Dunyoda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari bilan tanishtirishda davom etamiz.
Isroil zarbaga tayyorlanmoqda
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu harbiylarga Tehronning raketa hujumiga javoban Erondagi nishonlar ro‘yxatini tayyorlashni buyurdi, deb xabar qiladi The Washington Post.
Muloqotdan xabardor manbaning nashrga bildirishicha, Isroil Eron uchun og‘riqli bo‘luvchi, biroq qurbonlarga olib kelmaydigan, Amerika tomoni hazm qila oladigan va mintaqaviy urushni keltirib chiqarmaydigan javob choralari haqida bosh qotirmoqda.
Chunki AQSh prezidenti Jo Bayden Netanyahu bilan suhbatda Vashington Eronga qarshi hujumkor operatsiyalarda ishtirok etmasligini ma’lum qilgan edi. Boz ustiga, Qatar va Kuvayt kabi ko‘rfaz davlatlari Eronga qarshi operatsiya uchun o‘z hududini taqdim etmasligini ta’kidlagan.
Isroil harbiy-siyosiy kabineti ikki variantni ko‘rib chiqmoqda: Tehrondagi obektlarga potensial zarba yoki kiberhujum.
«Isroil javob qaytarishi shartligiga barcha ko‘ngan. Qachon va qanday javob berish masalasi ochiq qolgan», — degan manba.
Berilayotgan xabarlarga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga javob bermaslikka ko‘ndirish uchun bosim o‘tkazishlaridan cho‘chib, el yetakchilarining qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygan.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinga Eronning raketa hujumiga «javob berishdan boshqa yo‘l yo‘qligi»ni ta’kidlagan.
Isroilga kim yordam berdi?
Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya Eron raketalarini urib tushirishda Isroilga yordam bergani oydinlashgan.
Eron Isroil tomon uchirgan 300 dan ortiq dron va raketalardan faqat ayrimlari Isroilgacha yetib borgan va u qadar kuchli zarar yetkazmagan. Raketalarning tutib olinishida nafaqat Isroilning «Temir qubba» tizimi, shuningdek, AQSh va bir qator arab davlatlarining yordamlari ham rol o‘ynagan. Dronlarga qarshi kurashda Amerika, Britaniya, Fransiya, shuningdek, Iordaniyaning harbiy samolyotlari muhim rol o‘ynagan, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari esa maxfiy ma’lumotlar bilan bo‘lishgan, deb yozadi The Wall Street Journal.
Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Eron 170 dan ortiq portlovchi modda bilan jihozlangan dronlar, 120 dan ortiq ballistik raketalar va 30 tacha qanotli raketalar uchirgan. Ularning katta qismi Isroil hududigacha yetib ham kelmagan.
Gurjistondagi noroziliklar
Gurjiston parlamentida yana mushtlashuv ro‘y berdi. Bunga sabab «Chet el agenti» to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqila boshlangani bo‘ldi.
Parlamentdagi ko‘pchilik yetakchisi Mamuki Mdinaradze chiqish qilayotgan chog‘da unga muxolifatdagi «Fuqarolar» partiyasi rahbari Aleko Elisashvili kelib musht tushirgan. Keyin mushtlashuvga boshqa deputatlar ham qo‘shildi.
Qonun loyihasi parlamentga hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi tomonidan kiritilgan. Hujjat mualliflariga ko‘ra, u faqat chet eldan mablag‘ oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV faoliyatining shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Qonunga qarshilar uni «rossiyacha qonun» deb atashadi. Chunki u Rossiyadagi «inoagent»lar to‘g‘risidagi qonunning muqobilidir.
Muxolifat Rossiyada kuzatilgani kabi hukumat qonundan mustaqil OAVga bosim o‘tkazishda foydalanmoqchi ekanini taxmin qilmoqda. Qonun avval birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng ham mamlakatda noroziliklar boshlangan va qonunni ko‘rib chiqish vaqtincha to‘xtatilgandi.
Endi esa «chet el ta’siri ostidagi agent» so‘zi «chet el kuchini tamsil etuvchi tashkilot» terminiga almashtirib, yana parlamentga olib chiqilgan.
Parlamentda qonun loyihasi ko‘rib chiqilishi boshlanishi fonida Tbilisida yana ommaviy norozilik aksiyalari boshlandi. Ular «Yevropaga — ha, Rossiya qonuniga — yo‘q» deb baqira boshlashgan.
Gurjiston parlamenti binosi oldida politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kelgan. Prezident Salome Zurabishvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan va mamlakatning yevropacha kelajagini himoya qilayotgan insonlar hibsga olinganida politsiyani ayblagan. Hukumatga muxolif bo‘lgan Zurabishvili ushbu qonunga veto qo‘yishga va’da bergan. Ammo hukmron koalitsiya parlamentda prezident vetosini bekor qilish uchun yetarli ovozga ega.
Ukrainaga rad etilayotgan yordam
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Ukrainaga dronlarni urib tushirish uchun yordam bera olmasliklarini ma’lum qildi, chunki NATO qo‘shinlarining Rossiya bilan to‘qnashuvi urushning xavfli tusda avj olishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.
Jurnalistning nega Isroilga yordam berilgani kabi Ukrainaga dronlarni urib tushirishda yordam ko‘rsatilmayapti, deya bergan savoliga javoban Kemeron «Yevropada keng urush boshlanishidan qochmoqchi bo‘lsak, NATO va Rossiya qo‘shinlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — degan.
Kemeron dron va raketalarni samolyot vositasida urib tushirish samarasiz ekani, buning uchun havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish lozimligini ta’kidlagan.
Kemeronga ko‘ra, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar Ukraina uchun qilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi yordam — Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish va qurol-yarog‘lar yetkazib berishdir.
Amerika ham Isroilga yordam bergani kabi Ukrainaga osmondan kelayotgan xavfni bartaraf qilishda yordam bera olmaydi, degan Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi.
«Bu turli mojarolar, osmon kengliklari ham farq qiladi va tahdidning manzarasi ham turlicha», — deya tushuntirgan Kirbi.
Rossiya neft sanoatiga zarba
Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumi AQSh bilan kelishmovchilik keltirib chiqarmoqda, deb yozadi The Washington Post nashri.
Fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Rossiya neft zavodlariga hujum qilishni to‘xtatishni Ukrainadan talab qilgan. Bunday hujumlar jahon bozorlarida neft mahsulotlari narxi oshishiga va Rossiyaning javob zarbalarini chaqirishga sabab bo‘ladi, deb ogohlantirgandi Harris.
Biroq Zelenskiy bu tavsiyalarni e’tiborsiz qoldirgani Vashingtonning g‘azablanishiga sabab bo‘lgan. Qaytaga, Kongress yordamni paysalga solayotganidan so‘ng sovuqlashib qolgan munosabatlarni yanada chuqurlashtirib, Ukraina bir qator Rossiya obektlariga zarba berishni yanada kuchaytirgan.
Amerikalik mulozimlarga ko‘ra, energiya tashuvchilarning narxi oshishi Ukrainaga yevropaliklarning yordami susayishiga olib kelishi mumkin.
Bu orada Rossiya Ukraina dronlaridan zarar ko‘rgan neftni qayta ishlash zavodlarini qisman tiklashga muvaffaq bo‘lgani ma’lum qilinmoqda.
Yil boshidan buyon hujumlarga duchor bo‘lgan neftni qayta ishlash zavodlari quvvatlarining uchdan bir qismi tiklangan, deb xabar beradi Reuters. Ukraina dronlarining hujumi tufayli ishdan chiqarilgan 14 foiz qayta ishlash qurilmalarining 10 foizi hali ham ishlamay turibdi.
Rossiya urushda yengiladimi?
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda yengiladi, deb hisoblamoqda Pekin universiteti professori, Fudan universiteti qoshidagi Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Feng Yuyjyun.
Ekspertning fikricha, Putinning Ukrainaga bostirib kirishi barbod bo‘lishiga to‘rtta omil yetaklaydi.
Birinchisi — qarshilik darajasi yuqori ekani va ukrainaliklar milliy birlik namoyish etayotgani.
Ikkinchisi — jahon hamjamiyati Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlayotgani.
Uchinchi omil — qo‘mondonlik, nazorat, aloqa va razvedka hamohangligida sanoat quvvatiga bog‘liq bo‘lgan zamonaviy urush xarakteridir. Rossiya Ukrainaga qarshi urushda qiyinchilikka duch kelmoqda va bu SSSR tarqalganidan so‘ng mamlakat to‘liq o‘zini tiklab ololmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
So‘nggi omil — axborot. Feng Yuyjyunga ko‘ra, Putin uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan yakkahokimligi tufayli informatsion qobiqqa tushib qolgan. Kremlga ishonchli razvedka ma’lumotlari yetishmaydi, rahbariyat ishlayotgan tizim xatolarni to‘g‘rilashning samarali mexanizmidan mosuvo etilgan, deya ekspertning fikrlarini keltiradi The Economist nashri.
Xitoylik olimga ko‘ra, bu to‘rt omil kelgusida Moskvaning barcha okkupatsiya qilingan hududlar va Qrimdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishiga sabab bo‘ladi.
«Rossiya urush yordamida mavjud xalqaro va mintaqaviy tartibni buzib tashlamoqchi», — deydi professor. Lekin Rossiyaning g‘alabasiga uning yadroviy salohiyati ham kafolat bera olmaydi. Misol tariqasida u AQShning Koreya, Viyetnam va Afg‘onistondan olib chiqilishini keltirgan.
Antalyadagi fojia
Turkiyaning Antalya shahridagi dor yo‘li — telefrikda ro‘y bergan avariya tufayli bir kishi o‘lgan, yetti kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Dor yo‘lidagi funikulyorning tayanch qismi uzilib ketgan va ichidagi odamlar bo‘lgan kabinalardan birining ustiga qulagan. Natijada kabinaning poli teshilib, odamlar tushib ketgan. Boshqa axborotlarga ko‘ra, kabinaning o‘zi yerga qulagan va bir kishi qurbon bo‘lgan.
Kamida yetti kishi jarohatlangani aytilmoqda. Ularning orasida yosh bolalar ham bor. Dor yo‘lining harakati to‘xtatilgan. 180 dan ortiq odamlar 15 ta kabinada baland qoyalar uzra muallaq turib qolgan. Ularni evakuatsiya qilish uchun 4ta vertolyot, o‘t o‘chirish mashinalari va yuzlab qutqaruvchilar jalb qilingan.