Yevroparlament Ukraina tufayli budjet bo‘yicha qarorni qabul qilmadi

Jahon 15:32 / 12.04.2024 3207

Yevropa parlamenti Yevropa davlatlari Ukrainaga Rossiya raketa hujumlaridan himoyalanish uchun qo‘shimcha Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib bermagani uchun Yevropa Ittifoqi kengashining moliyalashtirish bo‘yicha qarorini keyinga qoldirdi. Bu haqda Yevroparlamentdagi Litva delegatsiyasi rahbari Andryus Kubilyus 11 aprel, payshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi. 

Ayni paytda, «Yevropa haqiqati»ning yozishicha, Yevropa Ittifoqi kengashining budjetni tasdiqlash haqidagi qarorini keyinga qoldirish tashabbusi belgiyalik deputat Gi Verxofstadtdan chiqqan. O‘z nutqida u Rossiyaning Ukraina muhim infratuzilmasiga yangi qator hujumlari va Kiyevni qo‘shimcha Patriot tizimlari bilan ta’minlash zarurligiga ishora qildi. Shu bilan birga, u Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ma’lumotlariga tayanib, Yevropa Ittifoqida 100 ta shunday tizim mavjudligini va Ukraina ulardan yettitasini berishni so‘raganini ta’kidladi. 

Verxofstadt taklifini Yevroparlamentning 515 a’zosi qo‘llab-quvvatladi, 62 nafari qarshi ovoz berdi. «Yevropa kengashi Ukrainani qo‘shimcha Patriot raketaga qarshi mudofaa tizimlari bilan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror qabul qilmaguncha parlament kengash budjetini bajarishdan bosh tortadi!» - deb yozdi Verxofstadt X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Qaror ramziy ma’noga ega

Biroq DW’ning Yevroparlamentdagi manbasiga ko‘ra, budjetni tasdiqlashni keyinga qoldirish haqidagi qaror faqat ramziy ahamiyatga ega. DW suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, gap liberal fraksiya rahbariyati tomonidan bildirilgan Ukraina bilan birdamlik ko‘rsatilishi haqida ketmoqda, «ammo bu Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining ukrainaliklarni zarur havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qaroriga qandaydir tarzda ta’sir qilishi dargumon».

Shu bilan birga, bunday qadam yevropaliklarga Ukraina zudlik bilan havo mudofaasiga muhtojligini va hozirgi vaziyatda barcha mavjud vositalarni ishga solish zarurligini eslatishning yana bir usulidir, deb hisoblaydi u. 

RFning Ukrainaga yangi keng ko‘lamli hujumlari 

11 aprelga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasiga keng ko‘lamli qo‘shma aviazarba berdi. «Dushman yana bizning energetika infratuzilmamizga hujum qilmoqda. Xarkiv, Zaporijjya, Lviv va Kiyev viloyatlaridagi ishlab chiqarish inshootlari va elektr uzatish tizimlariga hujum qilindi», deb yozdi Ukraina energetika vaziri German Galushchenko. Bundan tashqari, Odessa viloyatidagi energetika inshooti shikastlangan va Kiyev viloyatidagi Tripolskaya issiqlik elektr stansiyasi butunlay vayron qilingan. Xarkiv va mintaqada kamida o‘nta portlash sodir bo‘ldi. Hujum paytida «Naftogaz»ning ikkita yerosti gaz ombori hujumga uchradi. 

Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina hududiga so‘nggi hujumda Tu-95 bombardimonchi samolyotlari va MiG-31 qiruvchi samolyotlari ishtirok etgan, ular qanotli va aeroballistik «Kinjal» raketalarini otgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya zarbalar paytida 40 dan ortiq raketa va 40 ta uchuvchisiz uchoqdan foydalangan. 

Kuni kecha Rossiya ballistik raketalari Odessa viloyatiga zarba berdi, oqibatda to‘rt kishi, jumladan, 10 yoshli qiz halok bo‘ldi, yana 14 kishi, xususan, to‘rt yoshli bola jarohatlangan edi. 10 aprelga o‘tar kechasi Rossiya aviatsiyasining avvalgi hujumidan so‘ng Odessa va Mikolayiv viloyatlarida energetika obektlari shikastlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: