«Ko‘z o‘ngimizdagi haqiqat». Alonso qaysi jamoani tanlagan?

Sport 19:38 / 19.04.2024 18356

Tayinlanganda (2022 yil, kuz) Bundesligada 8 turdan keyin birorta ham g‘alaba qozona olmay 17-o‘rinda bo‘lgan «Bayyer»ni qabul qilib olgach, transferlarga sezilarli pul sarflamay (4 futbolchi keldi, 4 futbolchi ketdi, salbiy farq atigi 20 million yevro) bir yarim yil ichida mamlakat chempioniga aylantirdi, mavsumning mag‘lubiyatsiz seriyasi bo‘yicha Germaniya rekordini o‘rnatdi, Yevropa Ligasi chorakfinalida «Vest Hem» bilan safarda durang o‘ynab (1:1), keyingi bosqichga chiqqach, barcha musobaqalarda yutqazmaslik bo‘yicha ham rekord yangilandi. Bu performansga biror murabbiy ushbu mavsumda yaqinlashishi imkonsiz.

Eng ahamiyatlisi, Habi Alonsoning o‘zi ham kelasi mavsumda ushbu darajani takrorlashi o‘ta qiyin va aynan mana shu nuqtayi nazardan qarasak, Habi Alonso yana bir yil «Bayyer»da qolishga qaror qilishi biroz tushunarsiz tuyuladi.

Keling, vaziyatda Alonso tomonidan turib qarab ko‘ramiz. «Bayyer»ga hurmat saqlagan holda tan olish kerakki, klub tom ma’noda tushuniladigan top-klub emas. Ushbu mavsumdagi muvaffaqiyatlar baribir Chempionlar Ligasida yoki transferlar bozorida jamoani favoritga aylantirib qo‘ymaydi, top-klublar qatoriga qo‘shmaydi. Agar Alonso uchun keyingi qadam haqiqatan ham katta jamoa murabbiyiga aylanish bo‘lsa, bu qadam uchun eng optimal palla aynan hozir emasmidi?

Birinchidan. Ayni paytda bir qator top-klublar murabbiysiz qolmoqda va agar Alonso «Bayyer»dan ketishini e’lon qilganida, ularning har biri ispaniyalik mutaxassis uchun navbatda turishga tayyor bo‘lardi. «Bavariya», «Barselona» va «Liverpul» murabbiylari yozda klubni tark etishini rasman e’lon qilgan. Bu ro‘yxatga «Manchester Yunayted» va «Yuventus» ham qo‘shilishi mumkin.

«MYu» va «Barselona»ni Alonsoning futbolchilik faoliyatidan kelib chiqib, qo‘shmasak ham, ruyxatda murabbiyga yaqin bo‘lgan kamida ikki klub bor. «Liverpul» va «Bavariya» Alonsoni yangi murabbiy sifatida ko‘rib chiqdi, hatto ma’lum darajada muzokaralarga kirishdi ham. Faqat uning niyati ma’lum bo‘lgach, boshqa nomzodlarga yuzlanishdi. Qisqa qilib aytganda, kelishuv uchun Habining roziligi yetarli edi.

Tabiiyki, tilga olingan klublarda yozda o‘zgarishlar bo‘ladi va yangi murabbiylar tayinlanadi. Demak, kelasi shu paytda har bir top-klubga Alonso kerak bo‘lishini taxmin qilish qiyin. Har holda hozirgidek darajada bo‘lmaydi. Habining tanlov doirasi torayishini taxmin qilish mumkin.

Ikkinchidan. Yuqorida aytilganidek, agar natijaga qaralsa, Habi Alonso murabbiylik faoliyatidagi cho‘qqida turibdi. Albatta, hammasi oldinda, ammo savol tug‘iladi, «Bayyer»dagi yana bir mavsumda ko‘rsatilayotgan darajani takrorlash mumkinmi?

Ko‘rib chiqamiz. «Bayyer» Bundesligada chempion, katta ehtimol Germaniya kubogini (final quyi liga vakili «Kayzerlautern» bilan) qo‘lga kiritadi. «Liverpul» chiqib ketganidan so‘ng Yevropa Ligasida ham «Bayyer» yaqqol favorit bo‘lib qoldi. Demak, leverkuzenliklarda o‘ziga xos trebl qilish imkoniyati bor. Bir yilda uchta sovrin. Qizig‘i, «Bayyer» avvalgi 120 yillik tarixida jami uchta sovrin yutgan, xolos.

Bu darajani yaxshilash, saqlab qolish uchun «Bayyer» kelasi mavsumda ham Germaniya chempionati va kubogini yutishi, Chempionlar Ligasida aytaylik yarim finalgacha borishi kerak, to‘g‘rimi? Bu qanchalik imkonli?

«Bayyer»ning bundesligadagi chempionligi muddatidan oldin sodir bo‘ldi, ustunlik yaqqol ko‘rinsa-da, vaziyatga biroz chuqurroq qaraganimizda, biroz boshqacha kartinani ko‘rishimiz mumkin.

Mavsum oxirini emas, aynan hozirgi pallasini olish mantiqliroq, chunki, rasman chempionlik ma’lum bo‘lgach, «Bayyer» ham, «Bavariya» ham boshqacha o‘ynay boshlashi tabiiy.

Yuqoridagi jadvaldan albatta, «Bayyer»ning chempionlikka mos emasligi haqida xulosa chiqarish xato, ammo shu bilan birga oradagi farq 16 ochko ekani vaziyatni yetarli aks ettirmaganini ham ko‘rish mumkin. Mavsum davomida «Bavariya» va «Bayyer» deyarli teng darajada o‘yin ko‘rsatishgan, shunchaki, «Bayyer»ga biroz omad kulib boqqani, aksincha «Bavariya»da vaziyatlardan foydalanishda muammolar bo‘lgani tufayli, Bundesliganing bugungi turnir jadvaliga ega bo‘lib turibmiz. Tabiiyki, kelasi mavsumda «Bavariya» kuchliroq o‘yin ko‘rsatishini taxmin qilish mumkin. Agar har ikki jamoa aynan ushbu mavsumdagidek o‘ynashda davom etgan taqdirda ham farq bu yilgidek bo‘lmaydi, hatto «Bavariya» chempion bo‘lishi mumkin.

Germaniya kubogi va Chempionlar Ligasini tahlil qilish qiyin, istalgan bosqichda kuchli raqib duch kelishi va bir o‘yindagi muvaffaqiyatsizlik hammasiga nuqta qo‘yishi mumkin. Germaniya kubogida «Bayyer» «Shtutgart» darvozasiga qo‘shimcha daqiqalarda gol urib keyingi bosqichga chiqdi. Yevropa Ligasida «Qorabog‘» bilan o‘yinda faqat 90+3 va 90+8 daqiqalardagi gollar yakunda nemislarning ustunligini ta’minladi. Chempionlar Ligasida raqiblar kuchliroq bo‘ladi, bu bir, ikkinchidan, ushbu turnirdagi o‘yinlar jiddiyroq bo‘lishini inobatga olsak, asosiy tarkibda bosim ham, yuklama ham kattaroq bo‘ladi – jarohatlar va sport formasidagi muammolar bu yilgidan ko‘payishi tabiiy. Agar ushbu mavsumda o‘z tajribasi bilan yordam bergan Chaka, Hoffman kabi futbolchilar bir yoshga ulg‘ayishi, Frimpong, Tapsoba, Bonifase, Grimaldo kabilarga esa yozda boshqa klublardan takliflar bo‘lishini ham inobatga olish kerak. Hamma ham Alonso emas, futbolchilar yana bir yil «Bayyer»da qolishdan ko‘ra, top-klublarga yaxshiroq shartlar uchun o‘tishga rozi bo‘lishlari mumkin.

Xullas, agar bu omillarni jamlasak, «Bayyer»ning keyingi mavsumi bu yilgisi darajasida bo‘lishi o‘ta qiyin ekanini ko‘ramiz. Ham top-klublarning bosh murabbiy o‘rni bo‘sh bo‘lishi nuqtayi nazaridan, ham Habi Alonsoning aynan murabbiylik salohiyatiga beriladigan baho nisbatidan olganda ham, bugungi palla jamoa almashtirish uchun eng yaxshi vaqt ekanini aytish mumkin.

Alonsoning ham ushbu qarorga kelishiga undagan bir qator omillar bo‘lishi tabiiy.

Masalan, keyingi qadamni qo‘yishga o‘zini tayyor emas, deb hisoblashi. «Bayyer» – murabbiy Alonso uchun ilk klub. U barcha sovrinlarni yutib, Leverkuzenda unga haykal qo‘yishayotgan paytda, o‘zi tashkil qilgan klub bilan yuqoriroq darajada, kattaroq turnirda o‘zini sinab ko‘rish bonusiga ega. Hamma ham Zidan yoki Gvardiola bo‘la olmaydi, shu o‘rinda, Nagelsmann ham butun Yevropani o‘ziga qaratgan, ammo «Bavariya»ga o‘tish yakunda noto‘g‘ri qaror bo‘lib chiqqanini eslash mumkin.

Yoki «Liverpul» varianti barcha uchun ideal qarordek ko‘ringan bo‘lsa-da, aslida bir qator uslubiy muammolar borligini ko‘ramiz. Alonso boshqaruvidagi «Bayyer» birinchi o‘ringa to‘pni va maydondagi barcha holatlarni o‘z nazoratida ushlab turishni qo‘yadi. Klopp boshqaruvidagi «Liverpul» biroz boshqacha – u yerda imkon qadar kurash ko‘p bo‘lishi, vertikal futbol, to‘p u jamoadan bunisiga o‘tayotgan pallalar muhim. Aynan shu nuqtalarda ko‘proq yugurish, ustunroq harakatlanish evaziga «Liverpul» raqibni yengadi, xavfli vaziyatlar yaratadi. Klopp to‘plagan tarkib katta ehtimol bilan Alonsoning futboliga mos kelmasdi.

Bundan tashqari, Saloh kelasi mavsum 32 yoshga kiradi, eng muhim pozitsiyaga olib kelingan Endo ham shu yoshda va uning transferi qisqa muddat uchun amalga oshgani ma’lum edi. Ya’ni Klopp bu yil «Liverpul» bilan deyarli chempionlik grafigida ketayotgan bo‘lsa-da, tayyor chempion jamoa meros qoldirmayapti. Ko‘p natijalar aynan Klopp omili bilan bog‘liq va yangi murabbiy yetarlicha yangiliklarni olib kirishga majbur. Eng muhimi, Liverpulda Kloppning o‘rnini bosish eng qiyin vazifa, jamoadagi muhit va natijalar asosan murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi kommunikatsiya oqibatida kelganini ham e’tiborga olsak, balki imkonsiz ham. Bundan kelib chiqsak, Alonsoning Liverpulga borishida ham ma’lum risklar borligini inkor eta olmaymiz.

Ammo bilasizmi, bu taxminlarda kamchiliklar bordek tuyulmoqda. Biz Alonsoning xarakterini yaxshi bilamiz, nega endi ikkilamchi qiyinchiliklardan qochayotgani haqida o‘ylayapmiz? Axir kim bo‘lishingdan qat’i nazar, har qanday murabbiy qarshisida bunday to‘siqlar bo‘lishi va oqibatda aynan mana shunday qiyinchiliklarni yengish bu kasbni baholash uchun asosiy mezon bo‘lib xizmat qilmaydimi? Nega aynan hozir, bir qator top-klublar murabbiyga ehtiyoj sezib, Alonsoni o‘z safida ko‘rishni xohlab turganida u bu imkoniyatdan voz kechish kerak? Axir boshqa hech qachon hozirgi darajadagi tanlov imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.

Kelasi mavsumda agar «Liverpul» va «Bavariya» o‘zi uchun to‘g‘ri murabbiyni tayinlashsa, Alonsoga ehtiyoj sezishmaydi, agar hammasi noto‘g‘ri tanlansa, u yerdagi ahvol hozirgidan ham yomonroq bo‘lib qoladi. Xo‘sh, agar u «Bayyer»da yana bir yil qolsa, kelasi mavsumda ham o‘zgarmaydigan eng barqaror struktura va yulduzli yosh tarkib yana qayerda bor?

Menimcha, siz ham men borgan xulosaga yetib keldingiz – «Real» Madrid. Habi Alonso o‘z vaqtida to‘p surgan va murabbiy sifatida ishlashi mumkin bo‘lgan uchinchi jamoa ham esimizda – «Real». Yoshi katta murabbiyi ketishiga tayyorlanayotgan «Real» nega Habi Alonso keyingi faoliyati uchun favorit jamoalarni aytganida, liverpullik yoki myunxenlik raqobatchilari kabi g‘imirlab qolmaganini ham tushunish qiyin emasmi?

Kelasi mavsumda Karlo Anchelotti klubni tark etadi. Peres esa, allaqachon, Habi Alonso bilan kelishib, har qanday holatda 2025 yilning yozida uni Madridga taklif qilishini kafolatlab bergan. Men bilgan Alonsoni yana bir yil «Bayyer»da olib qolishi mumkin bo‘lgan boshqa kuchliroq ehtimol ko‘rmayapman va bu haqiqatga eng yaqini. Bu fokusni biz avval ham ko‘rganmiz.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: