Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri 37 mingga yaqin Ukraina fuqarosi bedarak yo‘qolgan. «Bu ko‘rsatkichlar ancha yuqori bo‘lishi mumkin», — deb yozdi Ukraina Oliy radasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets 16 aprel, seshanba kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida. Uning ta’kidlashicha, gap ham harbiy xizmatchilar, ham turli yoshdagi fuqarolar haqida ketmoqda.
Ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi 2014 yildan beri Ukraina hududidan tinch aholi vakillarini o‘g‘irlab ketyapti. Yo‘qolganlar sonini hisoblash jarayonini murakkablashtirgani shundaki, Rossiya hozirda Ukraina hududining deyarli 20 foizini egallab turibdi. Lubinetsning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Rossiya Federatsiyasi hududida «noqonuniy ushlab turilgan» 1700 ga yaqin tinch aholi vakilini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan, 147 kishi vatanga qaytarilgan.
Ukrainalik bolalarning Rossiyaga noqonuniy deportatsiyasi
2023 yilda Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani egallab olingan Ukraina hududlaridan bolalarni o‘g‘irlashda ayblab, hibsga olishga order bergan edi. Kreml bu ayblovlarni rad etadi.
2023 yil mart oyida Ukraina bolalarni Rossiya Federatsiyasiga majburan deportatsiya qilishning 16 mingdan ortiq holati haqida ma’lum qildi. Ukrainadan olib ketilgan ko‘plab bolalar noqonuniy ravishda oilalarga beriladi yoki bolalar uylariga joylashtiriladi.