Eronning Isroilga hujumi, bekor qilingan Rafah operatsiyasi va Chasiv Yarni egallamoqchi bo‘layotgan Rossiya - kun dayjesti

Jahon 13:05 / 15.04.2024 10630

Dunyoda sodir bo‘lgan voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

Eronning Isroilga hujumi

1 aprel kuni Damashqdagi konsulxonasida generallari isroil zarbasi bilan o‘ldirilgach, Eronning Isroilga intiqom olish uchun uzoq anons qilingan hujumi nihoyat shanba tunida sodir bo‘ldi.

Havodan 5 soat davom etgan hujumda Isroil tomoni Eronning aksariyat dronlari va raketalarini urib tushirganini, Eron aytarli zarar yetkaza olmaganini iddao qilmoqda. Lekin shunga qaramasdan, G‘azoga zug‘um qilib turgan Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum Eronning o‘zida va Yaqin Sharqdagi musulmon davlatlarida katta xursandchilik bilan kutib olindi.

TsAHAL ma’lumotlarga ko‘ra, Eron turli tiplardagi 350 dan ortiq snaryadlarni Isroil tomon uchirgan, faqat bir nechta raketalar Isroil hududiga borib urilgan va u qadar jiddiy bo‘lmagan zararlar yetkazgan.

Eron 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga 120 ta ballistik, 30 ta qanotli raketalar, shuningdek 170 dan ortiq dronlar qo‘llagan holda hujum uyushtirgan, degan TsAHAL rasmiysi Daniel Hagari.

AQSh harbiylari Eronning ko‘plab raketalari Isroilning Arrow havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan ular hali Isroil hududiga kirmasdan, qo‘shni davlatlar uzra urib tushirilganini qayd etishgan. Shuningdek, oltitagacha bo‘lgan raketalar AQSh esminets kemalari tomonidan, bittasi Iroqdagi Patriot majmuasi tomonidan urib tushirilgan.

Eronning havodan yopirilma hujumini qaytarish Isroilga 1—1,3 milliard dollarga tushgani qayd etilmoqda. Bu haqda TsAHALning zaxiradagi generali Ram Aminah aytib o‘tgan.

Isroil prezidenti Ishoq Hersog Eronning bu zarbasini urush e’lon qilish deb atagan. Uning qayd etishicha, Eron «xaos, terror va beqarorlik urug‘ini sepmoqda» va jahon afkor ommasi «Tehrondagi zulm imperiyasi bilan yuzma-yuz kelishi uchun fursat yetgan».

Eron tomoni esa Isroilga qilingan hujum kutilganidan muvaffaqiyatliroq chiqqanini aytishmoqda.

«Hujum kutilganidan muvaffaqiyatliroq chiqdi. Agar AQSh Isroilning javob hujumini qo‘llaydigan bo‘lsa, keyingi mo‘ljal AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari bo‘ladi», — degan Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Hussayn Salomiy.

Eron qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Muhammad Bag‘iriyning ta’kidlashicha, Isroilgan nisbatan amalga oshirilgan «Haqqoniy va’da» operatsiyasi o‘z nihoyasiga yetkazilgan. Eron uni davom ettirish niyatida emas.

«Operatsiyadan ko‘zlangan maqsad Isroil va Suriya chegarasida joylashgan, Eronning Damashqdagi konsulligi binosiga qarshi sionistlarning operatsiyasi uchun ma’lumotlar yetkazib turgan axborot markazi, shuningdek, Isroilning «Nevatim» aviabazasini yo‘q qilish bo‘ldi», — degan Bag‘iriy.

TsAHAL vakili Daniel Hagari Negev sahrosidagi «Nevatim» aviabazasiga aytarli ziyon yetkazilmagani, u harbiy uchoqlarni qabul qilib uchirayotganini ta’kidlagan.

Hujumni kuzatgan harbiy ekspertlarning fikricha, operatsiya ataylab cho‘zib yuborilgan. Bunday qilinishiga sabab mojaroning yanada avj olishining oldini olish bo‘lgan. Chunki arab davlatlarida hech kim yangi katta urushdan manfaatdor emas.

Eron zarbasidan ko‘zlangan maqsad — namoyishkorona javob qaytarish va mamlakat aholisi oldida hisobot berish bo‘lgan. Eron bu zarbadan so‘ng butun dunyo musulmonlari ko‘z o‘ngida ochko ham yig‘gan.

Jahon yetakchilari Eron va Isroilni bosiqroq bo‘lishga chaqirishdi. Bir qism davlatlar, asosan g‘arb davlatlari Isroilni qo‘llab-quvvatlashlarini e’lon qilib, Tehronning hujumini qoralagan bo‘lsa, yana bir qismi mojaroga chek qo‘yib, Isroilni o‘z qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqishi zarurligini ta’kidlagan.

Jahonning yetakchi mamlakatlari BMTda Eron hujumini qoraladi. Fransiya Eron «harbiy eskalatsiya keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgani»ni bildirdi, Buyuk Britaniya hujumni «mulohazasizlik» deb atadi, Germaniya esa Eron va uning tarafdorlari «zudlik bilan bas qilishi lozimligi»ni uqtirdi. Xitoy tomonlarni «xotirjamlik va vazminlikni saqlash»ga chaqirgan. Rossiya «mintaqadagi yana bir eskalatsiya xavfidan xavotir bildirgan».

AQSh Isroilga Eronga javob zarbasi berishdan tiyilishni maslahat bergan. Amerikalik mulozimlarning ta’kidlashicha, hujumning muvaffaqiyatlari qaytarilgani faktining o‘zi «yirik strategik g‘alaba»ni bildiradi.

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azo janubida yuz minglab falastinliklar jon saqlayotgan Rafah shahriga hujum qilish fikridan qaytgan bo‘lishi mumkin. Isroilning Kann News telekanali tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Rafahdagi rejalashtirilgan operatsiyani keyinroqqa qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Qayd etish lozimki, Netanyahu avvalroq operatsiyaning boshlanish sanasi aniq ekanini ta’kidlagan edi.

Isroil anchadan buyon G‘azodagi cho‘zilib ketgan urush tufayli AQSh doxil boshqa ittifoqchilarining tobora oshib borayotgan bosimi ostida qolib ketayotgan edi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi va Turkiyaning MIT razvedkasi rahbarlarining o‘zaro muloqotlarida G‘azodagi urushni to‘xtatish masalasi muhokama qilingan. MIT rahbari Ibrohim Qalin HAMAS rahbariga ham qo‘ng‘iroq qilgan.

Isroilning G‘azodagi agressiyasi qurbonlari soni esa oshishda davom etmoqda. Urushning 190-kuniga kelib, qamal qilingan ekslavda qurbonlar soni 33 ming 729 kishiga yetgan, yaradorlar soni esa 76 ming 371 nafardan oshgan.

So‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari zarbasidan 43 kishi o‘lgan va 62 kishi yaralangani ma’lum qilinmoqda.

Ukrainadagi urush

Rossiya qo‘shinlari 9 maygacha Chasiv Yar qishlog‘ini egallash vazifasini olishgan. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozgan.

Bu qishloq Baxmut shaharchasidan g‘arbroqda joylashgan va uning egallanishi kelgusida Slovyansk va Kramatorsk shaharlarini ishg‘ol etish uchun strategik kenglik yaratadi.

Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda brigadalarni o‘q-dorilar, dronlar va radioelektron kurash vositalari bilan kuchaytirish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa yordamsiz o‘tayotgan har bir kun yo‘qotilayotgan insonlar hayoti ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Zelenskiy Isroil Eronning «Shohid» dronlari bitta qo‘ymasdan urib tushirilganini ko‘rib, junbishga kelgan.

«Dunyoda har qanday raketa, «shohid» dronlari va terrorning boshqa vositalarini to‘xtatish uchun barcha yetarli vositalar bor. Jahonga haqqoniy va ishonchli xavfsizlikni qaytarish uchun yechimlar kerak, xolos.

Ukrainani o‘qqa tutilishdan himoya qilish uchun hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashi kerak. Yordamning har kun paysalga solinishi — bu yangi vayron qilingan uylar, bu o‘ldirilgan qo‘shimcha insonlar demakdir», — degan Zelenskiy.

Ko‘proq yangiliklar: