Samarqandda kanaldan ikki bolaning jasadi topildi. Ularning onasi ham qidirilmoqda

Jamiyat 15:47 / 18.04.2024 23535

Samarqandda yashovchi ayol ikki bolasi bilan yo‘qolgan. Bir kundan so‘ng bolalarning jasadi Darg‘om kanalidan topilgan. Hozirda ayolni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2024 yil 15 aprel kuni Urgut tumanida yashovchi fuqaro IIBga murojaat qilib, Samarqand shahrida yashovchi kelini I.Ya. ikki bolasi bilan uydan noma’lum tomonga chiqib ketganini bildirgan.

2024 yil 16 aprel kuni Darg‘om kanalining Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismidan 4 yoshli qizaloq va 1 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topilgan.

Hozirda 24 yoshli ayolni viloyat FVB, IIB va boshqa idoralar bilan hamkorlikda izlab topish choralari ko‘rilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Toyloq tuman prokuraturasi tomonidan 2024 yil 16 aprel kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, 2022 yilda qaynonasi bilan janjallashgan 26 yoshli ayol uch nafar bolasi bilan o‘zini Darg‘om kanaliga tashlagandi. O‘shanda kanal atrofida bo‘lgan oshxona ishchilari ayol va uning bir farzandini qutqarib qolishgan, ikki nafari suvda cho‘kib halok bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: