15 aprel kuni Gurjistonda parlament «Chet el ta’sirining shaffofligi» to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi, bu Rossiyadagi «inoagentlar» to‘g‘risidagi qonunning muqobilidir.
Birinchi kuni hujjat yuridik masalalar bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Bu jarayon mushtlashuv tufayli to‘xtab qoldi: parlamentdagi ko‘pchilik yetakchisi Mamuki Mdinaradze chiqish qilayotgan chog‘da unga muxolifatdagi «Fuqarolar» partiyasi rahbari Aleko Elisashvili hujum qildi. Keyin mushtlashuvga boshqa deputatlar ham qo‘shildi.
Qonun loyihasi ko‘rib chiqilishi boshlanishi fonida Tbilisida ommaviy norozilik aksiyalari boshlandi.
Qonun loyihasi parlamentga hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi tomonidan kiritilgan. Hujjat mualliflariga ko‘ra, u faqat chet eldan mablag‘ oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV faoliyatining shaffofligini ta’minlashga qaratilgan. Muxolifat hukumat undan avval Rossiyada kuzatilgani kabi mustaqil OAVga bosim o‘tkazishda foydalanmoqchi ekanini taxmin qilmoqda. Bu hujjatga qarshilar uni «rus qonuni» deb atashmoqda.
Qonun loyihasi ilk bor 2023 yil boshida parlamentga kiritilgandi va birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Ammo ommaviy norozilik aksiyalaridan keyin u qaytarilgandi.
Gurjiston prezidenti, hukumatga muxolif bo‘lgan siyosatchi Salome Zurabishvili qonunga veto qo‘yishga va’da bergan. Shu bilan birga, hukmron koalitsiya parlamentda prezident vetosini bekor qilish uchun yetarli ovozga ega.
AQSh Davlat departamenti Gurjiston rasmiylarining «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga bo‘lgan yangi urinishi mamlakatni yevrointegratsiyadan uzoqlashtirishida xavotir bildirgan.