Angliya: Klopp va Arteta sovrinni Gvardiolaga topshirmoqda
«Liverpul» – «Kristal Pelas» 0:1
Gol: 0:1 – 14 Eze.
«Liverpul» – Alisson, Bredli (Aleksander-Arnold, 48), van Deyk, Konate, Roberson, Endo (Soboslai, 46), Mak Allister, Jons (Elliott, 82), Salax, Dias (Diogu Jota, 66), Nunes (Gakpo, 66).
«Kristal» Pelas – Henderson, Munos, Klayn (Uord, 77), Andersen, Lerma, Mitchell, Hyuz (Ridevald, 77), Uorton, Eze (Shlupp, 77), Olise (Ayyu, 68), Mateta (Eduar, 90).
Ogohlantirishlar: Jons (71), Lerma (90+7).
Butun mavsum davomida oqsoqlangan «MYu» bilan o‘yinda durang. Keyin Yevropa Ligasi chorakfinalida — «Atalanta»dan o‘z maydonida 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat... «Liverpul» uchun dahshatli tush «Kristal Pelas» bilan o‘yinda ham davom etdi. Hisobni ochgan Ezega bir necha masofadan darvozani o‘qqa tutishiga hech kim xalaqit bermadi va tuzalib safga qaytgan Alisson o‘yin boshidayoq gol o‘tkazib yubordi. Keyin esa maydon markazida toyib ketgan van Deyk Mateta darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borishiga sababchi bo‘ldi, qizillarni ikkinchi goldan to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qolgan Roberson qutqardi.
Tabiiyki, mezbonlar vaziyatni o‘nglash uchun oldinga tashlanishdi, ammo to‘p bo‘sh darvozaga ham kirishni istamadi. Endoning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi to‘singa tegdi, londonliklar posboni Henderson bir qancha vaziyatlarda qahramonlik ko‘rsatdi. Uning ajoyib seyvlaridan biri ikkinchi bo‘lim boshiga to‘g‘ri keldi, Nunes bir necha metr masofadan turib uni dog‘da qoldira olmadi.
Urugvaylik hujumchi bu mavsumda 25 ta yaqqol golli vaziyatni yo‘qqa chiqarib, bu borada chempionatda Holanddan keyingi ikkinchi o‘rinda bormoqda. Ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlarda yana bir jiddiy muammo yuzaga keldi, mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘lgan Bredli jarohat olib maydonni tark etdi. Ikkinchi bo‘lim davomida Klopp zaxiradagi barcha hujumkor futbolchilarini maydonga tashladi. Sobosloi tanaffusdayoq tayanch yarimhimoyachisi Endoning o‘rnini egallagandi, Gakpo va jarohatdan tuzalib safga qaytgan Diogu Jota ham o‘yinni qutqarish uchun tushirildi. Lekin hech qanday chora yordam bermadi, portugaliyalik hujumchining yaqin masofadan yo‘lllagan zarbasini mersisaydliklarning sobiq futbolchisi Klayn qaytardi.
Shu bilan birga, buning barchasini omadsizlikka yo‘yib bo‘lmaydi. Bunda «Kristal Pelas»ning ham xizmati bor, jamoa hisobni ochganidan keyin faqat himoyada o‘tirmadi — tanaffusga qadar jamoa «Enfild» mehmonlari uchun rekord darajadagi 1,25 xG (mezbonlarda 0,9) ko‘rsatkichini qayd etdi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida esa Alissonning aql bovar qilmas seyvi «Liverpul»ni o‘yinda qoldirdi, u Matetaning darvozabon hududidan yo‘llagan zarbasini qaytarib qoldi. Ammo maydondagi futbolchilar o‘z vazifasini bajara olmadi va Jonsning darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda yo‘llagan zarbasi darvoza sohasiga ham aniq bormadi.
Saloh esa bir yarim metrdan gol ura olmadi.
Qizillar mavsumning muhim o‘yinida yutqazdi va APL doirasida 2022 yil oktyabridan buyon o‘z uyida mag‘lub bo‘ldi. O‘shanda «Enfild»da mavsum yakunida ligani tark etgan «Lids» g‘alaba qozongandi, mezbonlar shundan keyin 28 o‘yin mobaynida yutqazmagandi (+22=6). Yurgen Klopp jamoasi bu sur’atda mavsumni sovrinsiz yakunlaydigan ko‘rinmoqda.
«Arsenal» – «Aston Villa» 0:2
Gollar: 0:1 – 84 Beyli, 0:2 – 87 Uotkins.
«Arsenal» – Rayya, Uayt (Tomiyasu, 67), Gabriel, Saliba, Zinchenko (Nketia, 87), Edegor (Smit-Rou, 79), Rays, Haverts, Trossar (Martinelli, 67), Saka, Gabriel Jyezus (Jorjino, 79).
«Aston Villa» – Martines, Konsa, Diyego Karlos, Pau Torres, Din, Makginn, Tilemans, Zaniolo (Moreno, 80), Diabi (Beyli, 61), Rodjyers, Uotkins.
Ogohlantirishlar: Rodjyers (14), Uayt (36), Gabriel (45), Haverts (63).
«Arsenal» «Liverpul»ning sensatsion mag‘lubiyatidan foydalanib, birinchi o‘ringa chiqib olish imkoniyatiga ega edi. Buning uchun Londonda sobiq bosh murabbiyi Unai Emeri boshqaruvidagi «Aston Villa»ni mag‘lub etish talab etilardi.
Dastlabki 20 daqiqalikda «Arsenal» mehmonlarni jarima maydoniga qamab qo‘ydi. Ammo mezbonlarning zarbalari darvoza to‘riga faqat tashqi tomondan tegdi. Edegor o‘z odatiga ko‘ra markaziy va qanot himoyachilari orasidan o‘tkazib uzatmalar amalga oshirdi va sheriklarini qulay vaziyatlarga chiqardi.
Umuman olganda, «Arsenal» tanaffusga qadar ko‘proq vaziyatlar yaratdi, ammo golga «Villa» yaqinroq edi. 39-daqiqada Gabriel oddiy vaziyatda to‘pni uzoqlashtirishga urinib uni Zinchenkoning orqasiga tekkizdi. Natijada to‘pga ega chiqqan Uotkinsda qulay vaziyat yuzaga keldi. Angliya chempionatining ikkinchi eng yaxshi to‘purarining zarbasi esa ustunga ichki tomondan tegdi, ammo darvozaga kirmay qoldi. Bu vaziyatda Rayyada to‘pga yetish imkoniyati yo‘q edi va u gazonda yotgan holda zarba trayektoriyasini kuzatib turdi.
Tanaffusdan keyin ham «Arsenal» ko‘proq hujum qildi, ammo «Villa» yana golga yaqinroq bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshida Zinchenkodan to‘pni olib qo‘ygan Tilemans yo‘llagan zarba avvaliga to‘singa, keyin ustunga tegdi. Umuman, «Villa» ikkinchi bo‘limda yaxshiroq ko‘rindi va o‘z darvozasi atrofidan paslar bilan hujumga o‘tishdan cho‘chimadi, yakunda o‘z maqsadiga erishdi ham.
Top-5 ligalarning eng yaxshi jamoasi (yo‘l qo‘yilgan xG vaziyatlar bo‘yicha) o‘yinning oxirgi qismida gollar o‘tkazib yubordi. Avvaliga Zinchenkoning qanotida yolg‘iz qolgan Leon Beyli osonlik bilan hisobni ochdi, keyin esa Uotkins qarshi hujumni «parashyut» zarba bilan yakunlab, APLning bu mavsumidagi gollari sonini 19 taga yetkazdi. Mezbon fanatlar asosiy vaqt tugashini kutmasdanoq tribunalarni tark etishga kirishdi.
«Arsenal» va «Liverpul»ning bir kundagi mag‘lubiyatlaridan keyin turnir jadvalining yuqori qismidagi vaziyat keskin o‘zgardi.
«Siti» uchinchi o‘rindan birinchi o‘ringa ko‘tarildi va barchasi jamoaning o‘z qo‘lida. Ta’qibchilar qolgan olti turda ikki ochkolik farqni yo‘qqa chiqarishi mumkin, ammo o‘tgan mavsumda buning imkoni bo‘lmagandi. O‘shanda ham «Arsenal» aprel oyi o‘rtalarida asosiy raqobatchisini oldinga o‘tkazib yuborgandi.
