Polsha Rossiya Federatsiyasining ehtimoliy hujumiga qarshi havo kengliklarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida «Yevropa osmon qalqoni» tashabbusi (European Sky Shield Initiative, ESSI) loyihasida ishtirok etish masalasini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. «Bizning bugungi vazifamiz Polshani Isroil kabi xavfsiz qilish uchun havo hududini himoya etish maqsadida barcha tizimlardan foydalanishdir», dedi bosh vazir Donald Tusk 16 aprel, seshanba kuni xavfsizlik masalalari bo‘yicha hukumat yig‘ilishidan so‘ng.
Tuskning ta’kidlashicha, Eronning Isroilga hujumi paytida Isroil deyarli barcha raketa va uchuvchisiz uchoqlarni tutib olishga muvaffaq bo‘lgan, Ukraina esa Rossiya raketalarining uchdan bir qismini yo‘q qildi. «Bundan kelib chiqadiki, xavfsizlik darajasini oshirish uchun siz hududingiz ustidagi havo bo‘shlig‘ini nazorat qilishingiz kerak», - deya Polsha bosh vazirining so‘zlaridan iqtibos keltiradi dpa agentligi.
«Yevropa osmon qalqoni» loyihasi
Germaniya tashabbusi bilan yaratilgan «Yevropa osmon qalqoni» havo mudofaa tizimi NATOning himoya soyabonini mustahkamlashga mo‘ljallangan. Loyiha Yevropa mamlakatlari tomonidan IRIS-T SLM havo mudofaa tizimlarini birgalikda sotib olishni nazarda tutadi.
Polshada Germaniya tashabbusida ishtirok etish bo‘yicha konsensus yo‘q. Prezident Anjyey Duda avvalroq ESSI’ni Varshava qo‘shilmasligi kerak bo‘lgan «nemis biznes loyihasi» deb atagan, chunki u AQSh va Britaniya bilan birga Patriot tizimlaridan foydalanadi. Mamlakat bosh vaziri Donald Tusk buning teskarisini ta’kidlab, o‘z nuqtayi nazarini Rossiya Federatsiyasidan tahdid kuchayib borayotgan bir sharoitda havo hujumidan mudofaa bo‘yicha bir nechta loyihalarda Polsha ishtiroki hech qanday zarar keltirmasligini ko‘rayotgan polshalik harbiylarning dalillari bilan tasdiqlaydi.
Prezident Polshada qurolli kuchlar uchun mas’uldir, ammo hukumat qurol sotib olish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi. Tusk va Duda turli siyosiy lagerlarni ifodalaydi va ko‘plab ichki siyosat masalalar bo‘yicha kelisha olmaydi. Shu bilan birga, Polsha Ukrainaning Rossiya bilan urushdagi eng yaqin harbiy ittifoqchilaridan biridir. G‘arb harbiy yordami mamlakat orqali Kiyevga yetkaziladi. Bu fakt Varshavani Ukrainaning Yevropa Ittifoqidagi hamkorlari orasida Rossiya Federatsiyasi uchun asosiy potensial maqsadlardan biriga aylantiradi.