O‘zbekistonda seysmik xavfsizlik va zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish ishlari kuchaytiriladi

O‘zbekiston 10:21 / 18.04.2024 4844

Shavkat Mirziyoyev «Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

1 iyundan boshlab seysmik faol zonalarda MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

1 iyuldan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.

Monitoring qilish uskunalarining majburiy o‘rnatilishini nazorat qilish Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga, ulardan olinadigan ma’lumotlarning yagona bazasini yuritish va monitoring qilish esa Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga yuklangan.

1 iyuldan boshlab MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir bo‘lganda bino va inshootlarning holati bo‘yicha yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olingan ma’lumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi. Bino va inshootlarda aniqlangan xavf bo‘yicha zudlik bilan O‘zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga axborot kiritilishi shart.

Respublika kengashi uch kun muddatda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda zilzila natijasida aniqlangan bino va inshootlarning zaif nuqtalarini mustahkamlash va xavfni bartaraf etish choralarini belgilab, ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, 1 iyundan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi.

Qarorda sodir bo‘lgan zilzilalar va fasllardagi namgarchiliklar ta’siridan cho‘kkan hamda deformatsiyalar paydo bo‘lgan bino va inshootlarni mustahkamlash ishlariga «ilg‘or, zamonaviy va xavfsiz yondashuvlarni» joriy etish belgilangan.

Shu maqsadda 1 iyulga qadar texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni «kompensatsion inʼeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish» uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.

Oktyabr oyiga qadar eksperiment natijalari asosida bino va inshootlar poydevorini mustahkamlash va deformatsiyalarini bartaraf etish uslubini amaliyotga to‘liq joriy etish choralari ko‘rilishi kerak.

Qarorda 1 iyuldan boshlab yangi qurilayotgan obektlarning xavf-xatar toifasini hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy inspektorlarning ish tajribasini inobatga olgan holda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari tashkil etish belgilangan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi qurilishda davlat nazoratini amalga oshirishda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari shtat birliklari sonini qayta ko‘rib chiqadi.

Hujjat bilan seysmik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan hududiy chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalari tasdiqlandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga 1 mayga qadar zilzilaga hududlarning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini tasdiqlash va aholini zilzilaga tayyorlash ishlarini tashkil etish topshirildi.

Hududlarda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini «aniq ilmiy prognozlarga asosan» tashkil etish maqsadida 1 maydan boshlab Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalarni har oyda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Agar xulosalarda kuchli zilzila xavfi haqida ogohlantirish bo‘lsa, tegishli hududlar rahbarlari tomonidan hududlarning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalariga muvofiq ishlar tashkil etiladi.

1 iyundan O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

1 maydan boshlab O‘zbekistonning har bir hududida kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlari tuzila boshlaydi.

Har chorakda ularga qonunchilikka muvofiq kuchli zilzilada harakatlanish qoidalari va tartibi o‘rgatilib, bu yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalari oshirib boriladi.

Qarorga ko‘ra, Fanlar akademiyasida Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Uning tarkibiga vazirlik va idoralarning sohaga mas’ul mutaxassislari, olimlar, xorijlik mutaxassislar kiradi va u har uch yilda bir marta yangilanadi.

Assotsiatsiya tomonidan har chorakda tayyorlanadigan takliflar respublika kengashi tomonidan har yarim yilda muhokamadan o‘tkazilishi va asoslangan takliflar zudlik bilan amalga oshirilishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: