"Dunyo" xabariga ko‘ra, onlayn-muloqotda "Markaziy Osiyo – Hindiston" ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini joriy yil O‘zbekistonda o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston ishbilarmon doiralari vakillarining mazkur muloqot platformasi 2020 yil aprel oyida tashkil etilgan. Shu paytgacha uning yig‘ilishlari ikki marta o‘tkazilgan.
FICCI vakillari o‘zbek zamini qabul qilayotgan navbatdagi anjumanga Hindiston tadbirkorlari tomonidan katta qiziqish bildirilayotgani hamda turli yo‘nalishdagi yetakchi kompaniyalar mutaxassislaridan iborat salmoqli tarkibdagi delegatsiya shakllantirilayotganini ma’lum qildi.
Tomonlar joriy yilgi tadbirni yoz faslida o‘tkazish hamda tez kunlarda Markaziy Osiyo davlatlari vakillarini jalb etgan holda uning tashkiliy jihatlarini batafsil muhokama qilishga kelishib oldi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli tarzda faollashgani kuzatilmoqda. Xususan, 2023 yil o‘zaro tovar ayirboshlash qariyb 760 million AQSh dollarini tashkil etdi. Ammo bu ko‘rsatkich ikki tomonlama savdoning mavjud salohiyatini aks ettirmaydi. Shu bois ikki davlat rahbarlari yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni vazifa qilib qo‘ygan.