Volodimir Zelenskiy Amerikaning PBS telekompaniyasiga bergan intervyusida Ukraina qurolli kuchlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar tugab qolgani tufayli rossiyalik harbiylar Kiyev yaqinidagi Tripolskaya issiqlik elektr stansiyasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. Ukrainlar prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh Kongressi imkon qadar tez fursatda Kiyevga navbatdagi yordam paketini ma’qullashi kerakligini ko‘rsatuvchi misollardan biridir.
Zelenskiy PBS jurnalisti bilan AQSh Kongressi spikeri Mayk Jonsonning Kiyevga Amerika yordami bo‘yicha o‘z rejasini e’lon qilishi ortidan gaplashdi.
Amerika nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Jonson Ukraina, Isroil va Tayvan xavfsizligini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunni to‘rtta turli loyihalarga ajratishni taklif qilmoqda. Nufuzli The Hill nashri suhbatdoshlari aytishicha, reja to‘rtta qonun loyihasini bitta protsedura normasi orqali o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishni nazarda tutadi.
Kongressmenlardan birining so‘zlariga ko‘ra, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq to‘rtinchi qonun loyihasi TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklash, shuningdek rossiyalik oligarxlardan musodara qilingan aktivlarni Ukraina foydasiga sotish to‘g‘risidagi bandni o‘z ichiga oladi.
AQSh Senati Ukraina, Isroil va Tayvan uchun jami 95 mlrd dollarlik (shundan 60 mlrd dollar Ukrainaga atalgan) yordam paketni fevral oyidayoq ma’qullagandi.
Ammo Donald Trampning Kongressdagi tarafdorlari va ular tomonidan tayinlangan spiker Jonson bu qonunni qo‘llashdan bosh tortdi va Ukrainaga yordam ajratilishini Meksika chegarasi orqali amalga oshiriladigan migratsiyani taqiqlash hamda suyultirilgan gaz eksportini litsenziyalash evaziga ma’qullashlarini bildirishdi. Yaqinda ular yana bir shart qo‘yishgandi — yordamning bir qismini kredit sifatida rasmiylashtirishni.
«Bu sharmandalik». Zelenskiy Kongressdagi bahslar haqida
O‘tgan yil dekabridan buyon Amerikadan Ukrainaga muntazam yordam yetkazib berilmayapti. Mart oyida Pentagon Ukraina qurolli kuchlariga 300 mln dollarlik kichik paket jo‘natgan (bu yordam oldingi shartnomalarni bajarish chog‘ida tejalgan mablag‘lar hisobidan shakllantirilgan), ammo amerikalik rasmiylar ham, ukrainalik rasmiylar ham bu yetarli emasligini aytishgan.
Kongress o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olmayotgan mahalda Ukraina qurolli kuchlari o‘q-dorilarning jiddiy taqchilligini boshdan kechirmoqda. Bu vaqtda esa Rossiya qo‘shini Ukraina sharqida yurishni davom ettirmoqda — va amalda deyarli har kuni kichik, lekin sezilarli yutuqlarga erishmoqda.
«Men sizlarga ochiq aytaman — bunday yordamsiz bizda g‘alaba qozonish imkoniyati bo‘lmaydi, — degan Zelenskiy PBS’ga intervyusida Amerikaning yordam paketi haqida. — Dushmandan kuchliroq bo‘lishing kerak. Men shu haqda gapiryapman. Bugun esa artilleriya snaryadlari nisbati — birga o‘n. Bu holatda bardosh berishimiz mumkinmi? Yo‘q. Nima bo‘lganda ham bunday statistikada ular har kuni bizni ortga suradi. Agar biz o‘z nazoratimizdagi hududlarni yuz foizga himoyalashni istasak, biz bir nisbatdan teng nisbatga o‘tishimiz kerak. O‘nga o‘n».
Zelenskiy Kongressdagi Amerika yordamini ajratish bo‘yicha siyosiy munozaralarni keskin tanqid qildi va buni AQShdagi bo‘lajak prezidentlik saylovlari bilan bog‘ladi.
PBS jurnalistining Jonsonning Ukraina va Isroilga yordamni ajratish niyati haqidagi savoliga javoban ukrainlar prezidenti shunday dedi: «bu shuni ko‘rsatadiki, endi bu xavfsizlik masalasi emas».
«Bu faqat siyosat. Ochig‘ini aytsam, bu dunyo uchun sharmandalik. Bu shunchaki demokratiya uchun va demokratiya haqida gapiruvchilar uchun sharmandalik. Agar Kongress bo‘lib o‘tgan barcha voqealardan keyin yordamni Isroil va Ukrainaga taqsimlasa, bu shunchaki AQShdagi saylovlar masalasi bo‘lganini ko‘rsatadi», — degan Zelenskiy.