Italiya: Shomurodov «Inter» bilan o‘yinda durangga hissa qo‘shdi
«Napoli» – Frozinone 2:2
Gollar: 1:0 – 16 Politano, 1:1 – 50 Sheddira, 2:1 – 63 Osimhen, 2:2 – 73 Sheddira.
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Estigor, Mariu Ruy, Lobotka, Zelinski (Kayuste, 78), Zambo-Angissa (Simeone, 85), Politano (Raspadori, 77), Kvaratsxeliya, Osimhen.
«Frozinone» – Turati, Dzortea (Luzuardi, 90), Romanioli, Lirola, Okoli, Valeri, Matssitelli (Jyelli, 90), Breshianini (Reyner, 78), Barrenechea, Soule (Sek, 78), Sheddira.
Ogohlantirishlar: Rrahmani (29), Mariu Ruy (66), Okoli (90+7).
Chetlatish: Mariu Ruy (90+8).
Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Napoli» qatorasiga ikkinchi uchrashuvda g‘alaba qozonishi muammo bo‘lmaydigandek ko‘rinayotgandi. Ammo birinchi bo‘limdagi ko‘plab imkoniyatlardan faqat bitta gol urildi, tanaffusdan keyin esa ogohlik qo‘ng‘irog‘i chalina boshladi. Mezbonlar baxtiga, Soule birinchi bo‘limda penaltidan gol ura olmagandi, ammo ikkinchi bo‘limda — neapolitanliklar yana bir necha vaziyatni yo‘qqa chiqarishi ortidan — shu kuni «Frozinone» tarkibidagi eng yorqin futbolchi Sheddira hisobni tenglashtirdi.
Shundan keyin Kvaratsxeliya to‘liq kuch bilan o‘ynashga kirishdi va uning zarbalari seriyasi Osimhen darvoza qarshisida turgan holda osonlik bilan to‘pni darvozaga yo‘naltirishiga olib keldi. Ammo bu o‘yinda burilish nuqtasi emasdi va Sheddira qanotdan berilgan uzatmadan keyin yana bir gol urdi. A Seriyada qolish uchun kurashayotgan mehmonlar o‘zlariga ochko zarurroq ekanini ko‘rsatishdi. Ular bir kishi ko‘p bo‘lib qolganidan keyin g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi, ammo Meret gazonda yotgan holida to‘pni qaytarishni uddaladi. «Napoli» «Atalanta»ni quvib o‘tib, oltinchi o‘ringa ko‘tarilish imkoniyatidan foydalana olmadi. Dushanba kuni o‘ynaydigan bergamoliklarda ikkita zaxira o‘yini ham bor.
«Sassuolo» – «Milan» 3:3
Gollar: 1:0 – 4 Pinamonti, 2:0 – 10 Loryante, 2:1 – 20 Rafael Leau, 3:1 – 53 Loryante, 3:2 – 59 Yovich, 3:3 – 84 Okafor.
«Sassuolo» – Konsili, Tolyan (Ruan, 9), Ferrari, Erlich, Viti, Obiang, Boloka (Rachich, 77), Torstvedt (Mateus Enrike, 62), Volpato (Defrel, 46), Loryante (Seyde, 77), Pinamonti.
«Milan» – Sportello, Florensi, Kiyer (Gabbiya, 55), Tiav, Ernandes, Loftus-Chik (Reynders, 55), Adli (Okafor, 82), Musa (Jiru, 55), Rafael Leau, Chukvueze (Pulishich, 65), Yovich.
Ogohlantirishlar: Ferrari (19), Ruan (57), Tiav (68), Pinamonti (69).
Autsayder va yaqqol favorit o‘rtasidagi yana bir to‘qnashuv prognozlarga zid tarzda boshlandi, Pinamonte jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbaga shu kuni darvozani egallagan Sportello reaksiya qilishga ham ulgurmadi. Qora-yashillar hisobni ochganidan keyin ham «Milan»ning ko‘zini ochirmadi va ko‘p o‘tmay Loryante hisobdagi farqni oshirdi.
«Milan» yetti yildan buyon A Seriyada dastlabki 10 daqiqa ichida ikkita gol o‘tkazib yubormagandi. Lekin Stefano Pioli jamoasi iroda ko‘rsata oldi. Avvaliga Konsilining seyvi, keyin Chukvueze gol urgan vaziyatda ofsayd xalaqit berdi, ammo Rafael Leau himoyachilarni ortda qoldirib, hisobni qisqartirishga erishdi. Tanaffusdan keyin Loryantening ikkinchi goliga tezda Yovich javob qaytardi, Chukvuezening yana bir goli ofsayd tufayli bekor qilindi. Ammo yakunda Okafor jamoani mag‘lubiyatdan saqlab qoldi. Agar so‘nggi daqiqalarda Jiruning zarbasi aniqroq bo‘lganida natija boshqacharoq bo‘lardi, ammo xavfli hududda qolayotgan «Sassuolo» shu kuni ochkoga haqli o‘ynadi.
«Udineze» – «Roma» 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 23 Pereyra, 1:1 – 64 Lukaku.
«Udineze» – Okoyye, Exizibue (Joau Ferreyra, 70), Biyol, Peres, Kristensen, Kamara (Zemura, 70), Pereyra, Uolas, Payyero, Samardjich, Lukka.
«Roma» – Svilar, Lorente, Ndika, Heysen (Karsdorp, 53), Anxelinio, Zalevski, Paredes, Kristante, Auar (Dibala, 53), Baldansi, Lukaku.
Ogohlantirishlar: Kamara (31), Biyol (58), Payyero (66), Baldansi (69).
Udinedagi o‘yin «Roma» himoyachisi N'Dikaning salomatligidagi muammo tufayli to‘xtatildi. «Bo‘rilar» hujum qilayotganida ivuarlik futbolchi ko‘kragini ushlab, gazonga o‘tirib qoldi. Keyin, ayrim xabarlarga ko‘ra, u hushini yo‘qotgan va tribunalar ostida tibbiyot xodimlari defibrillyator qo‘llashiga to‘g‘ri kelgan. Yakunda rasmiylar hakamlar va jamoalar vakillari bilan maslahatlashib, o‘yinni to‘xtatish haqida qaror qabul qilishdi.
Rimliklar klubi xabariga ko‘ra, N'Dika tekshiruv o‘tkazish uchun shifoxonaga olib borilgan, u ayni vaqtda o‘ziga kelgan. Klubning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida u shifoxona palatasida jilmayib tushgan surat tarqatildi, unda yurak xuruji ro‘y bergani haqida yozgan Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda futbolchining hayotiga xavf yo‘q. O‘yin boshqa kuni davom ettiriladi.
«Inter» — «Kalyari» 2:2
Gollar: 1:0 – 12 Tyuram, 1:1 – 64 Shomurodov, 2:1 – 74, penalti Chalxono‘g‘li, 2:2 – 82 Viola.
«Inter»: Zommer, Darmian (Dumfris, 75), Acherbi, Bastoni (Byukenen, 86), Bissek, Dimarko (Karlos Augusto, 76), Mxitaryan (Frattezi, 64), Chalxono‘g‘li, Barella, Sanches (Arnautovich, 76), Tyuram.
«Kalyari»: Skuffet, Di Pardo (Dzappa, 78), Mina, Xatsidyakos (Veteska, 88), Obert, Audjyello, Yankto (Prati, 29), Makumbu, Sulemana, Luvumbu (Viola, 78), Eldor Shomurodov (Lapadula, 78).
Ogohlantirishlar: Prati (40), Mina (73).
Syurprizlar kuni Milanda ham davom etdi, holbuki «Inter» bu o‘yinda navbatdagi g‘alabasini rasmiylashtirishi kutilgandi. Lautaro Martines o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmagandi, ammo uning o‘rniga Tyuram gol urdi, fransiyalik futbolchi joriy mavsumdagi gollari sonini 11 taga yetkazdi, unda yana 7 ta assist ham bor. Ammo «Kalyari» taslim bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov Luvumbo tashlab bergan to‘pni bir teginishda darvozaga yo‘lladi.
Keyinroq Xoqon Chalxono‘g‘li jarima maydoni ichida qo‘l bilan o‘ynalishi uchun belgilangan penaltini aniq ijro etdi, uning goliga esa zaxiradan maydonga tushganiga to‘rt daqiqa bo‘lgan Viola javob qaytardi. Ushbu futbolchi qo‘shimcha daqiqalarda Lapadulaning uzatmasidan keyin jamoasini hisobda oldinga olib chiqishi ham mumkin edi, ammo to‘pni to‘g‘ri Zommerning qo‘liga yo‘lladi. Lekin bu durang neradzurrilarni ranjitgani dargumon. «Milan» hafta o‘rtasida Yevropa Ligasida o‘ynaydi, yevrokuboklardan chiqib ketgan Simone Indzagi jamoasida esa derbiga tayyorlanish uchun bir hafta vaqt bor, jamoa ashaddiy raqibga qarshi o‘yinda skudettoni qo‘lga kiritishi mumkin.
Germaniya: orzudagi bayram
«Bayyer» – «Verder» 5:0
Gollar: 1:0 – 25, penalti Bonifase, 2:0 – 60 Chaka, 3:0 – 68 Virts, 4:0 – 83 Virts, 5:0 – 90 Virts.
«Bayyer» – Gradetski, Ta, Tapsoba, Kossunu, Inkapie (Grimaldo, 77), Tella (Frimpong, 62), Chaka (Palasios, 77), Hofmann, Andrix, Adli (Virts, 46), Bonifase (Shik, 62).
«Verder» – Tsetterer, Vayzer, Velkovich, Malatini, Gross, Agu (Deman, 69), Bitenkur (Hansen-Oroen, 77), Linen, Shmid, Duksh, Voltemade (Kovnatski, 69).
Ogohlantirishlar: Adli (31), Bitenkur (47), Inkapie (47).
Oltin uchun o‘yinlar odatda u qadar tomoshabop bo‘lmaydi. Bunday o‘yinlarda mas’uliyat yuki og‘ir, asab tolalari tarang tortilgan bo‘ladi va birinchi bo‘lim ham taxminan shunday kechdi. «Bayyer» tashabbusga egalik qilgan va bosim uyushtirgan bo‘lsa-da, jamoa faqat VAR aralashuvi bilan belgilangan penaltidan gol urdi, bo‘lim oxirida esa «Verder» hisobni tenglashtirishiga bir baxya qoldi. Ammo ikkinchi bo‘limda Chaka uzoq masofadan chiroyli gol urdi va haqiqiy konsertni boshlab berdi. Shundan keyin «Bayyer» istaganicha gol urdi, muxlislar esa hissiyotlarini bazo‘r tiyib turishdi. Ular to‘rtinchi goldan keyinoq birinchi marta maydonga chopib ketishdi.
Virs yakunda het-trikni rasmiylashtirdi, bu vaqtda stadion ko‘p sonli mushaklar tutuni bilan qoplangandi. Muxlislar hakamning o‘yin yakunlangani to‘g‘risidagi hushtagi chalinishini kutib o‘tirmasdan ikkinchi bor maydonga yugurishdi. Arbitr esa ularning bayramini buzishni istamadi va o‘yin yakunlanganiga ishora berdi. Fanatlarni ushlab turish va ularni tribunalarga qaytarish imkonsiz edi. «Bayyer» tarixiy chempionlikni nishonlamoqda, ammo ular hali to‘xtamoqchi emas — oldinda Yevropa Ligasi va Germaniya Kubogi finali bor.
Kun statistikasi
- Stanishich Germaniyada turli klublarda qatorasiga ikki mavsumda chempion bo‘lgan 2-futbolchi bo‘ldi, «Bayyer» ushbu himoyachini «Bavariya»dan ijaraga olgan. O‘tgan safar bu holat Augustu Stareku bilan ro‘y bergan. U «Nyurnberg» (1968) va «Bavariya» (1969) safida chempion bo‘lgan.
- «Vest Hem» yil boshidan buyon 10 o‘yinda raqib birinchi bo‘lib gol urishiga imkon berdi. Bu APLda «Luton» birgalikdagi eng yomon ko‘rsatkich.
- «Bayyer» Germaniya chempionatida g‘olib bo‘lgan 13-jamoaga aylandi.
- «Fenerbahche» hisobda ortda borgan o‘yinlarida vaziyatni o‘zgartirish orqali 16 ochko jamg‘argan. Bu Yevropadagi eng yaxshi ko‘rsatkich, istanbulliklar jamoasining natijasi «Napoli»nikidan ikki ochkoga yaxshiroq.
- Mag‘lubiyatsiz 29 tur — bundesliganing yangi rekordi. «Bayyer» «Bavariya»ning Xosep Gvardiola boshqaruvi davridagi (2013/14) natijasini takrorladi.