Yevroparlamentdagi «Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ng qanot populistik partiyasi a’zosi Maksimilian Kra 2023 yil dekabr oyida Nyu-Yorkka tashrifi chog‘ida Amerika maxsus xizmati - FTB tomonidan «Kremlga yaqin manbalardan shubhali to‘lovlar» bo‘yicha so‘roqqa tutilgan. Bu haqda Germaniyaning Der Spiegel haftalik nashri 16 aprel, seshanba kuni o‘z jurnalistlari ZDF ijtimoiy-huquqiy telekanalining Frontal dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tekshiruvi davomida qo‘lga kiritgan ma’lumotlariga asoslanib yozdi.
Der Spiegel ta’kidlaganidek, maqolada «o‘ng ekstremist» deb atalgan siyosatchining o‘zi tahririyat so‘roviga javoban AQShda so‘roq qilingani faktini tasdiqlagani aytiladi.
Shubhali chat xabari
Amerika maxsus xizmatlari chatdagi xabarni qo‘lga kiritgan, unda rossiyaparast faol Oleg Voloshin Kraga uning «texnik topshiriqlari» uchun «kompensatsiya» muammosi hal qilingani va may oyidan boshlab «hamma narsa avvalgidek bo‘lishi» haqida yozgan. «Bu ibora Kra uzoq vaqt davomida yashirin ravishda to‘lovlarni olgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi», deb ta’kidlaydi jurnalistlar.
Maqolada qayd etilishicha, Belgiya rasmiylari Rossiya Yevropa siyosatchilariga nisbatan «ta’sir o‘tkazish operatsiyalari»ni amalga oshirayotgani haqidagi shubhalarni tekshirmoqda. Hozirda Germaniyada bunday tergovni boshlash uchun asoslar mavjudligi aniqlashtirilyapti.
Maksimilian Kra Rossiya bilan ehtimoliy aloqalar haqida
Maksimilian Kra barcha ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hech qachon Voloshindan «na pul, na pulli xizmatlar va na boshqa kompensatsiya» olmagan. Siyosatchining ta’kidlashicha, chat xabari boshqa foydalanuvchi uchun mo‘ljallangan yoki Drezdendagi Opera baliga chiptani nazarda tutgan, buning uchun pulni Kra to‘lagan. Uning fikricha, ingliz tilini yaxshi bilmasligi tufayli Voloshin fikrini to‘g‘ri ifodalab bera olmagan bo‘lishi ham mumkin. Oleg Voloshinning o‘zi jurnalistlar so‘roviga javob bermadi.
FTB sayohatlaridan birida Voloshinning uyali telefonini tekshirayotganda shubhali chat xabarini ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Faolning o‘zi 2021 yil yozida Vashington aeroportida uning telefonini olib qo‘yishgani va undagi barcha ma’lumotlar o‘qilganini ma’lum qilgan.
Der Spiegel nashriga ko‘ra, Oleg Voloshin Ukrainada Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin shaxs sifatida ko‘riluvchi Viktor Medvedchukning «Muxolifat platformasi – Hayot uchun» partiyasidan deputat bo‘lgan. Bu partiya Ukrainada 2022 yil mart oyida Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshlanganidan keyin taqiqlangan edi. Bir necha oy oldin, AQSh rasmiylari Vashingtonga ko‘ra, «Ukrainani beqarorlashtirgan» degan asosda Voloshinga qarshi sanksiyalar joriy etgan edi. 2023 yilda Voloshin Ukrainada davlatga xiyonatda ayblangan.
Der Spiegel nashriga ko‘ra, nemis siyosatchisi Kra nafaqat Oleg Voloshin bilan, balki Chexiya rasmiylariga ko‘ra, Kremlning quroli bo‘lgan Voice of Europe onlayn-platformasi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu, shu jumladan, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Yevropa parlamentiga Moskvaga ma’qul kelgan nomzodlarni moliyalashtirish uchun qilinayotgani aytiladi.
Maksimilian Kra Voice of Europe’ga yaqin doiralardan pul olganini rad etadi.