Senat raisi Qashqadaryoda ayollar bandligini ta’minlash ishlari bilan tanishdi

O‘zbekiston 18:08 / 20.04.2024 2882

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Qashqadaryo viloyatiga amaliy tashrifi doirasida Koson tumani, Qamashi qishlog‘idagi «Obod mahalla» markazida viloyatning tuman va shaharlari hokimlari o‘rnibosarlari - oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari hamda tijorat banklari vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.

Unda xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi «Qirsadaq» mahallasi namunasi asosida ishlab chiqilgan yangi tizimni Qashqadaryo viloyatida yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.

Bunda ishsiz, ishlash istagidagi xotin-qizlarning imkoniyat va ehtiyojlarini aniqlash ishlari sust olib borilayotganligi qayd etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi. Xususan, xonadonbay o‘rganish ishlariga tijorat banklarini va mutasaddi tashkilot vakillarini jalb etish lozimligi ta’kidlandi. 

O‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda ishsiz va daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlarni mavjud bo‘sh hamda yangi yaratilgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish, jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, hunarmandchilik, kasanachilik va tomorqachilik faoliyati bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan xotin-qizlarga o‘z vaqtida subsidiyalar ajratish zarurligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida aniqlangan tibbiy, psixologik, ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga manzilli yordam ko‘rsatish, ijtimoiy yordamga muhtoj ayolning muammosi to‘liq hal etilgunga qadar uning nazoratini yo‘lga qo‘ish va zarur holda qo‘shimcha yordam ko‘rsatilishini ta’minlash lozimligi alohida qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: