Rossiya qo‘shini 17 aprel tongida Chernihivni o‘qqa tutdi. Oblast ma’muriyati rahbari Vyacheslav Chausning ma’lumotiga ko‘ra, «deyarli shahar markazi bo‘ylab uchta raketa zarbasi» yo‘llangan. U «Suspilne» uchun izohida aniqlik kiritib, shaharga «Iskander» tizimining uchta raketasi bilan zarba berilganini aytgan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Oleksiy Kuleba xabar berishicha, shahar o‘qqa tutilishi oqibatida sakkiz qavatli turar joy binosi vayron bo‘lgan, shuningdek to‘rtta ko‘p qavatli uy, shifoxona, oliy ta’lim muassasasi va o‘nlab avtomobillarga zarar yetgan. Chernihiv shahar ma’muriyati rahbari Dmitro Brijinskiy «Suspilne» uchun intervyusida shaharda jami 16 ta uy shikastlanganini aytgan.
Chernihiv meri vazifasini bajaruvchi Oleksandr Lomako 14 kishi halok bo‘lib, 61 kishi jarohat olganini ma’lum qilgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 17 nafarga yetgan.
Hozirda raketalar kelib tushgan joylarda qidiruv-qutqaruv amaliyotlari davom ettirilmoqda, xarobalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin, deb xabar bergan Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko. Uning ma’lumotiga ko‘ra, hujumdan keyin kamida uch kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berishicha, qutqaruvchilar xarobalar ostidan uch kishini chiqarib olgan.
Klimenko qurbonlar orasida IIV xodimi bo‘lganini aytgan. «25 yoshli politsiya leytenanti. Ayol qo‘shni uyda yashagan, kasallik ta’tili tufayli uyda bo‘lgan. Oskolka jarohatidan o‘lim topgan», — degan vazir.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, qurbonlar va jabrlanganlar soni ortishi mumkinligini qayd etgan. «Agar Ukraina yetarlicha havo hujumidan mudofaa vositalari olganida va dunyoning Rossiya terroriga qarshi qat’iyati yetarli bo‘lganida bu ish bo‘lmasdi», — deya yozgan prezident telegram-kanalida.
Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqqan. «Agar Ukraina yetarlicha havo hujumidan mudofaa imkoniyatlariga ega bo‘lganida bu beayb odamlar halok bo‘lmasdi. Uch kun muqaddam Yaqin Sharqda biz inson hayotini raketalardan ishonchli himoyalash qanday bo‘lishini ko‘rdik. Ukrainaning hamkorlari bizga ukrainlar hayotini ham shunday samarali darajada himoya qilishga yordam beradigan zarur vositalarga ega», — deya yozgan Kuleba X sahifasida.
Shaharda hujum oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha shtab tashkil etilgan. Mer vazifasini bajaruvchi Oleksandr Lomako hukumat vaqtincha turar joyga ehtiyoj sezuvchi odamlarga boshpana topib berishga kirishgan, kommunal xizmatlar xodimlari esa raketa zarbasi ta’sir qiladigan radiusdagi uylardagi kvartiralarni ko‘zdan kechirib chiqmoqda. Shuningdek, rasmiylar jabrlanganlar uchun zudlik bilan qon to‘plash haqida e’lon bergan.
Oliy radaning sobiq deputati Igor Mosiychuk Chernihivda rossiyaliklar zarbasi oqibatida Ukraina qurolli kuchlari harbiylari joylashgan mehmonxona vayron bo‘lgani haqida aytgan. «Shahar markaziga yaqin hududdagi harbiylar yashayotgan mehmonxonaga zarba kelib tushgan. Ko‘plab qurbonlar va yanada ko‘proq jabrlanganlar bor», — deya yozgan u.
Ukraina hukumati bu ma’lumotni tasdiqlamagan, RF mudofaa vazirligi esa hozircha Chernihiv bo‘ylab yo‘llangan zarbaga izoh bermagan.
Odessa oblastida ham 17 aprel tongida portlash ovozlari eshitilgan, oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper infratuzilma obektlari shikastlangani to‘g‘risida xabar bergan, jarohatlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
2023 yil 19 avgustida Chernihiv markaziga yo‘llangan zarba oqibatida yetti kishi halok bo‘lib, 148 kishi jarohat olgandi.