«Bu Ukrainada har kuni qancha odam o‘layotgani hech kimni qiziqtirmasligini anglatadi. Ularga o‘z reytingi qandayligi muhimroq — bu shundan darak bermoqda. Ular shunchaki o‘lganlarning hech qanday reytingi bo‘lmasligini unutishdi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Tripolskaya IES qanday vayron qilingan?
Ukraina uchun AQSh harbiy yordami naqadar muhimligini ko‘rsatish uchun Zelenskiy Rossiya qo‘shini yaqinda Kiyev oblastidagi eng yirik issiqlik elektr stansiyasi Tripolskaya IESni qanday yo‘q qilgani haqida gapirgan.
11 aprel kuni Rossiya Ukraina energetika infratuzilmalari bo‘ylab navbatdagi marta yopirilma zarbalarini yo‘lladi. Hujum vaqtida Kiyev, Cherkass va Jitomir oblastlarini elektr energiyasi bilan ta’minlab turgan Tripolskaya IES butkul vayron bo‘ldi. Stansiyada har biri 300 MVt quvvatga ega bo‘lgan maydalangan ko‘mirda ishlovchi to‘rtta va gaz-mazutli ikkita energiya bloki mavjud edi.
«Men sizga bitta misol keltiraman — juda oddiy. Tripolskaya stansiyasida bo‘lgan ish. Kiyev hududida elektr bo‘lishi unga bog‘liq edi. 11 ta raketa uchib kelgan. Dastlabki yettitasini urib tushirdik. Keyingi to‘rttasi esa Tripolskayani yakson qildi. Nima uchun? Chunki raketalar soni — nol edi. Bizda uni himoya qilgan raketalar tugab bitgandi», — degan Zelenskiy PBS jurnalistiga.
Tripolskaya IES yakson etilishiga sabab Ukrainada zenit raketalar yetarli emasligi sabab bo‘lgani haqida zarbadan keyinroq Germaniyadagi Bild gazetasi jurnalisti Julian Ryopke ham yozgadi. «Men bir necha hafta oldin aytganimdek (va menga hech kim ishonmagandi), Ukrainada Patriot va IRIS-T tizimlari uchun raketalar tugagan, — degan jurnalist. — Bundan tashqari, boshqa havo hujumidan mudofaa tizimlarining aksari ishdan chiqqan yoki yo‘q qilingan. Va bu [G‘arb mamlakatlarida] yuzlab tizimlar va minglab raketalar borligida ro‘y bermoqda. Aytishga so‘z qolmadi. Faqat jahling chiqadi».
O‘z intervyusida Zelenskiy gap Ukrainada umuman zenit raketalari zaxiralari tugagani yoki faqat muayyan holatda havo hujumidan mudofaa vositalari yetishmagani haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Shu yil bahorida yo‘llangan zarbalar natijasida rossiyalik harbiylar Xarkivdagi energetika infratuzilmalarining ham katta qismini yo‘q qilgan. Ukrainaning ikkinchi yirik shahrida elektr ta’minotida cheklovlar va rejalri o‘chirishlar joriy etilgan.
Ukraina va Isroil
Bu haftada Zelenskiy bir necha bor Ukrainani ham Isroilni Eronning havo hujumlaridan himoya qilgandek himoya qilishga chaqirdi.
Ukraina prezidenti dushanba kuni kechqurungi videomurojaatida eronliklar zarbasidan keyin «butun dunyo Isroil va qo‘shni mamlakatlar osmonida ittifoqchilarning harakatlaridan agar siyosiy iroda yetarli bo‘lsa va birgalikda harakat qilinsa, terrordan himoyalanishda birdamlik qanchalik samara keltirishiga guvoh bo‘lgani» haqida gapirgan.
«Isroil NATO a’zosi emas va hech qanday 5-moddani [NATOning alyansning barcha a’zolarini kollektiv himoya qilish to‘g‘risidagi nizomi] faollashtirishga hojat bo‘lgani yo‘q. Va bu kimdir urushga tortilishiga olib kelmadi. Ular shunchaki odamlar hayotini himoya qilishga yordam berishdi», — degan Zelenskiy.
Yakshanbaga o‘tar kechasi Eron Isroil hududlari bo‘ylab 300 dan ortiq raketa va pilotsiz uchish qurilmalarini uchirgandi. Isroillik va g‘arblik harbiylarga ko‘ra, Isroil va ittifoqchilarining havo hujumidan mudofaa kuchlari AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya samolyotlari ko‘magida bu snaryadlarning 99 foizini urib tushirgan.
Zelenskiyning so‘zlariga javoban Ukrainaning g‘arblik ittifoqchilari, jumladan AQSh va Buyuk Britaniya Yaqin Sharqdagi vaziyat boshqa holat ekani, NATO mamlakatlari harbiy xizmatchilari Rossiya qo‘shini bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga kirisha olmasligi, bu keskinlikni kuchaytirishi va yanada katta urushga sabab bo‘lishini aytishgan.