O‘zbekiston mobil internetning hamyonbopligi reytingida Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshisi bo‘ldi. Bu reytingda aloqa xarajatlari darajasi mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan foizda hisobga olinadi. Bu haqda Britaniyaning Broadband Genie xizmati xulosalaridan ma’lum bo‘lmoqda.
Umuman olganda, ekspertlar 10 Gb trafikli tarif rejasining o‘rtacha narxini ma’lumot birligi sifatida olib, 179 mamlakatdagi vaziyatni o‘rganib chiqqan.
Sobiq SSSR tarkibiga kirgan Markaziy Osiyo respublikalari orasida O‘zbekiston reytingda eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd qildi – 43-o‘rin. O‘rtacha ish haqi 364 dollar bo‘lgan aholi 10 Gb mobil internetga bor-yo‘g‘i 4,36 dollar yoki maoshining 1,2 foizini sarflamoqda.
Qozog‘iston ro‘yxatning 63-qatorida: daromad 583,6 dollar, aloqa xarajatlari 9,79 dollar yoki daromadning 1,68 foizi.
Qirg‘iziston 90-o‘rinni egalladi: o‘rtacha 313 dollarga yaqin daromad olgan mamlakat aholisi 7,61 dollarga internet traffik sotib oladi va shu tariqa o‘z daromadlarining 2,43 foizini ushbu ehtiyojlarga sarflaydi.
Tojikiston yakunda 163-o‘rinni egalladi. Respublika aholisi tadqiqot standartlariga javob beradigan mobil internetga taxminan 13,77 dollar sarflaydi. Loyiha mualliflariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha ish haqi 170 dollarni tashkil qiladi. Shu tariqa, Tojikiston fuqarolari daromadining 8 foizini smartfonlar yordamida internetga kirishga sarflaydilar.
Reytingda Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q.
Dunyoda eng hamyonbop mobil internetga ega mamlakatlar: Singapur (10 Gb traffik narxi - $17,13, daromadning 0,35 foizi), Lyuksemburg ($21,16, 0,4 foiz) va Isroil ($12,2, 0,47 foiz) ekani ma’lum bo‘ldi.