Ukraina politsiyasi nemis hamkasblari bilan hamkorlikda Rossiya tomonidan o‘g‘irlab ketilgan 161 nafar ukrainalik bolani Germaniyada topdi. Bu haqda Ukraina Milliy politsiyasi raisi Ivan Vixovskiy Berlinda Germaniya Federal jinoyat politsiyasi boshqarmasi prezidenti Xolger Munx bilan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tdi.
«Rossiyaning harbiy jinoyatlarini, ya’ni ukrainalik bolalarning deportatsiyasi va majburiy ko‘chirilishini hujjatlashtirish bo‘yicha Germaniya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorligimiz tufayli 161 nafar ukrainalik bolaning Germaniyadagi manzili aniqlandi. Bu bolalar vaqtincha bosib olingan hududlarga majburan ko‘chirilgan yoki Rossiyaga deportatsiya qilingani uchun qidiruvda bo‘lgan», dedi Vixovskiy.
U ukrainalik bolalar Germaniya hududiga qanday kelib qolganiga aniqlik kiritmadi.
Vixovskiyning qo‘shimcha qilishicha, u rossiyalik harbiy jinoyatchilarni Ukraina sudlarida ham, boshqa davlatlar sudlarida ham javobgarlikka tortishda hamkorlar yordamiga, Xalqaro jinoiy sud va maxsus tribunallardagi harbiy-siyosiy rahbariyatga ishonadi.
«Biz nemis hamkorlarimiz bilan ikki tomonlama asosda ham, Yevropol shafeligida ham qo‘shma harakatlardan manfaatdormiz», deb ta’kidladi Ukraina Milliy politsiyasi rahbari. U germaniyalik hamkasblari bilan hujjatlashtirish va dalillarni to‘plash bo‘yicha samarali hamkorlikni qayd etdi.
2023 yil mart oyida Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiyadagi bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan edi. Ular ukrainalik bolalarni bosib olingan hududlardan noqonuniy deportatsiya qilinishida ayblangan.