Borrel: Yevropa Ittifoqi Ukrainaga ko‘proq havo mudofaa tizimlarini berishi kerak

Jahon 10:06 / 19.04.2024 2252

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryusselni Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, xususan, Patriot tizimini taqdim etishga chaqirdi. U 18 aprel, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi chog‘ida buni Vashingtonda Ukrainaga harbiy yordamni moliyalashtirish bo‘yicha qanday qaror qabul qilinishidan qat’iy nazar amalga oshirish kerakligini aytdi

«Biz yolg‘iz AQShga tayanolmaymiz. Mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz va «Qo‘shma Shtatlar buni qiladi» deyishni to‘xtatishimiz kerak. Bizda Patriot bor, raketaga qarshi mudofaa tizimlari mavjud. Ularni kazarmalardan olib chiqib, urush davom etayotgan Ukrainaga jo‘natishimiz kerak, ammo buni tezda qilish shart», dedi u. 

Borrel: G‘arb tezroq qaror qabul qilishi lozim

Yevropa diplomatiyasi rahbari Yevropa, Yaponiya, Kanada va Qo‘shma Shtatlar «Ukrainani yanada samaraliroq qo‘llab-quvvatlash uchun tezroq qaror qabul qilishi kerakligini» ta’kidladi. «Chunki biz Rossiyaning Ukrainada g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Ukrainaliklar jang qilmoqda, ammo ularga qurol kerak. Va ularni tezroq berishimiz lozim», - dedi Borrel. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chaqiriq bilan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlariga murojaat qilgan va yaqin kunlarda Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarini ko‘proq berishga qaratilgan aniq qarorlar qabul qilinishi kerak. «Aks holda, Ukrainaning energetika tizimi vayron bo‘ladi va hech bir mamlakat uylarda, fabrikalarda, frontda elektr energiyasisiz kurasha olmaydi, - deya ta’kidladi Jozep Borrel Rossiya tomoni ukrainaliklar zulmatda, sovuqda yashashini va zavodlar to‘xtab qolishini istashini qo‘shimcha qilib. - Buning oldini olishning yagona yo‘li - Ukrainani yanada samaraliroq va kuchli havo mudofaasi imkoniyatlari bilan ta’minlash».

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham G7 hamkorlarini Ukrainani qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga chaqirdi. U AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan ikki tomonlama uchrashuvda qo‘shimcha Patriot qurilmalarini yetkazib berish masalasini ko‘tarish niyatida ekanini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: