Belgiya bosh vaziri Aleksander de Kroo 12 aprel, juma kuni Bryusselda jurnalistlar bilan uchrashuvda mamlakat federal prokuraturasi Rossiyaning iyun oyi boshida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Yevropa saylovlariga aralashuvi yuzasidan surishtiruv boshlaganini ma’lum qildi. Belgiya razvedka xizmatlari Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga putur yetkazish maqsadida «bir qancha Yevropa mamlakatlarida» faoliyat yuritayotgan Rossiya razvedka tarmog‘i mavjudligini tasdiqladi, dedi de Kroo.
«Moskvaning maqsadi juda aniq. Bu - Yevroparlamentga imkon qadar ko‘proq rossiyaparast nomzodlarni saylashga yordam berish va bu institutda ma’lum bir rossiyaparast pozitsiyani kuchaytirish», dedi Belgiya bosh vaziri.
Gumonlanuvchilarning aniq soni hozircha aytilmagan
Dastlabki tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, Yevroparlament a’zolariga Ukrainaning Rossiyaga qarshilik ko‘rsatishda Yevropa tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini zaiflashtirishga qaratilgan rus targ‘ibotini tarqatgani uchun pul taklif qilingan. Bu Moskvaning Yevropa Ittifoqi saylovoldi kampaniyasiga aralashuvi yakuniy maqsadi edi, dedi de Kroo. U hozirda qancha deputat gumon ostida ekanligiga aniqlik kiritmadi.
Belgiya bosh vaziri, shuningdek, mamlakat razvedka xizmatlari Moskvaning qo‘poruvchilik operatsiyasi fosh etilgan Chexiya hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini aytdi. AFP agentligi Belgiya prokuraturasidagi manbaga tayanib aniqlik kiritishicha, surishtiruv bir kun avval rasman boshlangan.
Surishtiruvning asosi
Mart oyi oxirida Yevroparlament bir necha a’zosi Rossiyaning yevropalik siyosatchilarga pora bergani iddaosi bo‘yicha tergov o‘tkazishni talab qildi. Shu tariqa, «Yevropani yangilash» fraksiyasi rahbari, fransuz Valeri Ayye YeP rahbari Roberta Metsolaga yo‘llagan maktubida ushbu masala bo‘yicha «zudlik bilan va shaffof» ichki tergov o‘tkazilishini talab qildi.
«Agar bo‘lajak saylovlarda amaldagi deputatlar yoki nomzodlar Rossiya hukumati yoki uning ishonchli vakillaridan pul olgan bo‘lsa, ular fosh etilishi va ularga qarshi chora ko‘rilishi kerak», — deya Ayyening so‘zlarini keltiradi AFP. «Yangilanayotgan Yevropa» fraksiyasi ham ushbu masala yuzasidan parlamentda zudlik bilan muhokama o‘tkazishga chaqirdi.
«Yashillar» guruhi hamraisi germaniyalik Terri Rayntke sodir bo‘layotgan voqealarni «demokratiyaning mohiyatiga hujum» deb atadi. «Rossiya rahbariyati shu tariqa Ukrainadagi urushi uchun javobgarlikdan qochishga harakat qilmoqda», dedi u.
Rossiya tashviqoti va siyosatchilarning sotib olinishi
Ikki kun avval Chexiya rasmiylari Yevropada Rossiya propagandasini tarqatish va yevropalik siyosatchilarga pora berish bilan shug‘ullangan «Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan ta’sir tarmog‘i»ni fosh etganini ma’lum qilgan edi. O‘sha kuni Germaniyaning Der Spiegel nashri va Chexiyaning Denik N gazetasi tomonidan tafsilotlar e’lon qilindi. Ularga ko‘ra, sxemaning bir qismi Voice of Europe yangiliklar sayti bo‘lib, tarmoq markazida «Muxolifat platformasi - hayot uchun» sobiq rossiyaparast Ukraina partiyasi rahbari va Rossiya prezidentiga yaqin shaxs Viktor Medvedchuk hamda uning yordamchisi Artem Marchevskiy turgan.
Voice of Europe sayti muntazam ravishda yevropalik siyosatchilarning Ukrainaga yordamni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarini chop etib turgan. Denik N gazetasiga ko‘ra, saytda e’lon qilgan yoki intervyu berganlarning ba’zilariga buning uchun pul to‘langan, bu ba’zi hollarda iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamentiga saylovlar uchun tashviqot xarajatlariga mos keladi. Oluvchilar qatoriga olti davlat – Germaniya, Belgiya, Fransiya, Vengriya, Niderlandiya va Polsha siyosatchilari kirgan.
Politico nashrining xabar berishicha, Voice of Europe orqali chiqish qilgan Yevropa Ittifoqining 16 nafar deputati aniqlangan, ularning barchasi - o‘ta o‘ng qanot siyosatchilari. Chexiyalik jurnalistlar pul oluvchilarning aniq ismlarini aytmadi, lekin ta’kidlashicha, sayt, xususan, «Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ng qanot populistik nemis partiyasi siyosatchisi - Yevropa parlamenti a’zosi Maksimilian Kra, shuningdek Bundestag deputati Petr Bistron bilan intervyularni chop etgan.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yangi Yevropa parlamenti uchun saylovlar 6-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.