YeI kengashi: «Chet el agentlari» haqidagi qonun Gurjistonni Yevroittifoqdan uzoqlashtiradi

Jahon 11:42 / 17.04.2024 1780

«Chet el agentlari» haqidagi qonun loyihasining qabul qilinishi Gurjistonni Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishdan uzoqlashtiradi, deydi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel. «Gurjiston xalqi Yevropa yo‘lini tanladi va bunga javoban Yevropa kengashi o‘tgan yilning dekabrida Gurjistonga nomzod maqomini berdi. «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga intilishlariga to‘g‘ri kelmaydi», — deb yozadi u ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida.

16 aprel kuni Gurjiston parlamenti «chet el agentlari» haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishni boshladi. Muxolifat va nodavlat tashkilotlar uning qabul qilinishiga qarshi. Bu tashabbus Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh tomonidan ham tanqid qilinmoqda. Shu munosabat bilan Gurjistonning hukmron partiyasi g‘arbiy sheriklarni «mamlakatning ichki ishlariga haddan tashqari aralashishda» aybladi, «Gurjiston orzusi» rahbari Kaxa Kaladze esa Yevropa Ittifoqi va AQShni SSSR davridagi KPSS markaziy qo‘mitasi bilan taqqosladi. «Bugun xuddi sovet ittifoqidagi kabi ko‘rsatmalar bo‘lmoqda. Agar siz ularni markaziy qo‘mita bilan muvofiqlashtirmasangiz, oldinga bir qadam ham tashlolmaysiz».

15 mingga yaqin kishi «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi chiqdi

Qonun loyihasini ko‘rib chiqishning birinchi kunida ovoz berish jarayonini amalga oshmadi. Rasmiy versiyaga ko‘ra, parlament a’zolari o‘rtasida cho‘zilgan bahs-munozaralar tufayli u qoldirildi. Parlament raisi Shalva Papuashvili tushuntirishicha, reglamentga ko‘ra, yalpi majlis kechki sakkizdan kechiktirmay tugaydi va u paytgacha so‘zga chiqishni istagan barcha deputatlar so‘zga chiqishga ulgurmagan. 

Ovoz berish 17 aprel, chorshanba kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ayni paytda, «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha parlament yig‘ilishi ommaviy noroziliklar fonida bo‘lib o‘tdi. Qonun qabul qilinishiga qarshi namoyishchilar parlament binosi yaqinidagi Rustaveli shohko‘chasini to‘sib qo‘ydi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tbilisi ko‘chalariga 15 mingga yaqin odam chiqqan. 

Kechga yaqin namoyishchilar to‘plangan joylarda maxsus kuchlar va suv purkagichlar ko‘rindi. Politsiya odamlarni qo‘lga olishni boshladi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, maxsus kuchlar namoyishda qatnashganlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan. 

Ko‘proq yangiliklar: