Ispaniyada El-Klasiko, Italiyada chempionlik o‘yini, Angliyada yarimfinal. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 17:02 / 20.04.2024 11347

MANCheSTeR SITI – CheLSI (20 aprel, 21:30)

«Chelsi» 2017 yildan buyon Angliyada chempionlik uchun kurashgani yo‘q. Ammo «Manchester Siti»ga yetarlicha qarshilik qilishi ham fakt – londonliklar Pep Gvardiola jamoasini bir marta kubokdan chiqarib yuborgan, bir marta Chempionlar Ligasi finalida dog‘da qoldirgan. Uzoqqa bormaylik, agar shu yilning o‘zida ham mabodo «Siti» chempionlikka erisha olmasa, bu yerda ham «Chelsi»ning qo‘lini ko‘rish mumkin, zero chempionat doirasidagi ikki o‘yinda ham durang qayd etildi. Hatto bu duranglar avtobus qo‘yib emas, imkon qadar ochiq, hujumkor futbol orqali qo‘lga kiritilgani ham «Chelsi»ning «Siti» uchun biroz noqulay raqib ekanini anglatadi.

Foto: Getty images

Yana bir qiziq jihat – Koul Palmer. Bir necha yil oldingi holatdan turib qarasak, bu o‘yinda go‘yoki Sterlingning sobiq jamoasiga qarshi afisha bo‘ladigan darajada fakt bo‘lardi balkim, ammo hozir Palmer shu darajada o‘yin ko‘rsatmoqdaki, Gvardiola ham savolga tutila boshlandi. Axir «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi, o‘tgan yozda sotib yuborilgan, «Chelsi»dagi ilk mavsumida nafaqat jamoada, balkim Premer Ligada to‘purar bo‘lib turibdi. Gollar soni bo‘yicha Holand bilan teng ko‘rsatkich, Palmerda assistlar ikki barobar ko‘p. Futbolchining «Manchester Siti»ga qarshi o‘yini alohida e’tibor berishga arziydi. Zero shunchaki chempionatda ochko olib qo‘yish emas, gap Angliya kubogi yarimfinali haqida bormoqda. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat «Manchester Siti»ning mavsumni umuman sovrinsiz tugatish xavfi ostida qoldiradi. Yevrokuboklarga chiqish imkoniyati u qadar katta bo‘lmagan «Chelsi» uchun esa mavsumni qutqarib qolish uchun so‘nggi imkoniyat.

Chempionlar Ligasini tark etgan va chempionatdagi navbatdagi o‘yinini kelasi hafta oxirida o‘tkazadigan «Manchester Siti» o‘yinga bor asosiy tarkibini tushirsa kerak. Xabarlarga qaraganda, Erling Holandning kichik jarohati bor va ilk daqiqalardan maydonga tushmasligi mumkin. Shuningdek, Manuel Akanjining ham o‘yinga tayyor bo‘lishi so‘roq ostida. Ederson Morayesh tiklanib, «Real»ga qarshi o‘yinda darvozani qo‘riqlagan bo‘lsa-da, Gvardiola kubok uchrashuvlarida Ortegaga ishonch bildirmoqda. Katta ehtimol bilan yarimfinalda ham avvalgi bosqichlarda bo‘lgani kabi nemis darvozaboni maydonga tushsa kerak.

«Chelsi»da esa doimgidek, jarohatlangan futbolchilar juda ko‘p. Nkunku va Jyeyms yana ikki haftadan keyin safga qaytishadi, Sanches va Kolvilda muddat biroz kamroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Aksel Dissasining ham ushbu o‘yinda maydonga tusha olmasligi mumkinligi haqida xabarlar bor.

Eslatib o‘tamiz, uchrashuv an’anaga ko‘ra «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi yarimfinal o‘yini esa ertasi kuni «Manchester Yunayted» va «Koventri» o‘rtasida kechadi.

ReAL MADRID – BARSeLONA (21 aprel, 23:55)

Ushbu hafta «Real» uchun eng hal qiluvchi va balki mavsumni belgilab beradigan pallaga aylanishi ehtimoli katta. Madridliklar Manchesterda keragidan ortiq gol o‘tkazib yubormaslikni uddalashdi va Chempionlar Ligasi yarimfinaliga chiqishdi. «Barselona» bilan o‘yin esa La Liga g‘olibligi uchun katta qadam bo‘ladi. Hozirda ikki jamoa o‘rtasidagi farq 8 ochkoni tashkil qilmoqda va agar mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, 11 ochkoga yetadi. Turnir tugashiga 6 tur qolganda bunday masofani yo‘qqa chiqarish deyarli imkonsiz holga keladi. Hatto durang ham, «Real»ni qisman qoniqtirishi turgan gap.

Foto: Getty images

«Barselona» esa aksincha, bir haftada bor umididan mosuvo bo‘lmaslik uchun butun imkoniyatini ishga soladi. «PSJ»ga qarshi o‘yin yaxshi boshlangan bo‘lsa-da, alamli tarzda nihoyasiga yetdi. Muvaffaqiyatsizlik agar Madridda ham davom etadigan bo‘lsa, chempionat ham qo‘ldan ketadi. Demak Xavi jamoasi uchun g‘alaba qozonib, chempionlik poygasini davom ettirish juda muhim hisoblanadi.

So‘nggi ikki o‘yinda «Real»ning qo‘li baland kelsa-da, aynan «Bernabeu»dagi bahslarda kataloniyaliklarning ustun kelishi ham o‘ziga xos an’ana bo‘lib qolgan. Xavi murabbiy sifatida ilk Klasikosini ham aynan Madridda o‘tkazib, 4:0 hisobida g‘alaba qozonganini ham eslasangiz kerak. O‘tgan mavsum chempionat o‘yinida «Real» g‘alaba qozongan, ammo kubok uchun o‘yinda qizig‘i, «Bernabeu»da «Barselona» g‘alaba qozonib, «Kamp Nou»da ustunlikni boy berib qo‘ygandi. Xavi yozda jamoani tark etishini inobatga olsak, bu murabbiy uchun oxirgi katta uchrashuv bo‘ladi. Albatta, Xavi ham turnir nuqtai nazaridan ahamiyatli bo‘lgan, hamda shaxsiy motivitsion sabablari bo‘lgan bu o‘yinda bor imkoniyatini ishga soladi.

Tarkiblarga to‘xtalsak, «Barselona»da butun mavsumga safdan chiqqan Balde va Gavidan tashqari hamma qaytgan va aytish mumkinki, o‘yin borasida juda yaxshi holatda. Afsuski, Chempionlar Ligasidagi Arauxoning qizil kartochkasi umumiy natijaga katta ta’sir o‘tkazdi. Yirik mag‘lubiyat chalg‘itmasligi kerak, zero Parijdagi ilk o‘yin va Barselona futbolchilar soni teng bo‘lib turgan paytda Xavi shogirdlari ustunroq ko‘rinayotgan edi. Ya’ni garchi keyingi bosqichga «Real» o‘tgan bo‘lsa-da, chorak final o‘yinlaridan xulosa o‘laroq «Barselona» raqibidan kam emasligini bemalol aytish mumkin. «Real»da ham barcha ishtirokchilar deyarli tayyor. Faqat Manchesterdagi uchrashuv qahramonlaridan biri Karvaxalda kichik jarohat bo‘lishi mumkin. Uning Klasikoga tayyor holatda bo‘lishi biroz shubha ostida qolmoqda.

ROMA – BOLONYa (22 aprel, 21:30)

Ispaniyadan «Atletiko» va «Barselona», Angliyadan esa birato‘la to‘rt jamoaning yevrokuboklarni tark etishining A Seriyadagi kurashlarga ham ta’siri bor. Chempion masalasi-ku, deyarli aniq, bu haqida pastroqda to‘xtalamiz. Yevrokuboklarda yuqorida tilga olingan vaziyat shuni anglatadiki, Italiya jamoalari ushbu mavsumda yevroreytingda eng ko‘p ochko to‘plashdi va yakunda ularni faqat Bundesliga quvib o‘tishi mumkin, xolos. Ma’lumki, eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan ikki Liga kelasi mavsumda Chempionlar Ligasida 5 ishtirokchiga ega bo‘ladi. «Bolonya» va «Roma» esa ayni damda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni egallab turishibdi.

Bu yaxshiku, demak kurash yo‘q, har ikkisi ham yo‘llanmani qo‘lga kiritadi, deyishingiz mumkin. Ammo boshqa jihatdan, yo‘llanmalar soni oshgach, ularni ta’qib qilayotgan quyidagi jamoalarda ham umid paydo bo‘lganini aytish lozim. Hozir «Bolonya»dagi 59, «Roma»da 55 ochko bor. Keyingi o‘rinlarda kelayotgan «Latsio»da 52, «Atalanta»da 51, «Napoli»da 49 ochko ega. Demak, ayniqsa, «Roma» bu o‘yinda ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, keyingi jamoalar minimum ravishda yaqinlashib olishadi. Bundan tashqari, mavsum oxirigacha rimliklar ham «Napoli», ham «Atalanta»ga qarshi safarda to‘qnash kelishini ham unutmaslik kerak.

De Rossi kelganidan buyon «Roma»ning natijalari yomon emas, 17 o‘yindan atigi 2 marta mag‘lubiyatga uchradi. U ham peshqadam «Inter» va hech narsani hal qilmaydigan «Brayton» bilan o‘yinda. Endi mavsumning eng ma’suliyatli davrida barqarorlik saqlanib qolishi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishi lozim.

«Bolonya» haqida esa har qancha gap oz, Tiago Mottaning qisqa muddatdagi ishlari borasida katta maqola yozish mumkin. Faqat Alonsoning «Bayyer»dagi muvaffaqiyati soyasida Motta kamroq muhokama qilinayotgan bo‘lishi mumkin, ammo Mottaga ham bir qator top-klublar ko‘z tikkanligi ham bor gap. «Bolonya»ning natijalari shunchaki egallab turgan o‘rnigina emas, ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha Motta shogirdlari e’tirofga sazovor. Masalan, to‘p nazorati va o‘tkazib yuborilgan gollar bo‘yicha «Bolonya» faqat «Inter»dan ortda xolos. Shuningdek, o‘z maydonidagi natijalar bo‘yicha ham faqat «Inter» yaxshiroq ko‘rsatkichga ega xolos.

Qizig‘i, «Roma» va «Bolonya»ning so‘nggi o‘zaro o‘yinlari ham juda murosasiz kechib, gol urish juda qiyin bo‘lmoqda. Birinchi davradagi uchrashuvda 2:0 hisobida «Bolonya» ustun keldi, undan oldingi besh o‘yinda esa hammasi bo‘lib 3 gol urilgan xolos. Ikki o‘yinda umuman hisob ochilmagan.

MILAN – INTeR (22 aprel, 23:45)

Olti yil oldinga Manchester derbisini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. «Manchester Siti» uni ta’qib qilayotgan «Manchester Yunayted»ni 12 ochkoga ortda qoldirayotgan va agar derbida g‘alaba qozonsa, rasman chempionlikni hal qilardi. Ya’ni yakunda sovrin naqd bo‘lsa-da, aynan derbidagi raqibiga qarshi o‘yinda masalani hal qilish bayramning darajasini bir necha karra oshirib yuborishi mumkin.

Foto: Getty images

Xuddi shunday holat Milan derbisida ham kuzatiladigan bo‘ldi. Hozirda «Inter» 83 ochkoga ega va «Milan»dan 14 ochko oldinda turibdi. Bu o‘yindan keyin yana 5 tur qolgan. Demak, Milan derbisidagi «Inter» g‘alabasi masofani 17 ochkoga yetkazadi va Indzagi shogirdlarini rasman chempionga aylantiradi. Albatta, muxlislar uchun katta sovg‘a bo‘lardi.

Bir paytlar «Yunayted» amalga oshirgan ishni uddalash va «faqat bugun emas» deyish esa «Milan» uchun o‘ziga xos chaqiriq. Jamoa Yevropa Ligasi yarimfinali ostonasida «Roma»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi, «A Seriya»da esa kelasi mavsum YeChL yo‘llanmasi ham naqd. Mavsum yakuni uchun yana bir motivatsiya – «Inter» ustidan g‘alaba. Birinchi davradagi derbida 5:1 hisobida «ko‘k-qoralar» g‘alaba qozongani ham «Milan»da qasos olish istagi ham borligini ko‘rsatadi. Umuman olganda ham, besh o‘yindan beri «Milan» derbida g‘alaba qozona olmayapti. Bu besh o‘yin ichida yana Chempionlar Ligasi yarimfinali, hamda Italiya Superkubogi uchun bahs ham bor.

Tarkiblarga kelsak, nominal mehmonlar safida yo‘qotishlar yo‘q. «Inter» barcha futbolchilardan foydalanishi mumkin. Qisman «Milan»ning holati ham shunday – Ker va Kalulu ancha oldin uzoq muddatga safdan chiqib bo‘lgan. Faqat Malik Tianing «Sassuolo»ga qarshi o‘yinda navbatdagi sariq kartochkani olib, diskvalifikatsiyaga uchraganini aytish mumkin.

BOShQA O‘YINLAR

20 aprel. Empoli – NAPOLI (21:00), Union – BAVARIYa (21:30), Vulverhempton – ARSeNAL (23:30), JIRONA – Kadis (23:55)

21 aprel. ASTON VILLA – Bornmut (19:00), Fulhem – LIVeRPUL (20:30), BORUSSIYa D – BAYYeR (20:30), Alaves – ATLeTIKO (21:30), Monsa – ATALANTA (23:45).

Ko‘proq yangiliklar: