Voha viloyatlarida kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli sel hodisalari kuzatilmoqda

O‘zbekiston 15:07 / 13.04.2024 11048

Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarining bir qancha hududlarida kecha tunda va bugun ertalab yog‘ib o‘tayotgan kuchli yomg‘irlar tufayli sel hodisalari kuzatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari sel hodisalari tasvirlangan videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda.

Jumladan, 2024 yil 12 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida kuchli sel oqib o‘tgan.

Bugun, 13 aprel kuni tongda boshlangan kuchli yomg‘ir tufayli Samarqand viloyatining Nurobod va Urgut tumanidagi soylardan sel oqmoqda. Samarqand shahrining bir nechta ko‘chasini suv bosgan.

Jumladan, Nurobod tumani Sariko‘l, Anjirli va Jom qishloqlaridan o‘tgan soyda sel kelgan. Shuningdek, sel A-378 Samarqand-G‘uzor yo‘lining bir qismini suv bosishiga sabab bo‘lgan.

Samarqand shahrida xalq tilida “Makaronka” deb ataluvchi ko‘chani yana suv bosgan va yo‘l avtomobillar harakati uchun to‘silib qolgan.

Jizzax viloyatining Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov tumanlarida sel hodisasi kuzatilgan. Sharof Rashidov tumani Beshovul qishlog‘ida oqqan sel Jiguli mashinasini qum-shag‘alga to‘ldirgan.

Sel hodisalari aholiga zarar yetkazgani haqida xabar berilmadi. Suv asosan soylarda oqmoqda.

Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zgidromet 13-14 aprel kunlari O‘zbekistonning markaziy viloyatlarida kuchli yog‘ingarchiliklar sodir bo‘lishi haqida prognoz qilgandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa sel hodisasi kuzatilgan paytda aholi qanday choralar ko‘rishi bo‘yicha tavsiyalar bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: