Joriy yilning 13-14 may kunlari Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkaziladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan.
Forumda Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forum 10 ta parallel sessiya doirasida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar xotin-qizlarning fan, ta’lim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalarini muhokama qilishadi.
Bundan tashqari, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi ko‘rib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini rag‘batlantirishda parlamentlarning o‘rni, genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Qayd etilishicha, forumda “Yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining mintaqadagi gender muammolarga ta’siri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarning ilg‘or tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham ko‘rib chiqiladi. Forum yakuni bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan.