NYT: AQSh Isroilga Eronga hujum bilan javob qaytarmaslikni maslahat berdi

Jahon 08:03 / 15.04.2024 8132

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilga Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urush va keskinlashuvning oldini olish uchun Eronga javob qaytarmaslikni maslahat berdi. Bu haqda Amerikaning The New York Times (NYT) gazetasi 14 aprel, yakshanba kuni yozgan.

Nashrning AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, bir kun avval Isroilga uchirilgan deyarli barcha raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlarining tutib olinishi mamlakatni Eron bilan qarama-qarshilikda oldinga olib chiqdi va Isroil dushmanlariga o‘zini himoya qila olishini isbotladi. Binobarin, NYT suhbatdoshlarining aytishicha, Isroil tomoni «o‘t ochishi shart emas».

Isroil Eron hujumiga javob haqida va’da berdi va uni «urush e’lon qilish» deb atadi

Ayni paytda Isroil prezidenti Itsxak Gersog 14 aprel kuni Sky News telekanaliga bergan intervyusida Eron hujumi «urush e’lon qilish» ekanligini aytdi. U Isroil keyingi harakatlar uchun «barcha variantlarni ko‘rib chiqayotganini» qo‘shimcha qildi va mamlakat o‘zini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishiga ishonch bildirdi. Avvalroq Isroil OAV davlat Eron hujumiga «kuchli va jiddiy javob» tayyorlanayotgani haqida yozgan edi. NYT xabar berishicha, hujum sodir bo‘lgan kechada Isroil rasmiylari amerikalik sheriklari bilan suhbat chog‘ida qizishib ketgan. 

Keyinroq Amerikaning CNN telekanali Isroildagi manbasiga tayanib, mamlakat Tehron hujumiga qanday javob berishni hali hal qilmaganini bildirdi. 

Eronning Isroilga hujumi

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga havodan katta hujum uyushtirdi. Isroil mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 170 ta dron, 120 dan ortiq ballistik raketalar va 30 dan ortiq qanotli raketalar mamlakatga hujum qilishga uringan, biroq Isroil va uning ittifoqchilari ularning 99 foizini, aksariyatini - mamlakat tashqarisida urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat bir nechta raketa Isroil hududiga yetib bordi, janubdagi aviabazaga tushib, «kichik zarar» keltirdi», deyiladi TsAHAL xabarida.

Erondan tashqari, Isroilga hujumlar Yaman husiychilari, shuningdek, Iroq hududidan eronparast guruhlar tomonidan amalga oshirilgan. 

10 aprel kuni Tehron Isroilga Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan hujum uchun javob qaytarish bilan tahdid qilgan edi. Hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eronning oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: