2021 yilda ijtimoiy tarmoqlarda katta piar kampaniyasini o‘tkazib, o‘zini xalqaro ayti kompaniyasi deb e’lon qilgan va odamlardan investitsiya yig‘gan Smartbolla kompaniyasi haqida shubha-gumonlar ortmoqda. Kompaniyaga 4200 dollar pul tikkan investor Dilshodbek Ibragimov va’da qilingan dividendlar to‘lanmayotgani, hamon pullarini qaytarib ololmayotgani haqida Kun.uz'ga gapirib berdi.
Kun.uz 3 yil oldin ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarib, o‘zini jahon ayti bozoriga shiddat bilan kirib kelayotgan kompaniya sifatida tanishtirgan va keyin yo‘qolib qolgan Smartbolla kompaniyasi haqida fevral oyida maqola e’lon qilgandi.
Unda Smartbolla 10ta noyob algoritmga ega dastur ishlab chiqishini e’lon qilib, katta reklama kampaniyasi orqali investorlarni faol jalb qilgani va kompaniya foydaga kirgach pul tikkanlar foydadan dividend olishini va’da qilgani, ammo loyihalar hamon ishga tushmagani haqida so‘z borgandi. O‘z navbatida loyihaga pul tikkanlar pullarini qaytarib ololmayotgani aytilgandi.
Loyihaga odamlar turli miqdorlarda investitsiya qilgan, kimdir 100 dollar, kimdir 200 va hatto 7000 dollar tikkanlar ham bor. Ushbu maqoladan keyin Kun.uz’ga yana bir investor murojaat qilib, Smartbollaga 4000 dollar pul tikkani, lekin pullarini qaytarib ololmayotgani haqida gapirib berdi.
“2019 yildan 2023 yilga oxirigacha Rossiyada ishladim. 2021 yil instagramda Alisher Uzoqov Smartbolla'ning reklamasini qildi. Kompaniya asoschisi Murod Hasanov ekan. Ular kraudfanding sistemasi orqali ishlashini va bu yangi investitsion loyiha ekanini, shunga investitsiya yig‘ilayotganini aytdi. Kompaniyaning olgan daromadidan investorlarga ulush beriladi deb aytishdi. Biz shunda 2021 yil iyun-iyul oylaridan pul tashlashni boshladik. Mening o‘zim 4200 dollar investitsiya qilganman, ukam 300 dollar, yana bitta o‘g‘aynim ham pul tikkan. Ular 2022 yildan 1 yanvardan dividend tushishni boshlaydi degandi, 2022 yilda ham tushmadi. Ana tushadi, mana tushadi deb 2023 yil bo‘ldi, ammo 2023 yil ham tushgani yo‘q. Qanaqadir bu yerda o‘yin qilishyaptimi, uxlatishdimi tushunmayapman”, - deydi u.
Dilshodbek Ibragimov pul tikishdan oldin shartnomani o‘qib ko‘rmaganini aytadi.
“To‘g‘risi aytsam, shartnomani to‘liq o‘qimadik, birinchi o‘zlarining aytgani bo‘yicha pul o‘tkazdik. Keyin ozgina joyini o‘qidim. Ular “tushgan daromaddan 60 foiz olasizlar, 40 foizi kompaniyaning o‘zida qoladi”, dedi, biz rozi bo‘ldik.
“O‘zbekistonning qanaqadir televideniyesi ulardan intervyu olish uchun bordi, biz shunga ishongandik. Alisher Uzoqov ham bor edi. Vaynerlar ham borib reklama qildi, ularni ham tanirdik, shuncha odam bo‘lganidan keyin, rost, bu ishlasa kerak, daromad olsa, bizgayam manfaatli bo‘ladi deb topganimizni shunga tashlab keldik. Hozirgacha qachon dividend tushadi desak, aniq narsa aytilmaydi. Oradan 3 yil o‘tdi, hech qanday yangilik ham, foydadan ulush ham yo‘q. Oxiri men chidolmadimda yaqinda Kun.uz’da e’lon qilingan surishtiruvni ko‘rganimdan keyin bizni uxlatvorishdi deb o‘yladim va ularga yozdim. Karta raqamingni tashla o‘tkazib beraman dedi, lekin unga ham bir oy bo‘ldi. Tashlab berishgani yo‘q. Oz qoldi, bo‘ladi degan gapdan boshqa narsa yo‘q. Yozgan smslarga 1 haftadan beri yozmay ham qo‘ydi”, - deydi u.
Kun.uz jurnalisti Smartbolla kompaniyasi asoschisi Murod Hasanov bilan fevral oyida e’lon qilingan maqola uchun izoh olish maqsadida bog‘langanida Hasanov kim pullarini so‘rayotgan bo‘lsa, barchasiga pullar qaytarib berilganini iddao qilgandi. Buning isboti sifatida pullarini qaytarib olgan bir nechta shaxslarning videolarini ham tashlab bergandi. Xuddi shu videolarni Hasanov avvalroq Factchecknet.uz'da Smartbolla borasida surishtiruv e’lon qilgan jurnalist Dilbar Elamanovaga ham yuborgan. Dilbarga murojaat qilgan investorlar va Kun.uz’ga intervyu bergan Dilshodbek Ibragimovning gaplariga tayanilsa, Smartbolla investorlarning pullarini haqiqatan qaytarib berayotgani savol ostida qoladi.
Ayni paytda Smartbolla kompaniyasining barcha ijtimoiy tarmoqlaridagi videolar, postlar o‘chirib yuborilgan (YouTube, Facebook). Kompaniyaning Instagram sahifasiga 12 fevral kuni Murod Hasanovning fotosurati “Tez kunda” degan izoh bilan joylashtirilgan va sharh yozish imkoniyati cheklab qo‘yilgan. Aytish kerakki, Kun.uz Murod Hasanov bilan kompaniyaga nisbatan shubhalar va investorlarning da’volariga munosabatini so‘rab 12 fevral kuni telegram orqali gaplashgan edi. Unda Hasanov qarz ustiga qarz olib, loyiha bitirib kelinayotgani, kim kontrakt asosida sarmoyani so‘rasa, o‘z vaqtida qaytarib berilayotganini aytgandi. U kiritilgan investitsiya juda kam, 200 ming dollar ham chiqmasligini ta’kidlagandi.
Dilshodbek Ibragimov ichki ishlar bo‘limiga Smartbolla kompaniyasi ustidan ariza yozib berganini aytmoqda. Kun.uz ichki ishlar vazirligi va bosh prokuraturaga Smartbolla ishi yuzasidan so‘rov yubordi. Hozircha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu masalani o‘rganyaptimi, yo‘qmi, noma’lum qolmoqda.