20 aprel kuni an’anaviy «Totalnyy diktant-2024» savodxonlik tadbiri o‘tkaziladi, ba’zi millat vakillari uni ona tilida ham yozishi mumkin bo‘ladi.
«Biz «Tot.Yazyk» loyihasini ishga tushirdik, uning doirasida diktant matnining bir qismi turli milliy tillarga, jumladan, Rossiya xalqlarining kichik tillariga tarjima qilinadi. Bu loyiha Rossiyaning til xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi madaniyatlararo muloqotni saqlashga qaratilgan», dedi «Totalnyy diktant» jamg‘armasi direktori Vyacheslav Belyakov.
Qayd qilinishicha, «Totalnyy diktant»ni o‘zbek va qoraqalpoq tilida ham yozish mumkin. Bu faqat Nukus shahridagi tadbir doirasida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, quyidagi shaharlarda rus tilidan boshqa tilda diktant yozish mumkin bo‘ladi: Moskva — belarus; Tomsk - nemis, selkup, tatar; Rostov-na-Donu - arman, osetin; Ijyevsk — udmurt; Yoshkar-Ola — mariy; Cheboksari — chuvash; Maxachqal’a - agul, avar, tabasaran (barchasi Rossiya shaharlari); Ridder va Ust-Kamenogorsk (Qozog‘iston) — qozoq.
«Totalnyy diktant-2024» 20 aprel kuni 41 mamlakatda, 700 ga yaqin shaharda bo‘lib o‘tadi. Loyiha Rossiya Fanlar akademiyasining Tilshunoslik instituti bilan birgalikda Rossiya tillarini saqlash bo‘yicha ishlar doirasida amalga oshirilmoqda. Bu yilgi tadbirning poytaxti Rossiyaning Tomsk shahri bo‘ldi.
«Totalnyy diktant» - bu savodxonlikni ommalashtirish maqsadida 2004 yildan beri Rossiyada va butun dunyoda o‘tkazilayotgan butunjahon ta’lim tadbiridir. Diktant har kimga o‘z ona tilida (qoida tariqasida rus tilida) bilimini sinab ko‘rish imkonini beradi. An’anaga ko‘ra, u dunyoning turli shaharlarida bir vaqtning o‘zida bo‘lib o‘tadi.
Ilk diktantlar klassiklar: L.N.Tolstoy, N.V.Gogol, R.Kipling, V.Bikov va boshqalar asarlaridan namunalar edi. 2010 yildan boshlab «Totalnyy diktant» uchun matnlar zamonaviy mualliflar tomonidan yozilmoqda.
2023 yilda «Totalnyy diktant»da qariyb 457 ming kishi ishtirok etdi, shulardan 3 mingi xorijliklar bo‘ldi. Chet elliklar orasida eng ko‘p ishtirokchini Nukus shahri to‘pladi – 560.