Angliya: «MYu» qo‘shimcha daqiqalarda hisobni ochib, g‘alaba qozona olmadi
«Brentford» – «Manchester Yunayted» 1:1
Gollar: 0:1 – 90+6 Maunt, 1:1 – 90+9 Ayyer.
«Brentford» – Flekken, Roerslev (Mope, 87), Yorgensen, Ayyer, Kollinz, Yyensen, Yanelt, Yarmolyuk (Damsgor, 71), Vissa (Mbemo, 71), Touni, Lyuis-Potter (Quddus, 87).
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Varan (Maguayr, 46), Lindelyof (Martines, 69), Uan-Bissaka, Brunu Fernandesh, Maktominey, Maynu (Kazemiro, 80), Garnacho (Antoni, 59), Reshford (Maunt, 80), Hoylund.
Ogohlantirishlar: Uan-Bissaka (39), Vissa (45), Yorgensen (83), Maktominey (90+12), Mope (90+12).
«MYu» bu mavsumda urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbati bo‘yicha ijobiy farqqa erishishga harakat qilmoqda. Bu tur arafasida jamoalarda balans bor edi – urilgan 39 gol va o‘tkazib yuborilgan 39 gol.
Londondagi o‘yinning birinchi bo‘limi «MYu» uchun azobli o‘tdi. Jamoa ilk daqiqalarda oldinga o‘tgan bo‘lsa-da uzatmalarda aniqlik yetishmadi, keyin esa mezbonlar tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga olishdi. Toni Onana bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi, ammo uning zarbasi ustunga tegdi, keyin esa burchakdan to‘p oshirib berilganida Zanka to‘sinni nishonga oldi. «MYu» ham vaziyatlar yaratdi, ammo ular borgan sari kamayib va xavfsiz tus ola bordi.
Tanaffusdan keyin esa «Brentford»ning xavfli hujumlari yanada ko‘paydi. To‘p bir necha bor ustun yonidan o‘tdi. Onana ketma-ket vaziyatlarda qutqardi. Epizodlardan birida u bir necha soniya oralig‘ida ikki xavfli zarbani qaytardi. Raqib «MYu» darvozabon hududidan ham hech qanday qarshiliksiz chalqancha zarba berdi.
73-daqiqada «Brentford» nihoyat darvozani ishg‘ol etdi. Ammo Toni mikroskopik ofsaydda qolgani tufayli golni bekor qilishga to‘g‘ri keldi.
«MYu» himoyachilari shundan keyin ham o‘ziga kela olmadi, ko‘p o‘tmay zaxiradan maydonga tushgan Mbemoning zarbasi to‘singa tegdi. Umuman olganda, butun o‘yin davomida mezbonlar to‘rt marta to‘pni darvoza ustuni yoki to‘siniga tekkizdi.
Barchasi «MYu» Londondan 0:0 hisobidagi durang bilan qaytishiga olib borayotgandi va shu ham ten Hag jamoasining omadi kelgani bo‘lardi. Mezbonlar raqib jarima maydoni ichida to‘pga teginish borasida yetti karra ustunlikka erishdi, zarbalar bo‘yicha hisob – 33:11 ko‘rinishini oldi. Ammo 90+5-daqiqada Maunt kutilmaganda «MYu» safidagi debyut golini urdi. Bu gol umuman o‘yin mantig‘iga to‘g‘ri kelmasdi va qolgan daqiqalar ichida «MYu» baribir g‘alabali hisobni ushlab qololmadi. 90+9-daqiqada «Brentford» to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi va Tonining sa’y-harakatlaridan keyin jarima maydoni markazida bo‘sh qoldirilgan Ayyer Onanani ilojsiz qoldirdi – 1:1. «MYu» baribir urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbatida plyusga chiqa olmadi.
«Tottenhem» – «Luton» 2:1
Gollar: 0:1 – 3 Chong, 1:1 – 51, avtogol Kabore, 2:1 – 86 Son Hyon Min.
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, Dregushin, Udodji, Meddison (Bentankur, 68), Bissuma (Risharlison, 85), Kulusevski (Jonson, 46), Sarr (Lo Chelso, 68), Son Hyon Min (Heyberg, 88), Verner.
«Luton» – Kaminski, Kabore, Berk (Hasioka, 46), Menji, Dauti (Vudrou, 83), Barkli, Berri (Klark, 63), Raddok-Mpanzu, Taunsend, Chong (Onedinma, 74), Morris.
Ogohlantirishlar: Barkli (31), Berk (36), Raddok-Mpanzu (46), Menji (90), Heyberg (90+5), Lo Chelso (90+6).
«Tottenhem» o‘z o‘yinida g‘alaba qozonsa, to‘rtinchi o‘rin uchun kurashda bitta zaxira o‘yiniga ega holda ochkolar soni bo‘yicha «Aston Villa»ga yetib olardi. O‘yin boshlangach esa londonliklar o‘z odatiga ko‘ra birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborishdi. Keyin esa ko‘pdan ko‘p vaziyatlarni ko‘kka sovurishdi. Vernerning qulay vaziyatdan xato zarba berishi odatiy holat, lekin Son Hyong Min darvozabonni aldab o‘tganidan keyin bir zarbaning o‘zida to‘pni ikki ustunga tekkizdi.
Ammo Angelos Posteko‘g‘lining baxtiga uning jamoasiga raqib yordam berdi. Ikkinchi bo‘limda Jonsonning Vernerga uzatmasini to‘sishga uringan Kabore o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. 78-daqiqada yana mezbonlarning omadi kelmadi, bu vaziyatda to‘p «Luton» darvozasiga kirishni istamadi, Jonsonning yaqin masofadan bergan zarbasi u qadar yaxshi chiqmadi, to‘p darvozabonga borib, uning qo‘llaridan sirg‘alib chiqib ketdi, lekin himoyachi u chiziqni to‘liq kesib o‘tgunicha uni uzoqlashtirishga ulgurdi.
Ammo so‘nggi daqiqalarda london «shporlar» baribir raqibni taslim etishdi, Son maydon markazida qarshi hujum boshlab berdi va yakunda Jonsonning uzatmasidan keyin g‘alaba golini urdi.
«Aston Villa» – «Vulverhempton» 2:0
Gollar: 1:0 – 36 Diabi, 2:0 – 65 Konsa.
«Aston Villa» – Martines, Konsa, Diyego Karlos, Pau Torres, Moreno (Din, 63), Beyli (Kizler-Heyden, 90), Tilemans, Duglas Luis, Diabi (Iroegbunam, 88), Uotkins (Duran, 46), Rojyers (Dzaniolo, 63).
«Vulverhempton» – Joze Sa, Semedu (Doerti, 84), Bueno, Kilmen, Gomesh, Ait-Nuri (Bueno, 64), Sarabiya, Lemina, Doyl (Chireva, 71), Gomes (Traore, 84), Chivome (Freyzer, 84).
Ogohlantirishlar: Sarabiya (19), Tilemans (30), Chireva (81), Kilmen (84), Duran (84), Gomesh (90+1), Din (90+6).
Ammo «Tottenhem» to‘rtinchi o‘rinda uzoq vaqt qolmadi, «Aston Villa» doimo raqiblarga muammo tug‘dira oladigan «Vulverhempton»ni mag‘lub etdi. Birminghemliklar har bir bo‘limda bittadan gol urishdi va ikki holatda ham Diabi faollik ko‘rsatdi. Avvaliga fransuz futbolchisi uzoq masofadan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi, keyin esa Konsaning goliga hammualliflik qildi. Bu vaziyatda to‘p APLda 2021 yil dekabridan buyon gol urmagan himoyachining oyog‘iga yaxshi tushmagandi, ammo darvoza to‘riga borib tushdi.
Ispaniya: Feliks hal qildi, ammo gol urolmadi
«Barselona» – «Las-Palmas» 1:0
Gol: 1:0 – 59 Rafinya.
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Martines, Kubarsi, Joau Kanselu, Serji Roberto (Romeu, 81), Gundo‘g‘an, Lopes (Joau Feliks, 56), Rafinya, Yamal (Ferran Torres, 71), Levandovski (Roke, 81).
«Las-Palmas» – Vales, Marvin, Suares, Koko, Marmol, Kardona (Benito Ramires, 78), Xavi Munos (Kampanya, 72), Rodriges, Luaodis (Moleyro, 71), Munir (Eskandel, 28), Sandro Ramires (Kardona, 78).
Ogohlantirishlar: Kardona (14), Gundo‘g‘an (51), Serji Roberto (63), Martines (64), Levandovski (81), Joau Kanselu (88).
Chetlatish: Vales (24).
Birinchi davrada «Barselona» «Las-Palmas»ni so‘nggi daqiqalardagi penalti evaziga mag‘lub etgandi (2:1). Ko‘k-anorranglilar bu safar ham qiynalishdi, mezbonlarning birinchi bo‘lim o‘rtalaridagi goli ofsayd tufayli hisobga olinmadi. Xavi bu borada qat’iy e’tiroz bildirgan bo‘lardi, ammo u shu kuni zaxira o‘rindig‘ida emas, navbatdagi diskvalifikatsiyani o‘tayotgani uchun yopiq lojada edi. Lekin hakamning keyingi qarori mezbonlar foydasiga bo‘ldi va jarima maydoni tashqarisida Rafinyani yiqitgan darvozabon muddatidan oldin kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi.
Uning o‘rniga darvozaga turgan Eskandelga uzoq vaqtgacha gol urib bo‘lmadi. Rafinya Joau Kanseluning qulay uzatmasidan foydalana olmadi. Levandovskining zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi. Raqib kamchilik bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, «Barsa»ning darvozasi qarshisida ham xavfli vaziyatlar yuzaga keltira oldi. Ammo kataloniyaliklar baribir raqibni taslim etishdi, zaxiradan maydonga tushgan Joau Feliks Rafinyani ajoyib pas bilan ta’minladi va hujumchi bu safar xato qilmadi.
Ikkinchi golni Feliksning o‘zi urishi kerak edi, ammo u bir necha metr masofadan turib hech qanday qarshiliksiz zarba berganida to‘pni to‘singa tekkizdi.
«Las-Palmas» so‘nggi daqiqalardagi imkoniyatidan foydalana olmadi va kataloniyaliklar bir kishi kam bo‘lib o‘ynagan autsayderga qarshi o‘yinda og‘ir g‘alabaga erishdi. Ikkinchi o‘rinni mustahkamlab olgan jamoa Xavi yozda ketishini e’lon qilganidan buyon mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda - 8 g‘alaba, 3 durang.
Italiya: yarimfinal repetitsiyasi
«Latsio» – «Yuventus» 1:0
Gol: 1:0 – 90+3 Marushich.
«Latsio» – Mandas, Marushich, Romanioli, Kazale, Hila, Felipe Anderson, Dzakkanya (Luis Alberto, 84), Kataldi (Vesino, 80), Kamada (Genduzi, 80), Pedro (Isaksen, 57), Kastelyanos (Immobile, 58).
«Yuventus» – Shchensni, Danilo, Rugani, Bremer, De Shilo (Ayling, 46), Rabio, Lokatelli, Miretti (Makkenni, 46), Kambiyazo (Vea, 63), Kiyeza (Yildiz, 68), Kin (Sekulov, 80).
Ogohlantirishlar: Ayling (71), Vea (75), Immobile (90+1).
Rimdagi o‘yindan ko‘p narsa kutilmayotgandi. Gap shundaki, chorshanba kuni «Yuventus» va «Latsio» o‘zlari uchun nisbatan muhimroq o‘yinda — Italiya Kubogining ilk finalida maydonga tushadi. Qolaversa, «Keksa sinioralar» hujum chizig‘i Vlahovichning diskvalifikatsiyasi va Milikning jarohati tufayli kuchsizlangandi. Ularning o‘rnini bu mavsumda hali birorta gol urmagan Moyze Kin bilan to‘ldirishga to‘g‘ri keldi. Forvard esa kutilganidek o‘z statistikasini o‘zgartira olmadi. Rimliklar esa to‘pga va hududlarga egalik qilgan bo‘lsa-da, hadeganda bu ustunlikni golga aylantira olmadi.
«Burgutlar» boshqaruviga yaqinda kelgan Igor Tyudor ham keyingi uchrashuvni afzal ko‘rgan holda Immobile, Isaksen va Luis Alberto kabi yetakchi futbolchilarini faqat ikkinchi bo‘lim davomida maydonga tushirdi. Bu esa foyda berdi va murabbiy yangi vazifadagi debyut o‘yinida g‘alabaga erishdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Genduzi oshirib bergan to‘pga Marushich barchadan baland sakrab, g‘alaba golini urdi.
«Fiorentina» – «Milan» 1:2
Gollar: 0:1 – 47 Loftus-Chik, 1:1 – 50 Dankan, 1:2 – 53 Rafael Leau.
«Fiorentina» – Terrachchano, Dodo (Kayode, 69), Martines Kuarta (Barak, 88), Milenkovich, Biragi, Dankan, Mandragora, Ikone (Sottil, 88), Belotti, Kuame (Gonsales, 69), Beltran (Nzola, 80).
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori, Tiav (Gabbiya, 46), Florensi, Loftus-Chik, Binnosir, Reynders (Musa, 63), Rafael Leau (Okafor, 62), Chukvueze (Pulishich, 73), Jiru (Yovich, 82).
Ogohlantirishlar: Biragi (13), Tiav (21), Martines Kuarta (24), Tomori (90), Loftus-Chik (90+3).
57 yoshida vafot etgan «Fiorentina» bosh direktori Juzeppe Barone bilan ta’sirli vidolashuv marosimi o‘tkazilgan Florensiyada «Milan» ilk daqiqalardan ustunlik qildi va ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldi. Ammo gol bo‘lmasligi qiyin bo‘lgan vaziyatlarda ham to‘p darvozaga kirishni xohlamadi va muxlislar golni ikkinchi bo‘limgacha kutishiga to‘g‘ri keldi. Tanaffusdan keyin esa Rafaela Leau barchasini hal qildi. U avvaliga hisobni ochgan Loftus-Chikka tovoni bilan pas yetkazib berdi, raqib hisobni tenglashtirganidan uch daqiqa o‘tib esa tezlik olib darvozabonni ham aldab o‘tgan holda g‘alabani o‘z jamoasiga qaytardi. Portugaliyalik futbolchining sa’y-harakatlari turnir jadvalida «Yuventus»ni 6 ochkoga ortda qoldirishni ta’minladi.
Germaniya: «Bayyer»ning chempionlik xarakteri
«Bayyer» – «Hoffenhaym» 2:1
Gollar: 0:1 – 33 Bayyer, 1:1 – 88 Andrih, 2:1 – 90+1 Shik.
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 86), Ta, Tapsoba (Stanishich, 86), Inkapie (Iglesias, 71), Grimaldo, Chaka, Hofmann (Adli, 58), Andrih, Virts, Shik.
«Hoffenhaym» – Baumann, Kaderjabek, Kabak, Dreksler, Grillich, Yurasek, Shtax, Tuxumchi (Gayger, 73), Kramarich (Premel, 58), Veghorst (Bulter, 78), Bayyer (Bebu, 73).
Ogohlantirish: Dreksler (19).
Habi Alonso keyingi mavsumda ham Leverkuzenda ishlashini e’lon qilganidann keyingi ilk o‘yinda ham «Bayyer» hisobda ortda boruvchi tomon bo‘lib o‘ynadi. «Aspirinchilar» Chempionlar ligasi arafasida tarkibni kuchaytirish uchun yozda o‘z safiga qo‘shib olishni mo‘ljallayotgan Bayyer chempionat peshqadami darvozasini ishg‘ol etdi. Tabloda 88-daqiqaga qadar 0:1 hisobi saqlanib qoldi, ammo bu Germaniyaning eng yaxshi jamoasiga qarshi o‘yinda ochko olishni kafolatlay olmaydi. Jamoa mavsumning ikkinchi davrasida bir necha bor shunday holatda qolgan o‘yinlarida so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketgandi.
Eng yorqin misol — Yevropa ligasi pley-offida «Qorabog‘»ga qarshi o‘yinlardagi kambeklar. Shunday ekan, buni odatiy ssenariy sifatida qabul qilish mumkin. Yanada aniqroq aytganda — chempionlik xarakteri namoyish etilishi. 88-daqiqada Andrihning zarbasi to‘sin ostidan darvozaga kirdi. Qo‘shimcha daqiqalarda — Shik Tellaning uzatmasini golga aylantirdi. Endi hech kimda «Bayyer»ning chempionligiga shubha qolgani yo‘q, 27-turga kelib jamoa ochko jamg‘arish bo‘yicha 1999/2000 yillar mavsumida qayd etilgan klub rekordini (73 ochko) takrorladi. Lekin o‘shanda bu chempionlik uchun yetarli bo‘lmagan, «Bavariya» qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha birinchi bo‘lgandi. Shu bilan birga, «Bavariya» o‘tgan mavsumda chempion bo‘lishi uchun 71 ochko yetarli bo‘lgandi.
Endi «Bayyer»ning barcha turnirlardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi – 39 o‘yinga yetdi, «Yuve»ning rekordiga qadar yana besh o‘yin qolgan. Jamoa oxirgi bor 27 may kuni – o‘tgan mavsumning oxirgi turida yutqazgandi. Bu mavsumda esa – 34 g‘alaba va 5 durang qayd etdi.
Buyog‘iga «Bayyer»ni Germaniya kubogi yarimfinalida «Fortuna»ga qarshi o‘yin kutmoqda. Keyin «Union» bilan safarda, «Verder» bilan uyda o‘ynaydi. Qolaversa, Yevropa ligasi chorakfinalida «Vest Hem»ga qarshi o‘yinlar. Aprel oyi oxirida esa qatorasiga ikkita kuchli raqib – «Dortmund» va «Shtutgart»ga qarshi o‘yinlar bor.
«Bavariya» – «Borussiya» D 0:2
Gollar: 0:1 – 10 Adeyyemi, 0:2 – 83 Ryuerson
«Bavariya» – Ulrayh, Dayyer, de Ligt, Devis, Goretska, Laymer (Mazraui, 73), Kimmih, Shupo-Moting, Myuller (Tel, 63), Sane (Koman, 63), Musiala (Gnabri, 63), Keyn.
«Borussiya» D – Mayyer, Ryuerson, Hummels, Shlotterbek, Matsen, Bayno-Gittens, Jan, Brandt (Roys, 68), Nmecha (O‘zjan, 68), Sancho (Volf, 84), Adeyyemi, Fyullkrug (Aller, 74).
«Bayyer»ning total ustunligi fonida Germaniya chempionatining eng yorqin afishasi biroz xira tus oldi, so‘nggi 14 yil ichida ilk bor mavsumning ikkinchi davrasida «Bavariya» va «Borussiya» o‘yini ulardan birortasi chempionat peshqadami bo‘lmagan holatda o‘tdi. Lekin bular ashaddiy to‘qnashuvni bekor qila olmasdi.
Turnir nuqtayi nazaridan bu o‘yin «Borussiya» uchun muhimroq edi. Jamoaning turnir jadvalidagi holati biroz qaltisroq va bu turda o‘z uyida «Mayns» darvozasiga gol ura olmagan bo‘lsa-da (0:0), «Leypsig» qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Shunday ekan, Edin Terzich jamoasi Myunxenda 2017 yil aprelidan buyon ilk bor g‘alaba qozonishi talab etilardi, o‘shanda sariq-qoralar «Alyans Arena»da kubok uchrashuvida ustun kelgandi (3:2). Agar faqat chempionat o‘yinlari hisoblansa, jamoa safarda 2014 yildan buyon g‘olib bo‘lmagan — Yurgen Klopp va Xosep Gvardiola qarama-qarshiligidan buyon.
Uzoq kutilgan muvaffaqiyatga debyutdayoq tamal toshi qo‘yildi, Brandt Adeyyemini yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi va u o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi bilan Ulrayhni dog‘da qoldirdi. Bu vaziyatda darvozabon ishonchsiz o‘ynadi, shu kuni jarohat tufayli o‘ynay olmagan Noyyer bunday holatda qutqargan bo‘lishi mumkin edi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida Ulrayh Nmechaga yetti metr masofadan gol urish imkonini bermasdan, top-seyv amalga oshirdi.
Keyinroq esa Hummels Komanning olis burchak yaqinida bo‘sh qolgan Keynga uzatmasini to‘sib qoldi va hisob tenglashishiga yo‘l qo‘ymadi.
Birinchi bo‘lim oxirida esa Mats o‘z vaqtida yuqori burchakka ketayotgan to‘pni oyoqlari bilan to‘sib qolib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgandi.
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar bosimni kuchaytirishdi, ammo bu natija bermadi. «Bavariya» safida Gnabri, Koman, Tel va hatto Shupo-Moting zaxiradan tushdi, ammo ularning hech biri gol ura olmadi. «Borussiya» esa ikkinchi golni urdi. Ryuerson jarima maydoni chizig‘i atrofidan uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Shundan keyin «Bavariya» fanatlari stadionni tark etishga kirishdi.
Ular Keynning VAR tomonidan bekor qilingan golini ham ko‘rishmadi. Dortmund tantana qildi va Myunxendagi noxush an’anasiga barham berdi, «Bavariya»ning «Bayyer» bilan orasi esa 13 ochkoga yetdi. Leverkuzenliklar qolgan yetti turdan uchtasida g‘alaba qozonishi chempionlik uchun yetarli bo‘ladi, «Bavariya» mavsumning qolgan barcha o‘yinlarida g‘alaba qozonsa ham.
«Bavariya» bosh murabbiyi Tomas Tuxel ham jamoasi bu mavsumda Bundesligada g‘olib bo‘la olmasligini tan oldi va «Bayyer»ni kutilayotgan chempionlik bilan tabrikladi.
Kun statistikasi
- «Bayyer» Habi Alonso boshqaruvida bir o‘yinda o‘rtacha 2,21 ochko olmoqda. Bundesliga tarixida 50 dan ortiq o‘yindan keyin bundan yuqori ko‘rsatkich faqat «Bavariya» bosh murabbiylari Xosep Gvardiola (2,52) va Hansi Flikda bo‘lgan (2,45).
- «Byornli» hujumchisi Vud bu mavsumda boshi bilan 5 gol urdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha APLda yetakchi.
- Yarimhimoyachi Palmer «Chelsi»dagi debyut mavsumida gol va paslari sonini 20 tadan o‘tkazgan 5-futbolchi bo‘ldi — Hasselbaynk, Azar, Diyego Kosta va Fabregasdan keyingi.
- «Atalanta» yarimhimoyachisi Kopmayners mavsum boshidan buyon 11 gol urdi, u top-5 ligalarda o‘z ampluadoshlari orasida faqat «Real» havbeki Bellinghemdan (16) ortda.
- 37 yoshu 308 kun — NeK havbeki Shonening yoshi, u Niderlandiya chempionatida 1966 yildan buyon PSV darvozasiga gol urgan eng «keksa» futbolchi.