Yashil energetikaga o‘tish: bu borada O‘zbekiston qaysi bosqichda? 

O‘zbekiston 19:25 / 18.04.2024 4923

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan bir qancha loyihalar amalga oshirilyapti. Jamiyat va davlat hayotida kuzatilayotgan bu kabi o‘zgarishlar, eng avvalo, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ham o‘sishiga olib kelmoqda. Respublikadagi elektr energiyasining katta qismi issiqlik elektr stansiyalarida (IES) ishlab chiqariladi.  O‘z navbatida, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash masalasi bugungi kundagi eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish kun sayin muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

O‘zbekiston yashil energetikaga qanday o‘tmoqda?

Yashil energetikani rivojlantirish uchun katta miqdorda moliyaviy sarmoya talab etiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda energetika sohasiga investorlarni jalb qilish potensiali ham, sohaga xorijiy investorlar tomonidan bildirilayotgan qiziqish ham mavjud.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar sohaga 2,1 milliard dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib kelgan, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilyapti. Deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.

Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda umumiy quvvati 1,6 GW 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushdi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarida esa 183 MW quvvatga ega  6 ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, ijtimoiy soha obektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 MW’ga teng quyosh panellari o‘rnatilgan.

Oxirgi 4-5 yilda jami quvvati 7047 MW’ga teng bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 21 ta bitim hamda jami quvvati 2030 MW bo‘lgan 5 ta o‘z ehtiyoji uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini transportirovka qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.

Keyingi yillarda qanday loyihalar amalga oshiriladi?

2024 yilda «yashil energiya» hajmi 13 milliard kWh’ga, uning mamlakat iqtisodiyotidagi jami ulushi 15 foizga yetishi kutilyapti.

2025 yilda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MW’dan bo‘lgan 2 ta hamda 2026 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 1600 MWʼga teng bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Ishlar tizimli amalga oshirilsa 2026 yilga borib, O‘zbekistonda umumiy quvvati 8000 MW’dan ortiq bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari, 868 MW quvvatga ega yangi gidroelektr stansiyalari ish boshlaydi.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, sohaga yetarli darajada investitsiya jalb qilish uchun erkin bozor yaratish talab etiladi. Bozorni bir kunda yaratib bo‘lmaydi, bu juda murakkab ish, ammo amalga oshirish imkonsiz bo‘lgan vazifa ham emas. Ko‘plab mamlakatlar bu yo‘lni bosib o‘tgan, O‘zbekistonda ham  bu borada tizimli ishlar qilinyapti. Muqobil energiya manbalari sohadagi aksariyat muammolarga yechim bo‘la oladi. Ammo uni iste’molchilarga yetkazish uchun ham mukammal va eskirmagan infratuzilma kerak. Buni esa faqat bozor qonunlari joriy qilingan sohada amalga oshirsa bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: