Hakerlar Uganda Markaziy bankidan 16,8 million dollar o‘g‘irladi, deb xabar beradi Reuters.
Qayd etilishicha, hakerlar Uganda bankining IT-tizimlariga kirishga muvaffaq bo‘lgan va joriy oy boshida noqonuniy ravishda mablag‘larni o‘tkazib olgan.
Janubi-sharqiy Osiyodan bo‘lgan hakerlar guruhi qo‘lga kiritilgan mablag‘larning bir qismini Yaponiyaga o‘tkazgan. Gazetaning ta’kidlashicha, mamlakat Markaziy banki o‘g‘irlangan mablag‘larning yarmini qaytarishga erishgan. Uganda prezidenti Yoveri Museveni yaxshilab tergov o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning aprelida Infinbank, Asakabank va Anorbankdan hakerlik hujumlari natijasida jami 7 million dollarga yaqin pul o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Noyabr oyida esa bir qancha O‘zbekiston fuqarolarining bank kartalaridan katta miqdorda pul yechib olingani ma’lum bo‘lgan edi. Noma’lum shaxslar SMS-kodlar himoyasini chetlab o‘tgan. Mazkur hakerlik hujumi natijasida kamida 16 kishi jabr ko‘rgan, ularga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 1 mlrd so‘mni tashkil etgandi.