Janubiy Koreyadagi parlament saylovlarida muxolifat g‘alaba qozondi

Jahon 18:20 / 13.04.2024 3892

Janubiy Koreyadagi parlament saylovlarida muxolif partiya — Koreya demokratik partiyasi (KDP) g‘alaba qozondi, deb xabar berdi Korea Times.

KDP amaldagi hukmron Xalq kuchi partiyasi (XKP)ni ortda qoldirishga erishdi. Barcha ovozlar sanab chiqilgan. Natijaga ko‘ra KDP Milliya assambleyadagi (Koreya parlamenti) 300 ta o‘rindan 175 tasiga ega chiqdi. Umumiy hisobda muxolifatchi partiyalar 180 dan ortiq o‘rinni qo‘lga kiritgan. XKP esa 108 ta o‘rinni o‘ziniki qildi, xolos. 

Ta’kidlash joiz, KDP liberal qarashlar tarafdori hisoblanadi. XKP esa konservativ qarashlar tarafdori.

Saylovlarda 29,7 mln koreyalik ishtirok etdi. Saylovdagi umumiy ishtirok esa 67 foizni tashkil qildi. Bu mamlakat tarixida parlament saylovilaridagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Biroq 2022 yilgi prezidentlik saylovidagi ko‘rsatkichni zabt eta olmadi (77,1 foiz).

Channel News Asia’ning yozishicha, bu g‘alabada muxolifatning saylovoldi tashviqotlarida amaldagi konservativ prezident Yun Sok Yolni yaponparast siyosatchi sifatida ko‘rsata olgani katta rol o‘ynagan. Bunga esa o‘z o‘rnida hukumatning konslager qurbonlariga davlat budjeti hisobidan kompensatsiya to‘lash bo‘yicha qarori, shuningdek, Fukusima yapon AESdan tozalangan radioaktiv suvlarning oqizilishiga bo‘lgan sust munosabat va reaksiya yordam bergan.

Reuters esa saylovoldi poygalari ko‘pchilik ekspertlar tomonidan amaldagi prezidentga ishonch yuzasidan referendum sifatida qabul qilinganini yozgan (http://www.reuters.com/). Boisi prezident Yun Sok Yolning obro‘si qimmatlashib borayotgan turmush tarzi va siyosiy mojarolar sabab ancha tushgan.

Shunday mojarolardan biri prezidentning turmush o‘rtog‘i Kim Kon Xiga 2200 dollarlik Dior sumkasi sovg‘a qilinganidan so‘ng yuzaga kelgandi. Ta’kidlash joiz, Janubiy Koreyada amaldorlar va ularning turmush o‘rtoqlari bir moliyaviy yil davomida jami 2245 dollardan oshmagan sovg‘a olishi mumkinligi belgilangan. Shunda ham bir sovg‘aning narxi 750 dollardan oshmasligi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: