Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov Avstraliyaning Sidney shahri tajribasidan kelib chiqib poytaxtning mahalla va ko‘chalari obodonlashtirilishini ma’lum qildi. Rekonstruksiya ishlarida Sidney tajribasiga tayanilishi aytilmoqda.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov salkam 2 haftadan beri poytaxt tumanlarida bo‘lib, mahalla va ko‘chalarning sharoiti, hududlarning foydalanish quvvatini o‘rganmoqda.
9 aprel kuni Yunusobod tumani Shoshtepa mahallasiga bo‘lgan tashrifida Umrzoqov ko‘cha va mahallalarni obodonlashtirish Sidney tajribasi asosida qilinishi kerakligini aytib, ideal sharoitlar nafaqat shahar markazida, balki eng og‘ir va chekka mahallalarda ham bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
2021 yilda qabul qilingan Sidneyning “ko‘cha kodlari” hujjati 443 varaqdan iborat. Unda texnik-iqtisodiy shartlar, ularni loyihalash va ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar kabi obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlarida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlar ko‘rsatilgan. Poytaxt hokimiyati matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, ko‘cha va mahallalarga ayni Sidney tajribasi to‘liq joriy etilmaydi, “aslida bu biz uchun yo‘riqnoma emas, qo‘llanma”, deydi u.
Qayd etilishicha, shular asosida hokim barcha mahallalarda qo‘llanadigan standart va normalar ishlab chiqilishini ta’kidlagan.
“Avvallari obodonlashtirish 2-4 ta uydagi muammolarni bartaraf etishni anglatardi va bo‘ldi shu. Biz endi bu yondashuvdan uzoqlashamiz. Endi aholi sonidan kelib chiqib, biz atrofida qancha “skameyka” bo‘lishi kerakligini aniqlaymiz, masalan, 1 yoki 17 ta uy, nechta o‘yin maydonchasi bo‘lishi va ular qayerda qurilishi kerak, qancha vorkaut zonasi kerak, bolalar maydonchasi qayerda bo‘lsin, keksalar qayerda dam olishi kerak, amfiteatr, xiyobon qayerda bo‘lishi kerak, daraxtni qayerga ekish kerak, ya’ni qayerlarda ularni sug‘orsa bo‘ladi, qancha chiqindini yig‘ish punktlari bo‘lishi kerak, sut do‘konini qayerga qo‘yish kerak, qayerlarda noqonuniy binolar bor va hokazo”, – deya shahar hokimidan iqtibos keltirgan Gazeta.uz.
Tashrif davomida taqdimot qilgan Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyevning aytishicha, tuman markazida “diqqatga sazovor joy”, shuningdek, piyodalar yo‘laklari, amfiteatr va boshqa obektlar bo‘ladi. Qo‘shimcha qilinishicha, hokimning topshirig‘i asosida aholi uchun “Sidney kodlari” bo‘yicha sharoitlar yaratiladi, shuning uchun o‘rindiqlar, ko‘chalarni yoritish va boshqa elementlar soni o‘zgarishi mumkin.
Toshkent shahri hokimi mahallalar raislariga belgilangan chora-tadbirlar, muddatlar va miqdorlar ko‘rsatilgan bosh reja ishlab chiqilganini ma’lum qilgan. Ular aholi obodonlashtirish rejalari bilan tanishishi va uning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi uchun ushbu rejalarni o‘z mahallalariga joylashtirishlari kerak.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt bosh rejasi ishlab chiqilgani va hukumatga tasdiqlash uchun kiritilgani haqida shu yil fevral oyida Kun.uzʼga intervyu bergan “ToshkentboshplanLITi” direktori o‘rinbosari Sherzod Ziyayev ma’lum qilgandi. Shuningdek, u hujjat jamoatchilikka ham e’lon qilinishi, shundan so‘ng qabul qilinishini aytgandi. Ammo hozircha bosh reja bilan Toshkent aholisi tanishganicha yo‘q.