O‘zbekistonda piyoz narxi keskin arzonlashdi. Bunga sabab nimada?

Iqtisodiyot 21:55 / 17.04.2024 14988

O‘tgan hafta davomida O‘zbekistonda 1 kg piyozning ulgurji narxi 1500 so‘mgacha (12 sent) arzonlashgan. Ya’ni ayni paytda 830 kilogrammdan ortiq piyozni tahminan 100 dollarga ulgurji sotib olish mumkin. Bu haqda EastFruit tomonidan amalga oshirilgan monitoring natijalarida keltirib o‘tilgan.

Yuqorida keltirilgan grafikka ko‘ra, mamlakatda yilning shu davrida piyozning bunday arzon narxlari oxirgi 5 yillikda umuman kuzatilmagan. Xususan, o‘tgan yilning mos davrida narx hozirgidan 4,4 barobar qimmatroq bo‘lgan. Umuman olganda esa, yilning ushbu davri uchun odatiy o‘rtacha narx taxminan ikki baravar yuqori bo‘lib, 24-26 sentni tashkil qiladi.

Biroq muammo ancha jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Ushbu ma’lumotlar kichik ulgurji savdolar narxidir. Agar bahorda qayta sotish uchun kuzda piyoz sotib olgan fermer yoki savdogarlar ham inobatga olinsa, bunda piyozning haqiqiy narxi hozirda nolga intiladi va 2023 yilgi hosil zaxiralarining barchasini sotishning imkoni bo‘lmasligi ham mumkin.

EastFruit hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina O‘zbekistonning o‘zida kamida 150-200 ming tonna piyozni chiqindi poligoniga tashlash yoki ozuqa sifatida chorvaga berishga to‘g‘ri keladi. Xuddi shunday ishni sal avvalroq qozog‘istonlik fermerlar ham qilishni boshlashgan. Shu jihatdan bu hafta davomida ham o‘tgan yilgi piyoz narxi sezilarli darajada pasayishda davom etishi aytilmoqda. 

Tabiiyki, bu holat dehqonlar va bahorda piyozni qimmatga sotish uchun g‘amlab qo‘ygan savdogarlarga katta ziyon yetkazadi. Shu bois, O‘zbekistonda va umuman mintaqada piyoz yetishtirish bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishi mumkin, bu esa juda ham achinarli. Chunki Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham dehqonlar narx bilan bog‘liq shunday muammolarga duch kelishgan.  

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) sarmoya bo‘limi iqtisodchisi Andrey Yarmakning tushuntirishicha, narxlarning bunday qulashi agrobiznesning ayrim segmentlarida odatiy holdir. Piyoz esa ulardan biridir.

«Piyozga talab elastik emas. Boshqacha aytganda, piyoz narxi yuqori yoki past bo‘lishidan qat’i nazar, unga bo‘lgan talab sezilarli darajada o‘zgarmaydi. Narxlar past bo‘lsa, odamlar piyozni ko‘proq iste’mol qilmaydi yoki narxlar yuqori bo‘lsa, unda piyozning o‘rnini almashtirish uchun boshqa mahsulot yo‘q va uni sotib olish davom etadi», deya ta’kidlagan Yarmak.

Avvalroq, 2023 yilning mart oyi o‘rtalaridan iyun oyi oxirigacha O‘zbekistondan xorijga 222,8 ming tonna piyoz eksport qilingani xabar qilingandi. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanib, 2022 yilning shu davriga nisbatan 53 foizga ko‘p bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: