Yevropa komissiyasi Kiyev tomonidan taqdim etilgan Ukrainadagi islohotlar rejasini ma’qulladi, u kelgusi to‘rt yil davomida - 2024 yildan 2027 yilgacha bu mamlakatga 50 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam berishning zaruriy shartidir. Bu haqda 15 aprel, dushanba kuni YeK matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Yevropa komissiyasining Ukrainani isloh qilish rejasini ma’qullagani «Ukraine Facility dasturi doirasidagi muntazam to‘lovlar uchun yo‘l ochib bergan». Ushbu dastur doirasidagi mablag‘lar Kiyevga «ma’muriyat faoliyatini saqlab qolish, ish haqi va pensiyalarni to‘lash, asosiy davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda o‘zini Rossiyadan himoya qilishda davom etayotgan Ukrainani tiklash va qayta qurishni qo‘llab-quvvatlashga» yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Ukraina rejasi bo‘yicha moliyaviy yordam Ukraina «samarali demokratik mexanizmlarni qo‘llab-quvvatlash va hurmat qilishda davom etishi» sharti bilan taqdim etiladi, deb ta’kidlaydi Yevropa komissiyasi.
Ukraina islohot rejasi
Aniqlik kiritilishicha, Ukraina rejasi 69 ta islohot va 10 ta sarmoyani belgilab beradi, ular 146 miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlariga bo‘lingan. Bu islohotlar energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, raqamlashtirish va yashillashtirish, inson kapitali, shuningdek, davlat korxonalari, ishbilarmonlik muhiti, davlat moliyasi va markazsizlashtirish kabi 15 ta sohani qamrab oladi.
«Ukrainaning islohot va sarmoyaviy strategiyasi Yevropa Ittifoqining tiklanish yo‘lida yanada zamonaviy va gullab-yashnagan Ukrainani qurish uchun mustahkam asos yaratadi, - dedi Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen. - Bugungi taklif bilan biz buni yana bir bor ko‘rsatamiz. Yevropa Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydi va biz juda zarur moliyaviy yordam berishga tayyormiz».
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar endi bir oy davomida makromoliyaviy yordamni to‘lash uchun zaruriy shart bo‘lgan Ukrainani isloh qilish rejasini milliy darajada tasdiqlashi kerak. Keyin islohot rejasini amalga oshirish bilan bog‘liq muntazam to‘lovlar boshlangunga qadar 1,89 milliard yevrogacha oldindan moliyalashtirishni taqdim etish mumkin bo‘ladi.
YeIning Ukrainaga makromoliyaviy yordami
Ukrainaning tiklanishi va modernizatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 50 milliardlik makromoliyaviy yordam paketining 33 milliardi Kiyevga kredit shaklida beriladi. Qolgan mablag‘ to‘lashni talab qilmaydigan grantlar shaklida ajratiladi. Mart oyi oxirida Ukrainaga avans sifatida 4,5 milliard yevro to‘langan. Ukraine Facility dasturi doirasidagi makromoliyaviy yordam paketidan qolgan miqdorni to‘lash rejada ko‘rsatilgan islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq.