AQSh o‘z diplomatlarining Isroilda harakatlanishini chekladi

Jahon 14:29 / 13.04.2024 3331

AQShning Isroildagi elchixonasi Eron tahdidlari fonida o‘z xodimlarining harakatlanishini cheklab qo‘ydi va xavfsizlik nuqtayi nazaridan Quddus, Tel-Aviv va Bershebadan tashqariga chiqishni taqiqladi, deb xabar berdi VVS Britaniya mediakompaniyasi 12 aprel, juma kuni.

AQSh Davlat departamenti vakili Metyu Miller jurnalistlar bilan suhbatda bunday ehtiyot choralari sabablarini oshkor qilmadi va faqatgina Qo‘shma Shtatlar «Yaqin Sharqdagi vaziyatni va ayniqsa Isroilga tahdidlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini» aytdi. 

Bir kun avval AQSh prezidenti Jo Bayden Eron Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligida yaqinda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondonlarining o‘ldirilganiga javoban Isroildagi nishonlarga zarba berishni rejalashtirayotganini aytgan edi. Oq uy rahbarining qo‘shimcha qilishicha, ushbu tahdidlar nuqtayi nazaridan Amerikaning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi qat’iy bo‘lib qoladi. 

Eron hujumi 24-48 soat ichida kutilmoqda 

Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasiga ko‘ra, Isroil yaqin 24-48 soat ichida Erondan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum kutmoqda. Taxminlarga ko‘ra, mamlakat janubi yoki shimoliga hujum qilinadi. Shu bilan birga, Axios axborot resursi manbalarining qayd etishicha, mintaqadagi vaziyat keskinlashuvi oldini olish maqsadida Eron hujumi cheklangan bo‘ladi. 

1 aprel kuni Isroil samolyotlari Damashqdagi Eron konsulligiga hujum qildi. IIMKning yetti nafar a’zosi, jumladan «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Muhammad Rizo Zohidiy va general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eron oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi. 

7 aprel kuni Xomanaiy harbiy maslahatchisi Isroil elchixonalarining hech biri «endi xavfsiz emas» deb tahdid qildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil har qanday javobga tayyorligini aytdi. «Kim bizga zarar yetkazsa yoki bizga zarar yetkazishni rejalashtirsa, biz ularga zarar beramiz», deb ogohlantirdi u.

Ko‘proq yangiliklar: