Dunyoda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari bilan tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoda Isroil agressiyasi qurbonlari 33 ming 797 nafar yetgan.
7 oktyabrdan buyon davom etayotgan qirg‘in davomida Isroil 193 marta aviahujumlar uyushtirgan va 3 mingga yaqin ommaviy qirg‘inlarni amalga oshirgan. Bu kuniga o‘rtacha 16 tadan qirg‘in amalga oshirilganini bildiradi. 70 ming tonnadan ziyod portlovchi moddalarni odamlar ustiga yog‘dirgan.
O‘ldirilgan 34 mingga yaqin insonlarning kamida 14 ming 600 nafarini voyaga yetmagan yosh bolalar, 9600 ga yaqinini ayollar tashkil etadi.
Yaradorlar soni 76 ming 465 nafarni tashkil etgan.
Yetkazilgan zararlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 70 mingdan ziyod turar joylar, 233 ta masjid, 203 ta tarixiy-madaniy obektlar, 100 dan ortiq maktablar va universitetlar, 3 ta cherkov to‘liq yo‘q qilingan.
290 mingdan ortiq turar joylar, 305 ta maktab va universitetlarga jiddiy ziyon yetkazilgan.
Isroil shuningdek 159 ta tibbiyot muassasalariga hujum qilgan. 59 ta tibbiyot markazlari va 32 ta kasalxona ishdan chiqarilgan.
Isroilning Eronga hujumi
Isroil harbiy vazirlar mahkamasi «Eron va uning ishonchli vakillariga aniq qanday javob qaytarish haqida qaror qabul qildi, biroq hozircha uning vaqtini belgilamadi», deb yozadi The Jerusalem Post.
«Chunki vaqt turlicha bo‘lishi mumkin va zarur bo‘lgan barcha murakkab tayyorgarliklar tufayli qaror o‘zgarishi mumkin», deb davom etadi nashr «Biroq qarorning o‘zi Isroil rahbariyati o‘ch olish uchun jiddiyligi va qat’iyatini ko‘rsatadi. Quddus mintaqaviy urushga aylanib ketmasligi uchun hujumni yumshatishga harakat qilishda davom etyapti».
Mualliflarning kuzatuvlariga ko‘ra, «muhim signallar yaqin kunlarda yirik hujum (Isroil tomonidan) sodir bo‘lmasligi va hatto uzoqroq muddatga kechiktirilishi mumkinligini ko‘rsatadi».
Nashrning yozishicha, hujumning mohiyati quyidagi ssenariylar bo‘lishi mumkin:
qattiq — Eronning yadroviy obektlariga zarba berish bilan;
o‘rtacha — Eronning Isroilga hujumida bevosita ishtirok etgan uchuvchisiz uchoqlar yoki ballistik raketalar bilan bog‘liq obektlarga zarba berish bilan;
«cheklanganroq variantlar» — masalan, «aniq shaxslarni o‘ldirish yoki Islom inqilobi muhofizlari korpusi mansabdor shaxslarini sheriklari bilan birga chet elda jazolash yoki yuqoridagilarning ba’zilarini yirik kiberhujum bilan birlashtirish».
G‘arbning Eronga qarshi yangi sanksiyalari
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning so‘zlariga ko‘ra, yangi cheklovlar Islom Respublikasidan qurol-yarog‘ eksportiga, jumladan, Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlarni yetkazib berishga ta’sir qiladi. AQSh sanksiyalari IIMK va Eron Mudofaa vazirligiga tegishli bo‘ladi.
Eronga nisbatan sanksiyalar kuchaytirilishi haqida shu kuni, 16 aprelda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham ma’lum qildi. Unga ko‘ra sanksiyalar nishoni Eron Mudofaa vazirligi va Islom inqilobi muhofizlari korpusi bo‘ladi. Cheklovlar, jumladan, Eronning dron va raketa dasturlariga qaratiladi.
«Ushbu yangi sanksiyalar va boshqa choralar Eronga harbiy salohiyati va samaradorligini cheklash va zaiflashtirish hamda muammoli xatti-harakatlarining to‘liq ko‘lamiga qarshi turish uchun doimiy bosim o‘tkazishda davom etadi», dedi Sallivan.
Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishi Islom Respublikasining 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga qarshi havo hujumi bilan bog‘liq.
Ukrainadagi urush
Pentagon maslahatchilari bir necha oy ichida Ukrainaning Xarkiv shahri Rossiya tomonidan egallab olinishi mumkinligini aytishmoqda.
Ukrainaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi shahri agar Moskva «kuchli hujum» uyushtirsa «bir necha oy» ichida egallab olinishi mumkinligi haqida AQSh hukumati va Pentagonning buyurtmalarini bajaruvchi Rand Corporation tadqiqot markazi vakili Newsweek nashriga so‘zlab bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xarkivning Rossiya chegarasidan bor-yo‘g‘i 26 km narida joylashgani Rossiyaga hujumga o‘tgan qo‘shinlarni qo‘llashni osonlashtirishi, rossiyalik askarlar artilleriyada ustunligi va Rossiya rahbariyatining tirik jonlarda ulkan yo‘qotishlarga tayyorligi sabab ishni osonlashtiradi.
Ukraina kuchlarining Rossiya hujumlarini qaytarish qobiliyati moddiy vositalar yetishmovchiligi tufayli keskin pasaygan va agar AQSh harbiy yordam ko‘rsatmasa kelgusida ham pasayishda davom etadi, deyishmoqda Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari. Ukraina qurolli kuchlari ayniqsa Xarkiv joylashgan sharqiy qismda ojizlanib qolgan, deyishmoqda harbiy ekspertlar.
Grozniyda Putin nomidagi tuman
Checheniston poytaxti Grozniy shahrida Vladimir Putin tumani paydo bo‘ladi. Uni Shayx Mansur tumani hududidan ajratib olishadi. Bu haqda go‘yoki uyma-uy o‘tkazilgan so‘rovlarda shaharning qariyb 35 ming aholisi xohish bildirgan, demoqda Checheniston hukumati.
So‘rovda qatnashgan 35 ming odamdan faqat 200 kishi yangi tuman «Putin nomida» bo‘lishiga qarshi chiqib, o‘z variantini taqdim etishgan.
200 gektar maydonga ega yangi tuman yaratish va uni Putin nomi bilan atash taklifini Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ilgari surgan edi. Qodirovga ko‘ra Grozniydagi yangi tumanni «chechen xalqidan chuqur ehtirom» va «respublikani qayta jonlantirgani uchun» Putin nomi bilan atashga qaror qilgan.
2008 yilda Grozniydagi asosiy ko‘cha G‘alaba shohko‘chasiga ham Putin nomi berilgandi. Shuningdek, Gudermesdagi Ukrainadagi urush uchun harbiylar tayyorlanadigan Rossiya maxsus qo‘shinlari universiteti ham Putin nomida.
Dubaydagi suv toshqini
Dubayda kuchli jala tufayli suv toshqini yuz berdi, samolyotlar parvozi to‘xtatildi. Suv toshqini oqibatida Dubay xalqaro aeroporti faoliyati ham cheklandi. 30 yaqin reyslarning parvozi bekor qilindi. Ko‘plab qo‘nayotgan reyslar zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi.
Hodisa tasvirlangan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Lavhalarda yashin chaqnagani, kuchli jala quygani, ko‘chalarni, metroni suv bosganini ko‘rish mumkin.
Suv toshqini oqibatida Dubay xalqaro aeroporti faoliyati ham cheklandi. Aeroport hududi va uchish-qo‘nish yo‘laklari suv ostida qolgani tufayli samolyotlar parvozi kechiktirildi.
Uzbekistan Airways xabariga ko‘ra, ob-havo sharoiti noqulayligi va kuchli yomg‘irlar tufayli, HY334 «Dubay - Toshkent» aviaqatnovi kechiktirilgan. Qayd qilinishicha, havo kemasi qariyb 7 soatlik kechikish bilan Toshkentga yetib keldi.
Qo‘shni O‘mon ham kuchli jaladan jabr ko‘rgan. O‘mondagi Nizva va Sinau shaharchalarida 17 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Trampni yana sudlashmoqda
Nyu-York shahrida AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ustidan sud jarayonlari boshlandi. U 2016 yilgi saylovlar oldidan pornoaktrisa Stormi Deniyelsning ovozini o‘chirish uchun 130 ming dollar to‘laganlikda va buni yashirganlikda ayblanmoqda.
Stormi Deniyelsning aytishicha, u Tramp bilan 2016 yilda ishqiy munosabatda bo‘lgan va Trampning sobiq advokati Maykl Koen unga munosabatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlamaslik uchun pul to‘lagan.
Nyu-York shtatining prokuraturasiga ko‘ra, Tramp tomonidan 130 ming dollar to‘langanini yashirish moliyaviy hujjatlarni soxtalashtirish sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin va bu jinoyat hisoblanadi.
AQShning sobiq prezidentiga firibgarlik bo‘yicha 34 ta ayblov ilgari surilgan. Trampning o‘zi esa Stormi Deniyels bilan aloqalarini rad etib, hech qanday qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidlamoqda.