»da «Manchester Yunayted» va «Koventri» jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Final 25 mayga belgilangan.
«Vulverhempton» – «Arsenal» 0:2
Gollar: 0:1 – 45 Trossar, 0:2 – 90+5 Edegor.
«Vulverhempton» – Joze Sa, Doerti (Ait-Nuri, 75), Bueno, Kilmen, Gomesh, Bueno, Gomes, Doyl, Traore, Chireva (Sarabiya, 75), Hvang Hi Chhang (Lemina, 51).
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Kiver, Edegor, Rays, Havers, Trossar (Martinelli, 72), Saka, Gabriel Jyezus (Parti, 80).
Ogohlantirishlar: Trossar (29), Gomesh (32), Rays (35), Kilmen (35), Hvang Hi Chhang (51).
«Arsenal» bir necha kun oralig‘ida ikkitalik shok holatini boshdan kechirib, APLda yetakchilikni boy bergan va Chempionlar ligasini chorakfinalda tark etgandi. Bu vaziyatdan chiqish uchun «kanonirlar» navbatdagi tur o‘yiniga qat’iy tayyorgarlik ko‘rishgandi. Ilk daqiqadayoq Havers havodagi to‘pni to‘xtatmasdan zarba berdi, ammo keyin mehmonlarning ko‘plab hujumlari «bo‘rilar» himoyasidan o‘ta olmadi. «Arsenal» ko‘plab vaziyatlar yaratdi, ketma-ket zarbalar berdi, ammo golga mezbonlar yaqinroq kelishdi. Joau Gomesh Kiviorning navbatdagi xatosidan foydalanib, jarima maydoni ichida yaqin masofadan zarba berdi. Ammo Rayay «Arsenal»ni qutqarib qoldi va to‘pni ustun tomon yo‘naltirib yubordi.
Birinchi bo‘lim oxirida esa londonliklar baribir hisobni ochishdi. Bu hujumda Gabriel Jyezusning nostandart jonbozligi barchasini hal qildi. U jarima maydoni ichida qo‘l bilan ochiqchasiga yiqitilganida to‘xtab qolmadi va tezda o‘rnidan turib Trossarni qulay vaziyatga chiqardi. Belgiyalik hujumchi darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda zarba yo‘lladi. U joriy mavsumda gol va golli paslari soni ikkitalik raqamda ifodalanadigan oltinchi «kanonir»ga aylandi.
Ikkinchi bo‘lim ancha sokin kechdi – «Vulverhempton» 71-daqiqaga qadar umuman darvozaga zarba bermadi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Leminaning zarbasi ham juda omadsiz chiqdi, bunday zarba faqat darvozabon yo‘qligida golga aylanishi mumkin edi. Mehmonlar esa ikkinchi bo‘lim oxirida ham yana bitta gol urishdi. Edegor o‘tkir burchakda turganiga qaramay darvozani ishg‘ol etdi. Darvozabon markazga uzatmani kutgandi, ammo norvegiyalik uni dog‘da qoldirdi.
«Arsenal» «Vulverhempton»ga qarshi qatorasiga 33 o‘yinni golsiz tark etmadi. Angliyada hech bir raqib «Arsenal»dan bunday jabrlanmagan, qolaversa, Arteta jamoasi APLda safar uchrashuvlarida 541 daqiqadan buyon darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda. Asosiysi — jamoa yana birinchi o‘rinda. «Manchester Siti»da zaxira o‘yini bor, ammo «shaharliklar»ning kubok yarimfinalidagi ishtiroki tufayli «Tottenhem»ga qarshi o‘yini qoldirilgan. Gvardiola jamoasini keyingi haftada uch kun ichida ikkita safar o‘yini kutmoqda — Brayton (25 aprel) va Nottinghemda (28 aprel).
Tur o‘yinini bugun o‘tkazadigan «Liverpul» esa «Arsenal»dan o‘zib ketishi uchun «Fulhem» darvozasiga 10 ta javobsiz gol urishi kerak bo‘ladi. Klopp shogirdlari ham keyingi haftada uch kun ichida ikkita safar o‘yinida maydonga tushadi — «Everton» (24 aprel) va «Vest Hem»ga (27 aprel) qarshi.
«Arsenal» 24 aprelga o‘tar kechasi «Chelsi»ni qabul qiladi, 28 aprel kuni «Tottenhem» mehmoni bo‘ladi. Shunday ekan, chempionlik intrigasi davom etadi.
Ispaniya: «Jirona» YeChLga yaqinlashmoqda
«Jirona» – «Kadis» 4:1
Gollar: 1:0 – 9 Erik Garsiya, 2:0 – 22 Martin, 3:0 – 71 Dovbik, 3:1 – 81 Eskalante, 4:1 – 82 Portu.
«Jirona» – Gassaniga, Erik Garsiya, Blind, David Lopes, Migel Guterres (Martines, 76), Yan Kouto (Torre, 86), Aleish Garsiya, Errera (Solis, 58), Martin (Portu, 76), Savio, Dovbik (Toni Vilya, 86).
«Kadis» – Ledesma, Karselen, Viktor Chust, Usu, Pires, Alexo (Sobrino, 70), Navarro (Gvardiola, 86), Aleks Fernandes (Eskalante, 46), Alkaras, Xuanmi (Ramos, 46), Maksi Gomes (Roxer Marti, 70).
Ogohlantirishlar: Aleks Fernandes (31), Migel Guterres (42), Viktor Chust (75).
«Jirona» Chempionlar ligasiga tarixiy yo‘llanmani qo‘lga kiritishga yanada yaqinlashdi. Qolaversa, keyingi turda «Atletiko» va juma kungi o‘yinda ochko yo‘qotgan «Atletik» o‘zaro o‘ynayd. Kataloniyaliklar «Kadis» bilan o‘yinda o‘z pozitsiyasini yaxshilash uchun ideal o‘yin namoyish etdi. Bu raqib primerada qolish uchun kurash olib bormoqda va qutqaruv amaliyoti doirasida bir necha tur oldin «Atletiko»ni mag‘lub etgandi.
Ammo «Jirona» bilan o‘yinda bu nomer ish bermadi. Michel Sanches jamoasi barqaror grafik bo‘yicha ketmoqda — safarda yutqazmoqda, ammo o‘z uyida uch ochkoni hech kimga bermayapti. Bu safar qatorasiga to‘rtinchi uy o‘yinida g‘alabaga erishildi, bu o‘yin natijasi birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi. 45 daqiqada 2 gol urilgani — mehmonlarning omadi kelgani edi. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Savio darvozabonni aldab o‘tganidan keyin to‘sinni mo‘ljalga oldi. «Kadis»ning ikkinchi bo‘limda, hisob allaqachon 3:0 ko‘rinishini olganida urgan javob golidan ko‘p o‘tmay hisob yanada yiriklashtirildi.
«Jirona»ning ochkolari soni endi 68 taga yetdi. Agar Ispaniyaning doimiy kuchli uchligi hisobga qo‘shilmasa, 32 turdan keyin bunday ko‘rsatkichga la liganing butun tarixida faqat uch jamoa erishgan — «Real Sosedad» (1979/80), «Valensiya» (2003/04) va endi «Jirona». Orzuga qadar yana bir necha qadam qoldi.
Italiya: neapolitancha kompleks
«Empoli» – «Napoli» 1:0
Gol: 1:0 – 4 Cherri.
«Empoli» – Kaprile, Bereshinski, Luperto, Valyukevich, Petssella (Kakache, 82), Grassi (Bastoni, 82), Male, Fatssini (Jurkovski, 70), Jasi, Kambyagi (Kancheleri, 70), Cherri (Nyang, 20).
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Estigor, Natan (Matssokki, 46), Lobotka, Zelinski, Zambo-Angissa (Simeone, 89), Politano (Ngonj, 72), Kvaratsxeliya (Raspadori, 72), Osimhen.
Ogohlantirishlar: Jyezus (37), Petssella (54), Bereshinski (58), Ngonj (90+3).
Italiyadagilar keyingi, yangi formatdagi Chempionlar ligasi uchun beshinchi yo‘llanmadan xursand bo‘layotganida skudettoning amaldagi egasi keyingi mavsumni yevrokuboklarsiz o‘tkazishi xavfi ostida qolmoqda. «Napoli» o‘tgan turda o‘z uyida xavfli hududdagi «Frozinone»ni mag‘lub etolmagandi (2:2), endi esa Franchesko Kalsona jamoasi ligada qolish uchun kurashayotgan boshqa bir raqib fonida kuchsiz ko‘rindi. So‘nggi olti turdan beshtasida gol urmasdan yutqazgan «Empoli» uchrashuv debyutidayoq hisobni ochdi. Darvozabonning uzun pasi, qanotdan hujum va Cherri bosh bilan zarba berib darvozani ishg‘ol etdi. Mehmonlar esa bunga javoban hech narsa taklif qila olishmadi. Neapolitanliklarda «Empoli»ga nisbatan kompleks davom etdi. So‘nggi besh yilda ushbu jamoa janubliklarni yetti uchrashuvdan beshtasida mag‘lubiyatga uchratgan. Bu davr oralig‘ida «Napoli»ni faqatgina «Inter» ko‘proq ranjita olgan (6 g‘alaba).
Germaniya: «Leypsig» Dortmunddan uzoqlashmoqda
«Haydenhaym» – RB «Leypsig» 1:2
Gollar: 0:1 – 42 Sheshko, 1:1 – 69 Dovedan, 1:2 – 85 Openda.
«Haydenhaym» – Myuller, Traore, Maynka, Gimber (Toyyerkauf, 68), Ferenbah, Melouni (Sheppner, 54), Beste, Zessa (Shimmer, 84), Dinkchi (Tomalla, 68), Klyayndinst, Piringer (Dovedan, 68).
RB «Leypsig» – Gulachi, Xenrixs (Simakan, 71), Orban, Lukeba, Raum, Shlager, Olmo (Klostermann, 90), Aydara (Zayvald, 79), Simons (Elmaz, 79), Openda, Sheshko (Baumgartner, 79).
Ogohlantirishlar: Xenrixs (33), Gimber (61), Sheppner (83), Traore (90+8).
«Haydenhaym» so‘nggi vaqtlarda favoritlar uchun haqiqiy dahshatga aylanmoqda. Ushbu jamoa Shtutgartda g‘alaba qozonishiga bir baxya qolgandi (3:3) va «Bavariya»ni nokautga uchratgandi (3:2), undan oldinroq esa Dortmundning «Borussiya» klubi ushbu jamoa darvozasiga yo‘l topa olmagandi (0:0). «Leypsig» ham shanba kungi o‘yinda katta muammoga uchradi. Birinchi bo‘lim oxirida Sheshko urgan gol g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi. Mezbonlar yana standart vaziyatdan maksimum natija chiqarib, hisobni tenglashtirishdi, keyingi daqiqalarda Gulachi qahramonlik ko‘rsatmaganida mehmonlar o‘yinni boy bergan bo‘lardi.
Ammo o‘yin yakunida «Leypsig» o‘z qurolidan — tezkor qarshi hujumdan foydalandi. Simakanning uzatmasini to‘sishga harakat qilgan himoyachi to‘pni Opendaning oyoqlari ostiga tashlab berdi. Natijada Marko Roze jamoasi to‘rtinchi o‘rinda qoldi, yakshanba kuni Dortmunddagi o‘yinda «Bayyer»ning rekord darajadagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berilsa ham turnir jadvalidagi vaziyat o‘zgarmaydi. Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashdagi muhim o‘yin keyingi turda bo‘lib o‘tishi kerak, «Borussiya» Leypsigga mehmonga keladi. Hozircha «ho‘kizlar» jamoasi «Bavariya»ning rekordini takrorlamoqda — jamoa 32 o‘yindirki ikkinchi bundesligadan chiqqan jamoaga yutqazmayapti.
«Union» – «Bavariya» 1:5
Gollar: 0:1 – 29 Goretska, 0:2 – 45+1 Keyn, 0:3 – 53 Myuller, 0:4 – 61 Tel, 0:5 – 66 Myuller, 1:5 – 90 Vertessen.
«Union» – Rennov, Trimmel (Yuranovich, 59), Fogt, Diogu Leyte (Kaufmann, 59), Duki, Gozens, Tuzar, Shafer (Layduni, 59), Aaronson, Folland (Knohe, 72), Hollerbah (Vertessen, 59).
«Bavariya» – Noyyer, Dayyer, Kim Min Je (Upamekano, 59), Devis, Pavlovich, Goretska (Laymer, 71), Kimmih (Mazraviy, 71), Myuller (Zvonarek, 84), Shupo-Moting (Saragosa, 71), Keyn, Tel.
So‘nggi 11 mavsum ichida ilk bor chempionlikni boy bergan «Bavariya» bu mavsumda ayrim o‘yinlarda bundesligadan zerikkandek ko‘rindi. Myunxenliklar o‘z uyida kechgan nemis klasikoda kurashmasdan mag‘lub bo‘ldi, keyin esa «Haydenhaym»ga qarshi o‘yinda ikki daqiqa ichida ikki gol ustunligini qo‘ldan chiqarib, yakunda o‘yinni boy berishni uddaladi.
Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatli natijalardan keyin ichki chempionatda ham vaziyat yaxshilana boshladi. «Kyoln» bilan o‘yinda myunxenliklar osonlik bilan g‘alabaga erishdi, bu turda Berlinda kechgan o‘yinda ham jamoa chiroyli gollar urib, raqibni original yondashuvlar bilan dog‘da qoldirdi. Birinchi golli kombinatsiyada Telning pasi va Goretskaning to‘sin ostidan yo‘llagan zarbasidan ko‘ra Myuller himoyachilar kutmagan tarzda to‘pni o‘tkazib yuborishi barchasini hal qildi. Keynning jarima zarbasidan urgan golida esa jamoaning shtatdagi ijrochisi Kimmih to‘p ustidan sakrab o‘tib ketishi «jonli» devordagilarni chalg‘itib yubordi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, Harri bu golidan keyin Yevropaning eng sermahsul futbolchisi Mbappe bilan tenglashib oldi va o‘zining shaxsiy rekordini takrorladi. Gap klub safidagi barcha o‘yinlardagi 50 samarali ball haqida bormoqda, ammo bu o‘rinda turli manbalarning ma’lumotlari turlicha. Transfermarkt statistikasiga ko‘ra, Mbappeda chindan ham 50 ochko (41+9) bor, Keynda esa bu raqam 53 ga teng (40+13). Nima bo‘lmasin, bu ajoyib ko‘rsatkich.
O‘yinning qolgan qismida Myuller o‘ziga xos missiyani yakunladi. U o‘z faoliyati davomida shu vaqtgacha faqat 29-turda gol urmagandi. Bu o‘yinda esa u bu ishni ikki bor amalga oshirdi. Ammo bu unikal ko‘rsatkich emas. Bundesligadagi amaldagi futbolchilardan dortmundliklar safida Roys hamda bu safar «Union» safida hech qanday harakati bilan yodda qola olmagan Folland 34 turning barchasida (turli mavsumlarda) gol urishgan.
Kun statistikasi
- «Sheffild Yunayted» Angliya chempionatida uy o‘yinlarida kamida 50 ta gol o‘tkazib yuborgan 3-jamoaga aylandi. Bunga qadar o‘z stadionida bu qadar yomon o‘yin «Aston Villa» (1935/36) va «Chelsi» (1959/60) jamoalarida bo‘lgan.
- «Manchester Siti» o‘z tarixida 3-bor qatorasiga ikki mavsumda Angliya Kubogiga chiqmoqda.
- «Brentford» o‘z tarixida ilk marta safarda 5 gol urish uchun Angliyaning yuqori divizionida 160 o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.