Turkiyaning Antaliya viloyati Koniyaalti tumanida dor yo‘li kabinalaridan biri yerga quladi. Natijada bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi TRT Haber.
Dor yo‘li tayanchlaridan biri uzilib ketishi oqibatida kabinalardan biri yerga qulagan. Kabina ichida 8 kishi bo‘lgan. Bir kishi halok bo‘lgan. Voqea natijasida jami 10 kishi turli darajadagi tan jarohati olgan. Jarohatlanganlar orasida Qirg‘iziston fuqarosi — Akmaral Abdildayeva ham bo‘lgan.
Voqea sabab dor yo‘li harakat to‘xtab qolgan, ko‘plab odamlar kabinalarda qolib ketgan.
Jarohatlanganlar va kabinalarda qolib ketganlar vertolyot yordamida evakuatsiya qilinmoqda. Hozirgacha 19 kabinadan jami 137 kishi yerga olib tushilgan. Beshta kabinadagi 29 kishini qutqarish ishlari esa davom etmoqda.
Voqea joyida o‘t o‘chirish, politsiya, sog‘liqni saqlash va qutqaruv guruhi xodimlari faoliyat olib bormoqda.
Mamlakat adliya vaziri Yilmaz Tunch holat yuzasidan tergov harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.