Toshkent shahri va Xorazm viloyatida mayning ferma tashkil qilib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Yangibozor tumani “Yangiyop” MFYdagi xonadonda yashovchi J.T. o‘z uyida 2 ta to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmasini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulab, jami 321 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, departamentning Olmozor tuman bo‘limi tomonidan DXX va ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Namuna” MFYdagi xonadonda yashovchi O.Sh. o‘z uyida mayning kripto-aktivlari qurilmasini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, 65,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi fosh etilgan.
Hozirda ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Jizzax shahrida yashash xonadonida noqonuniy mayning ferma tashkil etgan shaxs ushlangani xabar qilingandi.