Qozog‘istonda milliarderlar toshqindan zarar ko‘rgan hududlarga «biriktiriladi»

Jahon 19:48 / 17.04.2024 7262

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev toshqindan jabr ko‘rgan har bir viloyat, tuman va qishloqlarga mahalliy milliarderlarni biriktirmoqchi. Bu haqda davlat rahbari Tobol shahridagi tezkor shtabda Qo‘stanoy viloyati aholisi bilan uchrashuvda ma’lum qildi. 

«Bizda Forbes ro‘yxatiga kiritilgan juda boy tadbirkorlar bor. Biz ular bilan gaplashib, har bir viloyat, tuman, qishloqqa nomma-nom biriktiramiz», dedi To‘qayev. 

Prezident bu chora ishbilarmonlar manfaatiga mos ekanini, ular o‘z yordami samarasini ko‘rishini, davlatning e’tiboridan chetda qolmasligini ta’kidladi. 

To‘qayev qozog‘istonlik oligarxlarga yordam so‘rab birinchi marta murojaat qilayotgani yo‘q. 2022 yil yanvardagi tartibsizliklardan so‘ng, prezident topshirig‘iga ko‘ra «Qozog‘iston xalqiga» jamg‘armasi tuzilib, unga yirik tadbirkorlar va korxonalar o‘z hissalarini qo‘shgan edi. 

Qozog‘istondagi hozirgi suv toshqinlari so‘nggi 80 yildan ortiq vaqt ichida sodir bo‘lgan eng yirik tabiiy ofatdir. Respublikaning bir qator viloyatlarida favqulodda holat e’lon qilingan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyi boshidan buyon xavfli hududlardan evakuatsiya qilinganlar soni 117 ming kishiga yetgan. 

Misli ko‘rilmagan suv toshqinlari sababli Qozog‘istonda davlat darajasidagi yirik tadbirlar, xalqaro konferensiya va forumlar bekor qilindi. Bu budjet mablag‘larini tejash va toshqindan zarar ko‘rgan hududlarga yo‘naltirish bilan izohlandi.

Ko‘proq yangiliklar: