15 aprel kuni Novosibirsk viloyatida migrantlarga iqtisodiy faoliyatning 35 ta yo‘nalishi bo‘yicha ishlashni taqiqlash joriy etildi. Shu kuni anneksiya qilingan Qrim chet elliklarga 35 faoliyat turida patent asosida ishlashni 6 oyga taqiqladi. Bu haqda Asia-Plus yozdi.
Masalan, migrantlar ta’lim faoliyati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, baliqchilik va ulgurji savdo bilan shug‘ullana olmaydi.
Mart oyida Voronej viloyatida mehnat migrantlariga jamoat transporti va taksida ishlash taqiqlangan edi.
Joriy yildan boshlab Tula viloyatida taksi va umumiy ovqatlanish sohasida migrantlarga taqiq joriy etildi.
Shuningdek, Amur viloyatidagi ish beruvchilarga biznesning 27 yo‘nalishi bo‘yicha patent asosida migrantlarni yollash taqiqlandi: savdo (ulgurji va chakana savdo); fuqarolarni taksi va avtobusda tashish; ichimliklar, bolalar ovqatlari, tamaki ishlab chiqarish; qimmatbaho metal rudalari va qumlarini qazib olish; dehqonchilik va chorvachilik.
Mintaqadagi ish beruvchilar 3 oy ichida o‘z xodimlarini yangi standartlarga muvofiqlashtirishi shart. Aks holda, ularga ma’muriy javobgarlik tahdid qiladi.
2022 yilda migrantlar uchun turli sohalarda ishlashni taqiqlash Kaluga viloyati, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi, Tyumen va Kaliningrad viloyatlari tomonidan joriy qilingan edi.
Bu hududlarda migrantlarga taksi va boshqa jamoat transportini boshqarish, bolalar ovqatlarini ishlab chiqarish, ta’lim sohasida ishlash, spirtli ichimliklar, tamaki va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish taqiqlangan. Shuningdek, oziq-ovqat yetkazib berish va sog‘liqni saqlash sohasida ishlash ham cheklangan.
Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlarni taqiqlangan kasblarga jalb etganlik uchun katta miqdorda jarimalar joriy qilingan. Jumladan, yuridik shaxslar million rublgacha, mansabdor shaxslar 50 ming rublgacha, migrantni yollagan jismoniy shaxslar esa 2 mingdan 4 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.